Markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lmagan uylarda suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash uchun belgilangan tartibda oqova yig‘iluvchi, germetik rezervuarli chiqindi to‘kiladigan o‘ralar o‘rnatiladi.
Chiqindi to‘kiladigan o‘ra maxsus avtotransport vositasining (assenizatsiya avtomobilining) erkin harakatlanishi hisobga olingan holda joylashishi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish maxsus avtotransport vositasiga
(assenizatsiya avtomobiliga) ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida yoki alohida buyurtma bo‘yicha amalga oshiriladi.
Chiqindi to‘kiladigan o‘ralarni tozalash davriyligi sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Suyuq maishiy chiqindilar quyiladigan stansiyalar, assenizatsiya dalalari yoki suyuq maishiy chiqindilarni qabul qilish bo‘yicha maxsus ob'ektlarga olib chiqib ketiladi.
1.5.11. Xavfli maishiy chiqindilar
Chiqindi to‘plash shaxobchalarida xavfli maishiy chiqindilarni to‘plash uchun maxsus konteynerlar (xavfli maishiy chiqindilarni saqlash, yuklash-tushirish ishlari va tashishda ularning butligini ta'minlaydigan to‘plovchi idishlar) o‘rnatiladi.
Yig‘ilgan xavfli chiqindilar mazkur chiqindilarni yig‘ish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga topshiriladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni alohida to‘plash va olib chiqib ketish. Chiqindi to‘plash shaxobchalarida alohida to‘plashni tashkillashtirish maqsadida majburiy tarzda quyidagilar uchun to‘rt turdagi konteynerlar o‘rnatiladi: qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar (ikkilamchi moddiy resurslar aralashmasidan iborat chiqindilar) uchun — ko‘k rang; organik qattiq maishiy chiqindilar (oziq-ovqat va boshqa biologik chiriydigan chiqindilar) uchun — jigarrang; qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar (boshqa maishiy chiqindilar) uchun
— kulrang; xavfli maishiy chiqindilar uchun — to‘q sariq rang;
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘liq saralab yig‘ish uchun ajratib turuvchi rangli va (yoki) maxsus belgilar hamda yozuvlar bilan markalangan qo‘shimcha konteynerlar
(plastmassa chiqindilari — sariq, shisha va shisha siniqlari — oq, qog‘oz chiqindilari
— havo rang) o‘rnatilishi mumkin.
2-rasm. Chiqindilarni alohida to‘plash konteynerlari
Bunda, qayta ishlanadigan va xavfli maishiy chiqindilar keyinchalik chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga shartnoma asosida sotish va (yoki) berish uchun saralashga yuboriladi.
Alohida to‘plangan va saralangan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun chiqindi tashish mashinalaridan foydalangan holda, olib chiqib ketishning bir nechta jadvallarini tashkillashtirish orqali yoki qattiq maishiy chiqindilarning turli fraksiyalari uchun alohida kameralar o‘rnatilgan bunkerli maxsus avtotransport vositalaridan foydalanilishi mumkin.