KONTRREFORMATSIYA (lot. contra – qarshi va reformatsiya) – XVI asr – XVII asrlar o’rtasida Yevropada papalar boshchiligida reformatsiyaga qarshi qaratilgan diniy – siyosiy harakat. Kontrreformatsiya dasturining asosini Trident sobori (1545-1563) qarorlari tashkil etadi. Sobor tomonidan tasdiqlangan aqidalar va qonunlarga zarracha shak keltirish bid’at hisoblangan. Asosan, inkvizitsiya yordamida amalga oshirilgan. Kontrreformatsiyani monaxlik ordenlari qo’llab-quvvatlab turgan. Bu harakat ikki asrdan ko’proq davom etgan.
KORTESLAR (isp. cortes, corte – qirol saroyi so’zidan) – o’rta asrlar davrida Pireney yarimoroli davlatlarida toifaviy- vakillik organlari. Dastlab 1137-yili Kastiliyada tilga olinadi. XIII – XIV asrlarda katta rol o’ynagan. Dastlab korteslar tarkibiga faqat zodagonlar va ruxoniylar kirishi mumkin edi. 1188-yili shaharlik ham ularda qatnashish huquqini qo’lga kiritdilar. Absolyutizm o’rnatilishi bilan o’z ahamiyatini yo’qotgan.
KREPOSTNIK- pomeshchik- reaksioner, krepostnoy huquqni himoya qiluvchi, krepostnoy dehqonlarni asriy qaramlikdan va pomeshchiklar zulmidan ozod qilishning dushmani.
KREPOSTNOY HUQUQ(rus) – feodal davlatlarda dehqonlar qaramligining to’liq va mash’um ko’rinishini mustahkamlagan huquqiy meyorlar majmui. Dehqonlarning o’ziga ajratilgan yerdan ketishini taqiqlash, malum bir feodalning ma’muriy va sudlov hokimiyatiga merosiy qaramlikni, dehqonlarni yer uchastkasini sotish va ko’chmas mulkka ega bo’lish huquqidan mahrum etishni nazarda tutadi.
KRIPTA (yunon. krypte – yashirin yer osti yo’li, xufya joy) – Qadimgi Rimda gumbazsimon yer osti inshooti; o’rta asrlarda G’arbiy Yevropa me’morchiligida ibodatxona ostidagi kichik butxona, dafn etish ishlarida foydalanilgan.
KURFYURISTLAR(nem. Kurfursten – ayni manosi saylovchi knyazlar) – Muqaddas Rim imperiyasida XIII asrdan imperator saylash huquqi biriktirilgan knyazlar (ruxoniy va zodagonlar). Kurfyuristlar jamoasi 1365-yilgi Karl IVning oltin bullasi bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan. Unvon Muqaddas Rim imperiyasi inqirozidan so’ng tugatildi.
KURIYA (lot. curia) – Qadimgi Rim aholisining eng ko’xna bo’linmalaridan biri. Rimliklar tasavvuricha, Romul aholini uchta tribaga, tribalarning har birini esa 10 tadan kuriyaga bo’lgan. 30 ta kuriyadan har biri xalq yig’inida, kuriat komissiyalarida bittadan ovozga ega bo’lgan. Kuriyalar dastlabki qo’shin tuzilishining ham asosiga aylangan.