Bog'liq УУК Давлат бюджети 2017 2018 бошка йуналишларга (4)
11.3. Byudjet taqchilligi to’g’risidagi zamonaviy kontseptsiyalar, ularning mazmuni, xususiyatlari va ahamiyati
Davlat byudjetining defitsitini o’rganishga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlarning natijalari shuni ko’rsatdiki, byudjet defitsiti jahon amaliyoti uchun nisbatan yangi hisoblangan voqelik sanaladi. Xususan, XIX asrning o’rtalariga qadar rivojlangan ilg’or mamlakatlarning davlat byudjetlari uchun daromadlarning xarajatlardan ortiq bo’lishi odatiy hol hisoblanar edi. Shuning uchun ham mazkur davlatlarda urush holatlarida yoki kuchli tabiiy ofat yuz berganda paydo bo’ladigan byudjet defitsiti favqulotda holat hisoblanadi. XX asrning 50-yillaridan boshlab byudjet defitsiti favqulotda holat xarakteriga ega bo’lmay qoldi. Ya’ni, mamlakatlarning jahon iqtisodiyotidagi o’rnidan, geografik, geopolitik mavqeidan qat’iy nazar bdyujet defitsitini yuzaga kelishi tabiiy hol bo’lib qoldi. Ushbu holat hozirga qadar davom etib kelmoqda.
Byudjet defitsitini dunyoning ko’plab mamlakatlarida davlat moliyalarining ajralmas tarkibiy qismiga aylanganligi uning yuzaga kelish sabablarini, mo’’tadil darajasini, makroiqtisodiy tartibga solish davlat tizimidagi o’rnini ilmiy asosda o’rganish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Davlat byudjeti defitsitini yuzaga kelish sabablarini chuqur tadqiq qilgan iqtisodchi olimlardan biri J.M.Keyns hisoblanadi. J.Keyns o’zining ilmiy izlanishlarida jamiyat rivojlanishining ma’lum bosqichlarida davlat xarajatlarining davlat daromadlariga nisbatan ortiqcha bo’lishi mumkinligini va bu holat ob’ektiv iqtisodiy asosga ega ekanligini asoslab berdi. Keynsning byudjet-soliq siyosati xususidagi nazariy qarashlarida byudjet defitsiti iqtisodiyotni bir muvozanat holatidan ikkinchi bir muvozanat holatiga o’tkazish imkonini beruvchi instrument sifatida e’tirof etiladi. Agar biz J.Keynsni davlatning iqtisodiyotni samarali tarzda tartibga solish imkoniyatiga ega, degan nazariy xulosalariga tayanadigan bo’lsak, u holda Keynsni davlat byudjeti defitsitining darajasini davlat tomonidan to’liq nazorat qilish mumkinligiga ishonganligiga shubha qilmasa bo’ladi.
Nemis moliya fanining klassik namoyondasi A.Vagner o’zining «Moliya to’g’risidagi fan» nomli asarida davlat faolligining o’sib borishi qonunini shakllantirdi. Ushbu qonunga ko’ra, davlat faolligini kuchaytirishning zaruriy shartlaridan biri davlat xarajatlarini oshib borishi hisoblanadi. A.Vagner o’zining empirik izlanishlariga tayangan holda shunday xulosaga keldi: “ilmiy-texnika inqilobiga asoslangan tsivilizatsiyani taraqqiy etishi, ishlab chiqarish va muomala hajmlarining, yalpi ichki mahsulot va milliy daromadni oshishi bilan davlatning ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonlariga aralashuvi kuchayadi, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy va ilmiy-texnikaviy faolligi o’sadi. Bu esa, o’z navbatida, davlat xarajatlarini shunga muvofiq tarzda o’sib borishiga olib keladi”.
Professor V.M.Rodionovaning fikriga ko’ra, davlat byudjeti defitsitini yuzaga kelishining uch asosiy sababi mavjud:
1. Byudjet defitsiti davlatning iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida yirik miqdordagi qo’yilmalarni amalga oshirishi natijasida yuzaga keladi.
2. Byudjet defitsiti favqulotda holatlar (urush, tabiiy ofatlar va h.k.) тatijasida yuzaga keladi.
3. Byudjet defitsiti iqtisodiyotda inqiroz holatlarining yuzaga kelishi, hukumatni mamlakatdagi moliyaviy holatni nazorat ostida ushlab turish qobiliyatini yo’qotishi natijasida yuzaga keladi.1 Demak, davlat byudjeti defitsitini yuzaga kelishining ikki asosiy sababi taniqli iqtisodchi-olimlar tomonidan e’tirof etilgan. Bularning birinchisi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi bilan bog’liq xarajatlarining ko’payishi bo’lsa, ikkinchisi, davlatning noishlab chiqarish xarakteridagi xarajatlari hajmining keskin oshib ketishi hisoblanadi.
Bizning fikrimizcha, byudjet defitsitining yuzaga kelishini mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz holatlari bilan bog’lash maqsadga muvofiqdir. Buning sababi shundaki, iqtisodiy inqiroz paytida soliq tushumlari keskin kamayadi, hukumatning qimmatli qog’ozlarini sotish darajasi pasayadi va h.k. Bu holatlar, pirovard natijada, davlat byudjeti daromadlarining rejalashtirilgan miqdorda tushmasligiga sabab bo’ladi. Natijada, byudjet defitsitining hajmi yanada oshadi va hukumat uchun bank tizimining kreditlaridan foydalanishdan ko’ra qulayroq va osonroq yo’l qolmaydi. Shuning uchun, fikrimizcha, iqtisodiy inqiroz holatlarining yuzaga kelishini alohida sabab sifatida e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.
Shunisi xususiyatliki, rivojlangan ilg’or mamlakatlar amaliyotida tarkibiy defitsit tushunchasi ham qo’llaniladi.
Tarkibiy defitsit deganda aholining to’liq bandligi sharoitida davlat byudjetining salbiy qoldig’i tushuniladi. Bunda byudjet defitsitining miqdori davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solinishning joriy tadbirlari bilan emas, balki tsiklik tebranishlar bilan belgilanadi. Iqtisodiy inqirozlar paytida, odatda, ishsizlik ko’payadi, bu esa, tarkibiy defitsit miqdoriga bevosita ta’sir qiladi. Demak, iqtisodiy inqirozlarni nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlar amaliyoti uchun, balki rivojlangan mamlakatlar amaliyoti uchun ham xos bo’lgan omil sifatida qayd etish mumkin.
Davlat byudjeti defitsiti yuzaga kelishining ob’ektiv sabablarini tan olmaslik, defitsitsiz byudjet siyosatiga tayanish milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga jiddiy ziyon etkazganlik holatlari xalqaro amaliyotda bir necha bor kuzatilgan.
Davlat byudjeti defitsitining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini ochib berishga xizmat qiladigan asosiy masalalardan biri byudjet defitsiti hajmini aniqlash metodologiyasini tahlil qilish hisoblanadi.
Xalqaro amaliyotda byudjet defitsitining hajmini aniqlashda ikkita metodologiyadan keng foydalanilmoqda: sof defitsit va umumiy defitsit. Sof defitsit o’z tarkibiga byudjet investitsiyalaridan tashqari bo’lgan davlat byudjeti xarajatlarini oladi. Umumiy defitsit esa, o’z ichiga nafaqat to’g’ri byudjet investitsiyalarini, balki joriy byudjet yilida qaytariladigan va hukumat tomonidan kafolatlangan kredit hisobidan amalga oshiriladigan investitsiyalarni ham oladi.
Bizning fikrimizcha, umumiy defitsit byudjet defitsitining real hajmini to’laroq ifoda etadi. Chunki, bunda hukumat kafolatlangan kreditlardan samarali foydalanishni nazorat qilish imkoniga ega bo’ladi.
Ikkinchi metodologiyaning O’zbekiston Respublikasi hukumati uchun katta ahamiyatga ega ekanligining asosiy sababi shundaki, hozirgi kunga qadar mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan kreditlarning 80 foizdan ortiq qismi respublika hukumatining kafolati asosida olingan kreditlardan iboratdir. Demak, ulardan foydalanishni nazorat qilishni kuchaytirish davlat byudjeti defitsitini oshishining oldini oladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy jihatdan qayta qurishning zarurligi yirik investitsion xarajatlarni talab qildi. Xususiy sektorga mansub korxonalarning xorijiy investitsiyalarni va investitsion kreditlarni jalb qilish imkoniyati cheklangan sharoitda, davlat bosh islohotchi sifatida, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish muammosining chuqurlashuviga yo’l qo’ymadi. Bu esa, o’z navbatida, mamlakatimiz hukumatining xorijiy valyutadagi majburiyatlarining ko’payishiga olib keldi.
Davlat byudjeti defitsitining iqtisodiyotga ta’siri va uning mo’’tadil darajasini baholash masalalari ham murakkab va ko’p qirrali masalalardan hisoblanadi.
J.M.Keynsning byudjet-soliq siyosatining iqtisodiyotni barqarorlashtirishda birlamchi ahamiyatga ega ekanligi xususidagi qoidasiga ko’ra defitsitning yoki profitsitning miqdori ijtimoiy talab, daromadlar va baholar darajasini aniqlashda markaziy o’rinni egallaydi. Bunda J.Keyns byudjet defitsitini hukumatning byudjet-soliq siyosatining natijasi sifatida iqtisodiyotni muvozanatlashtiruvchi asosiy omil deb baholadi. Ammo hozirgi vaqtda, ayrim rivojlangan davlatlarning amaliyotida shunday holatlar sodir bo’layaptiki, uni Keynsning byudjet-soliq siyosati xususidagi ta’limoti doirasida tushuntirib bo’lmaydi. Masalan, Yaponiyada 1999 yilda davlat byudjetining defitsiti yalpi ichki mahsulotning 11,4 foizini tashkil etgani holda, to’lov balansining ijobiy qoldig’i 130 mlrd. AQSh dollarini tashkil qildi. Holbuki, Keynsning qoidasi bo’yicha davlat xarajatlarining oshishi baholar darajasining o’sishiga olib kelishi lozim edi. Ammo Yaponiyada baholar darajasining o’sish sur’ati boshqa bir qator etakchi ilg’or mamlakatlardagiga nisbatan sezilarli darajada past bo’ldi. 1990 yilda Yaponiyada byudjet profitsitining yalpi ichki mahsulotdagi salmog’i 2,9 foizni tashkil qildi va 1990-1999 yillar mobaynida iqtisodiyotni barqaror o’sish sur’ati kuzatildi.
Demak, byudjet defitsitining iqtisodiyotni muvozanatlashtirishdagi roliga baho berishda har bir mamlakatning moliya-byudjet siyosatidan kelib chiqish lozim. Byudjet defitsitini o’sishi natijasida makroiqtisodiy ko’rsatkichlarda qanday ijobiy o’zgarishlar yuz berganligini aniqlash lozim. Masalan, davlat byudjeti defitsitining yuqori darajada o’sishi davlatning investitsiya xarajatlarining o’sishi oqibati bo’lishi mumkin. Bunday sharoitda byudjet defitsitining iqtisodiyotga ta’sirini baholash uchun iqtisodiy o’sish sur’atidagi, soliq tushumlaridagi o’zgarishlarni va ishsizlik darajasini baholash kerak. Chunki investitsion xarajatlar ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, yangi ish o’rinlarini yaratish imkonini beradi. Ayni vaqtda, investitsiya xarajatlarini samarasiz tarzda amalga oshirish byudjet defitsitining iqtisodiyotga nisbatan salbiy ta’sirini yuzaga keltiradi. Xususan, davlatning mablag’lari hisobiga moliyalashtirilgan investitsion loyihalarni o’zini oqlamasligi qilingan xarajatlarni «o’lik» kapitalga aylanishiga, hukumatning to’lovlarini oshib ketishiga olib keladi. Buning oqibatida byudjet defitsitini qoplash muammosi yanada chuqurlashadi va ko’pchilik hollarda, hukumat defitsitni qoplashning inflyatsion manbalaridan foydalanishga majbur bo’ladi. Bunda byudjet defitsiti o’zining passiv shakliga kiradi. Byudjet defitsitining oshishi hisobiga iqtisodiy o’sishni rag’batlantirishga erishilsa, u holda byudjet defitsiti aktiv shaklga ega bo’ladi.
O’zbekistonda byudjet defitsitini boshqarishda quyidagi talablarga e’tibor berish maqsadga muvofiqdir:
- milliy valyutaning barqarorligini saqlashning aniq dasturlari ishlab chiqilishi;
- byudjet defitsitini qoplashning samarali yo’llari qidirib topilishi;
- davlat byudjeti hisobidagi tarmoqlarni iqtisodiy moliyalashtirishni qisqartirish, harbiy xarajatlarga oqilona mablag’ sarflash;
- sekvestr mexanizmini ishlab-chiqish (xarajatlarni proportsional ravishda qisqartirish) va ularning bajarilishiga bevosita erishish.
Umuman, byudjet defitsitini boshqarish byudjet siyosatining ustuvor yo’nalishi bo’lib, bunda iloji boricha mablag’larni ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga yo’naltirish va aholini to’liq ish bilan bandligiga erishishni talab qiladi.
Xulosa qilib aytganda, byudjet defitsitini qoplashning noinflyatsion usullaridan foydalanishga ustuvorlik berish, byudjet defitsitining darajasini xalqaro byudjet amaliyotida qabul qilingan mo’’tadil darajada saqlab turish, iqtisodiy kategoriya sifatida davlat byudjeti defitsitining jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga nisbatan yuzaga keladigan salbiy ta’sirining oldini oladi.