2014-
yil
MEN FORBS RO YXATIGA
QANDAY KIRDIM?
— ◆ IX ◆ —
«Forbs»ning ruscha nashriga yolgʻon gapirganim, bu soliq-
chilar uchun chiqqan birinchi gazeta emasligi haqida shi-
koyatlar tushibdi, shunga maqola olib tashlanibdi. Pulim
qulogʻini ushlab ketdi. Lekin negadir hayron boʻlmadim.
Oʻzi menga omad doim shunaqa qilib keladi.
Mayli, dedim. Unda «Forbs»ning bosma versiyasiga ki-
rishamiz, shunda hech kim hech nimani oʻchirib tashlay
olmaydi. Amerikadagi tahririyat bilan gaplashamiz. Jur-
nal millionlab tirajda chiqadi, uni butun dunyo oʻqiydi.
Yaltiroq qogʻozda uch sahifa... Lekin narxiyam shunga ya-
rasha, otning kallasi ekan.
Shu pulni boshqa foydaliroq narsaga sarflasam ham boʻ-
lardi oʻzi. Lekin u paytda «Forbs»da chiqsam, men uchun
hamma eshiklar ochiladi, deb oʻylar ekanman. Xayolim-
da goʻyoki hamma meni tanib qoladi, hamkorlik qilaylik
desam, quchoq ochib rozi boʻladi. Axir men duch kelgan
odam emasman, naq «Forbs»da chiqqanman! «Forbs»da
chiqish uchun bekorga harakat qilishmaydi-ku, bu naq
baxt kalitining oʻzi deb oʻylabman.
Hech bir asossiz, dalilsiz shunday xulosaga kelganman.
«Avtotest»ni piar qilaylik, kim bilsin, balki, shu bahona
xalqaro bozorga chiqib ketarmiz, debman.
Endi oʻylab qarasam, hammasini toʻgʻri qilgan ekanman.
Hozir bu kommunikativ imkoniyatlarni kengaytirish deb
nomlanadi. Oldin sen oʻzing haqingda gapirasan, keyin
142 / MEN «FORBS» ROʻYXATIGA QANDAY KIRDIM?
odamlar sen haqingda gapira boshlaydi, senga ishonch
bilan qarashadi, chunki ularga yetkazmoqchi boʻlgan gap-
laringni oʻqigan boʻlishadi. Bu voqealar ijtimoiy tarmoq
paydo boʻlishidan oldin yuz berdi. Bugun esa oʻz-oʻzini ta-
nitish imkoniyati yuz baravar oson boʻlib qolgan.
U paytda esa qoʻlimizda faqat «Forbs» bor edi. Maqo-
la chiqdi, pulim sovurildi-ketdi. Pulni qimmatbaho «ino-
marka» olish, dangʻillama uyning tepasiga uchinchi qavat-
ni koʻtarish oʻrniga qandaydir bir maqolani, qogʻozni sotib
olishga sarflash oʻzbekchilikka umuman toʻgʻri kelmaydi-
gan ish edi. «Men «Forbs»da chiqdim! Qoyilmi?», — deb
oʻylardim doʻppi kiyib tushgan rasmimga qarab.
Doʻstim bilan Emirates Airlines kompaniyasining ikki
qavatli A-380 samolyotida, biznes-klassda dabdaba bilan
AQSHga uchib keldik. Eng qimmat Mersedesni ijaraga
oldik, eng qimmat mehmonxonaga joylashdik. Qimmat-
baho kostyum-shim, soat, tuflilarda oligarxmisan oligarx
boʻlib oldik.
— Sardor, koʻrinishim qalay?
— Gap yoʻq!
— Senikigayam gap yoʻq. Kettu!
Nashriyotga dadil kirib borib, savlat toʻkib kursilarga
yaslanib oldik. Intervyu beryapmiz. Bularning hamma-
sini tashqaridan kuzatayotgandekman. «Hayotda oma-
dim keldi» degan filmni tomosha qilyapman goʻyo, bosh
143 / MEN «FORBS» ROʻYXATIGA QANDAY KIRDIM?
rolda — oʻzim. Erishib boʻlmas dovon zabt etildi. Men
«Forbs»daman!
Nashriyotning binosi eskigina ekan. Atrofda nuroniy
qariyalar, hamma xotirjam ishini qilib yuribdi, hech qan-
day dabdaba, ortiqcha yugur-yugur yoʻq. Kibr-havo bilan
kelganimizni koʻrib, biz haqimizda qanday istehzo bilan
oʻylaganlarini tasavvur qilyapman. Keyin bizni tushlikka
taklif qilishdi.
Jurnalni ikki kun qoʻlimdan qoʻymay yurdim, maqo-
lamga qarab, oʻzim mazza qilaman. Bu men uchun haqiqiy
baxt edi.
Koʻpchilik tanishlarim jurnalni koʻrib, faqat bir gapni
aytishdi: «Endi ehtiyot boʻl». Chunki «Mersedes» olishga
puli borlar ham imi-jimida «Neksiya» minib yuradigan
zamon edi. Doʻstlarim intervyuni oʻqib, jim boʻlib ketish-
di. Deyarli qoʻngʻiroq boʻlmadi. Biz hamkorlik takliflari
bunchalik kam boʻlishini kutmagandik. Faqat startapga
pul soʻrab kelishdi.
Lekin baribir, «Forbs»dagi maqola imkoniyatlar eshi-
gini salgina ochdi. Amerikadan toʻgʻri Arab Amirliklari-
ga uchdik. Maqsadimiz obroʻ-eʼtiborli odamlar bilan tani-
shish edi. Iltimos qilib uchrashuv belgilaysan, ancha kuta-
san, oldiga borasan, u odam telefonda gaplashib boʻlishi-
ni yana kutasan — u sening oʻzbekistonlik ekaningni bi-
ladi, shuning uchun uning eʼtiborini tortishing qiyin. Sen
144 / MEN «FORBS» ROʻYXATIGA QANDAY KIRDIM?
esa loyihalaringni taqdim eta boshlaysan, gap orasida bir
ogʻiz: «Mana, «Forbs»da ham bu haqda yozishgan» — deb
qistirib qoʻyasan.
Shu payt birdaniga munosabat keskin oʻzgaradi. Chun-
ki jurnal muqovasida «Dunyoning eng badavlat ikki yuz
odami» degan yozuv bor. Ichida sen haqingda maqo-
la chiqqan. Mana bu boshqa gap! Koʻp doʻstlar orttirdik.
Orasida oʻzbekistonliklar ham bor edi, baʼzilari bizni «ux-
latib» ketdi.
Oʻshanda birinchi marta qanday qilib odamning koʻzi-
ni shamgʻalat qilib chuv tushirish mumkinligini koʻrdim.
«Hamkoring»ning bilagida yuz ming dollarlik soat, ha-
shamatli uyi, mashinalari bor, yarim million dollarlik ka-
binetda oʻtiradi. Bir oy oʻtmay shartta qamalib ketadi. Sen
esa omadi chopmagan investor boʻlib, tikkan investitsi-
yalaring bilan xayrlashib qolaverasan. Bu men uchun zoʻr
saboq boʻldi.
Saida Shavkatovna ham meni «Forbs» orqali tanigan. U
Karimov davrida Oʻzbekiston fuqarosi boʻla turib, butun
dunyoga salkam oligarxman deb jar solishga jurʼat qilgan
oʻzbek yigiti haqidagi maqolani qiziqish bilan oʻqiganda
biz hali tanish emas edik. Vaholanki, u paytlari hamma
boylar ortiqcha koʻzga tashlanmaslikka, hukumat tepasi-
dagilarning jigʻiga tegmaslikka harakat qilardi. «Buni qa-
ranglar, oligarxmish-a...», — dedi Saida tanishganimizda.
Do'stlaringiz bilan baham: |