4. Biologik progress. Organik olamdagi progress muammosi birinchi marta Seversov tomonidan mukammal o‘rganilgan. U evolyutsion nazariya uchun qiyin bo‘lgan: “nima uchun hozirgi vaqtda tuzilishi juda murakkab bo‘lgan hayvonlar va o‘simliklar bilan bir qatorda, juda qadim zamonda paydo bo‘lgan tuzilishi oddiy organizmlar (bakteriyalar, sodda organizmlar) mavjud?”, nima sababdan ayrim organizmlar tarixiy rivojlanishda takomillashib ketgan-u, boshqalari esa sodda tuzilishini saqlab qolgan? degan muammolarni hal etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Seversov bu masalalarini hal qilishda avvalo evolyutsion progressda ro‘y beradigan biologik progress va morfofiziologik progress tushunchalarning farqlanishi ta’kidladi.
Biologik progress deganda Seversov turning avj olib rivojlanishini, keng tarqalishini, ravnaq topishini tushungan, ya’ni: 1) bitta turga mansub individlar soni ortadi; 2) natijada tur keng tarqalib, yangi areallarni ishg‘ol etadi; 3) yangi sistematik guruhlar vujudga keladi va intensiv divergensiya ro‘y beradi. Hozirgi davrda yashab turgan gulli o‘simliklar, suyakli baliqlar, qushlar va sut emizuvchilar biologik progressga misol bo‘ladi.
Biologik regressda evolyutsiya jarayonida u yoki bu sistematik guruhga mansub organizmlar soni kamayadi, areali qisqaradi va ular asta-sekin qirilib ketadi. Masalan, paporotniklar, ayrim amfibiyalar, repteliyalar va boshqalar.
5. Morfo-fiziologik progress. Biologik progressdan shu bilan farq qiladiki, bunda organizmlarning tuzilishi va funksiyasi progressiv tomonga o‘zgarib boradi. Natijada tuzilishi tuban formalardan (morfo-fiziologik progress natijasida) tuzilishi murakkab formalar vujudga keladi (biologik progress).
Seversov fikricha, morfo-fiziologik progress albatta biologik progressga olib keladi. Biologik progress 4 ta yo‘nalishda amalga oshadi:
1-Aromorfoz
2-Idioadaptatsiyasi
3-Senogenez
4-Umumiy degeneratsiya.
Morfo-fiziologik progress, ya’ni aromorfoz
Aromorfoz grekcha ayero-ko‘tarish, morfo-shaklni o‘zgartirish degan ma’noni bildiradi. Seversov aromorfoz deganda, organizmlar tuzilishining ajdodlariga nisbatan bir muncha yuqoriroq pog‘onaga ko‘tarilishiga sabab bo‘ladigan universal xarakterdagi o‘zgarishlarni tushunadi. Aromorfozda ayrim organ emas, butun organizm takomillashadi. Natijada organizmlarda o‘zgarishlar sodir bo‘lib, ular muhit sharoitlariga mos keladi. Bu esa organizm bilan muhit o‘rtasidagi munosabatlarning kengayishiga olib keladi. Seversov fikricha, tuban chutka qanotli baliqlardan havo bilan nafas oluvchi va quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar kelib chiqqan. Suvdan quruqlikka chiqishga imkon beradigan aromorfoz o‘zgarishlar: juft o‘pkaning rivojlanishi, yurak bo‘lmasida to‘siq paydo bo‘lishi va 4 kamerali yurakning hosil bo‘lishi, o‘pkani havo bilan nafas olishga moslashishidir. Dastlabki amfibiyalar-stegotsefallarda oyoqlarning paydo bo‘lishi, nerv sistemasining takomillashishi ham aromorfozdir. Umurtqali hayvonlarning yurak sistemasining taraqqiyoti ham aromorfozdir. Baliqlarda 2 kamerali, amfibiyalarda 3 sudralib yuruvchilarda to‘liq bo‘lmagan 4, qushlar va sut emizuvchilarda 4 kamerali yurak bo‘ladi. Yurak takomillashgan sari organizm ham ko‘proq energiya bilan ta’minlanadi.
Sut emizuvchilarda miyaning takomillashishi shartsiz refleks paydo bo‘lishiga olib kelgan. Nafas olish organi satxining ortishi ko‘proq kislorod qonga birikishiga, ko‘proq energiya hosil bo‘lishiga va organizmni ko‘proq rivojlantirishga olib kelgan.
Taxtadjyan fikricha, o‘simliklarda o‘tkazuvchi naylar sistemasi, barg og‘izchalari ularni quruqlikda yashashiga imkon bergan.
Aromorfoz o‘zgarishlar tufayli organizmlar muhit sharoitiga turg‘un moslashgan bo‘ladi. Shuning uchun ham aromorfoz uzoq vaqt saqlanadi. Aromorfoz o‘zgarishlar organizmlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |