Biroq ko‘rib chiqilgan sxema qator kamchiliklarga ega: Seksiyalardan biri shikastlanganda va keyingi ta’mirda bo‘lganida, ikkala seksiyadan normal ta’minlanayotgan muhim iste’molchilar zahirasiz qoladi, tarmoq bo‘yicha zahiralanmagan iste’molchilar esa butun ta’mir davomida uziladi. Xuddi shu rejimda esa ta’mirdagi seksiyaga ulangan ta’minlovchi manba ta’mir davomida uziladi;
Oxirgi kamchilikni ta’minlash manbaini bir vaqtda ikkala seksiyaga ulash yo‘li bilan yo‘qotish mumkin, biroq bu taqsimlash qurilmasining konstruktsiyasini murakkablashtiradi hamda seksiyalar sonini orttiradi (har bir manbaga ikkitadan seksiya to‘g‘ri keladi).
Bir tizimli yig‘ma shinalar sxemasi 6–10 kV li kuchlanishda ishlaydigan podstansiyalar va stansiyalarda o‘z ehtiyojini ta’minlashda keng qo‘llanilib unda uning afzalliklaridan, ayniqsa komplekt taqsimlash qurilmasini qo‘llash hisobiga to‘liq foydalanish mumkin.
Yaqin joylashgan iste’molchilarga energiyasining ko‘p qismini beruvchi generator kuchlanishidagi elektr stansiyalarda, halqa ko‘rinishida ulangan bir tizimli shinalar sxemasini qo‘llash mumkin (5.2–rasm). Bu sxemadagi ajratkichlar soddalashtirib ko‘rsatilgan. Yig‘ma shinalar generatorlar soniga qarab seksiyalarga ajratilgan. Seksiyalar o‘zaro seksion o‘chirgichlar VS bilan shinalardagi qisqa tutashuv tokini chegaralaydigan seksion reaktorlar RS yordamida tutashtiriladi. 6–10 kV li liniyalar bosh taqsimlash qurilmasining tegishi seksiyasidan guruhli qo‘shaloq reaktorlar SR1, SR2, SRZ orqali ta’minlanadigan S1–S6 yig‘malarga ulanadi.
Guruhli reaktorlar soni 6–10 kV li iste’molchilarning soni bilan umumiy yuklamasiga bog‘liq bo‘ladi. Reaktorning o‘zi bilan reaktordan bosh yig‘ma shinalar va KTQ yig‘masigacha bo‘lgan shinalarda buzilish ehtimoli juda kam bo‘lganligi uchun, guruhli reaktor o‘chirgichsiz, faqat reaktorning yacheykasini ta’mir qilish uchun ko‘zda tutilgan ajratgich orqali ulanadi, bu hollarda liniyalar uchun KTQ yacheykasi qo‘llaniladi.
5.2. Ikkita yig‘ma shina sistemali TQ. Elektr iste’molchilarn (birinchi va ikkinchi toifadagilar, va ularning elektr bilan ta’minlash sxemasi (tarmoq bo‘yicha zahira yo‘qligi) ni hisobga olib hamda yig‘ma shinalarga ulanadigan ulanmalar soni ko‘p bo‘lganda, IEM ning bosh taqsimlash qurilmasi uchun ikki tizimli yig‘ma shinalar sxemasi ko‘zda tutilishi mumkin (5.2–rasm). Bu sxemada har bir zlement ikkita shina ajratkichlaridan iborat razvilka orqali tutashtirilib ham bu shinalar tizimida ish olib borish imkoniyatini beradi. 5.2–rasmdagi sxema ish holatida tasvirlangan: G1 va G2 generatorlari, yig‘ma shinalar 1SSH ning birinchi tizimiga ulanib, undan guruhli reaktorlar va T1, T2 bog‘lovchi transformatorlari ta’minlanadi. Shinalarning ishchi tizimi bir tizimli shinalar sxemasida qanday bo‘lsa, bunda ham vazifasi Shunday bo‘lgan o‘chirgich VS va reaktor RS bilan seksiyalangan. Shinalarning ikkinchi tizimi 2SSH zahira hisoblanib, unda normal holatda kuchlanish bo‘lmaydi. Ikkala shinalar tizimi shinalarni o‘lchovchi SHSV1 va SHSV2 o‘chirgichlari bilan o‘zaro ulanishi mumkin, bular normal rejimda uzilgan bo‘ladi.
5.2–rasm. Ikki tizimli yig‘ma shinalar sxemasi.
Shu sxemaning boshqa ish rejimi ham bo‘lishi mumkin, ya’ni ikkala shinalar tizimi kuchlanish ta’siri ostida bo‘ladi va hamma ulanmalar shinalar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Zanjirlarning belgilangan ulanishli rejimda ishlashi deb nom olgan bunday rejim odatda, yuqori kuchlanishli shinalarda qo‘llaniladi.
Iste’molchilar bilan tok manbalarini uzmay istagan shinalar tizimini ta’mirlash imkoniyatini berishi bu sxemaning afzalligi hisoblanadi. Bu holda SHSV ulangandan so‘ng, tegishli ajratkichlarni ulab, hamma ulanmalarni shinalarning zahira tizimiga o‘tkaziladi va shinaning ishchi tizimi ta’mirlash uchun uziladi. Sxemaning afzalliklaridan yana biri shinalar tizimidan birida q.t. bo‘lsa, iste’molchilar ularni zahira tizimiga qayta ulash uchun ketadigan vaqt ichidagina toksiz qoladi.
O‘Z-O‘ZINI NAZORAT QILISH SAVOLLARI: Shina deb nimaga aytiladi?
Taqsimlash qurilmasi deganda nimani tushunasiz?
Bitta yig‘ma shinali taqsimlash qurilmasi sxemasini tushuntiring.
Ikkita yig‘ma shinali taqsimlash qurilmasi sxemasini tushuntiring.