Progress hodisasining klassifikatsiyasi
Hozirgi vaqtda evolyutsion progressning quyidagi turlari farqlanadi: 1-Cheklanmagan progress; 2-Cheklangan (guruhli) progresas; 3-Morfofiziologik progress; 4-Biotexnik progress; 5-Biologik progress.
1. Cheklanmagan progress. Prokariotlardan tortib bir qancha evolyutsion jarayonlar tufayli sut emizuvchilar (va odamzotning) kelib chiqishi cheklanmagan progressga misol bo‘ladi. Albatta, bu tarixiy protsess bo‘lib, bir qancha organik formalarni paydo bo‘lishi va almashinuvi orqali amalga oshgan. Bu jarayonlar organik formalarning ba’zilari taraqqiy etgan, ba’zilari esa taraqqiyotdan to‘xtab qolgan. Ma’lumki, eralardan eralarga, davrlardan davrlarga o‘tgan sari organik olamning xilma-xilligi orta borgan. Bu esa organizmlar yashayotgan biotik muhitning murakkablashuviga olib kelgan. Bunday sharoitda organizmlar asta-sekin ko‘payib, hukmron holatga o‘tgan. Bunday holatni silur davrida jag‘sizlar, devon davrida baliqlar, karbon davrida suvda hamda quruqlikda yashovchilar, perm davrida sudralib yuruvchilar, mezozoy va kaynazoy erasida sut emizuvchilar sinfi vakillarida ko‘rish mumkin. Yangi paydo bo‘lgan organizmlar guruhi yer sharida hukmronlik qilishi uchun ular oldingi organizmlarga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega bo‘lishi kerak edi. U yoki bu hayvon va o‘simlik guruhlari cheklanmagan progressga uchrashiga to‘sqinlik qiladigan asosiy to‘siq ularning tor doirada ixtisoslashganligidir. Tarixiy taraqqiyot davrida organizmlarda tor doirada ixtisoslasha olmasligi uchun yashash muhiti tez-tez o‘zgarib turishi kerak edi. Bunday tez-tez o‘zgarib turadigan sharoitda yashagan organizmlarda tor doirada ixtisoslashish amalga oshmagan va ular har gal o‘zgargan sharoitda tuzilishining murakkablashuvi bilan javob qaytargan. Natijada ular evolyutsiyasida cheklanmagan progress muntazam ravishda amalga osha borgan.
Cheklanmagan progress organizmlar tuzilishining takomillashuvi bilan bir qatorda populyatsiya tarkibining o‘zgarishiga ham sabab bo‘lgan. Masalan, bir hujayrali organizmlar populyatsiyasida individlar orasidagi munosabat juda sust, har bir organizm mustaqil ravishda muhitning o‘zgarishiga javob beradi. Poda yoki gala bo‘lib yashovchi, tuzilishi murakkab bo‘lgan hayvonlar populyatsiyasida esa har xildir. Ularning ba’zilari muhitga bevosita emas, balki bilvosita bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, yosh organizmlar oziq topishda, dushmandan himoyalanishda bevosita ishtirok etmasligi shular jumlasidandir. Porulyatsiyada ro‘y bergan bunday o‘zgarish individni muhitning tobeligidan, tasodifiy noqulay sharoitdan himoya qilishga qaratilgan.
Cheklanmagan progressda organik olam guruhlarida individlar miqdori hamma vaqt ham ortavermaydi. Ko‘p hollarda tuban organizmlarga nisbatan ko‘p sonda bo‘ladi. Yuqori tuzilishga ega bo‘lish hisobiga emas, balki individlari yashovchanligining ortishi hisobiga gullab yashnagan. Biroq bunday yo‘l katta guruhlar taqqoslanganda ko‘zga tashlanadi. Ayrim turlarning yashash uchun kurashdagi muvoffaqiyati ko‘p hollarda populyatsiyada individlar, tur doirasida populyatsiyalar miqdorining ortishi, arealning kengayishi bilan bog‘liq.
Evolyutsiyaning cheklanmagan shakli bir tekis bo‘lmay, balki ko‘p hollarda o‘zgarish bilan davom etadi. Uning ijobiy davom etishi, bir tomondan, organizmlarning har xil organlar sistemasining o‘zgarishi, ikkinchi tomondan, doimiy murakkablashmayotgan va xilma-xil muhitda guruhlarning yashab qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida guruhlar hayot tarzining chuqur o‘zgarishiga, evolyutsiya imkoniyatlarining kengayishiga sabab bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |