So‘z boshi
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida, xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarlarida “Ekologik xavfsizlik kishilik jamiyatining buguni va ertasi uchun dolzarbligi, juda zarurligi bois eng muhim muammolar jumlasiga kiradi.
Bu muammolar amaliy tarzda hal etilsa ko‘p jihatdan hozirgi va kelgusi avlod turmushining ahvoli va sifatini belgilash imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ekologik kulfatlar chegara bilmasligini nazarda tutgan holda shaharsozlik va tumanlarni rejalashtirishning ilmiy asoslangan, hozirgi zamon urbanizatsiyasining barcha salbiy oqibatlarini bartaraf etadigan tizimni joriy etish yo‘li bilan shaharlarda va boshqa aholi punktlarida aholining yashashi uchun qulay sharoit yaratish zarur” deb ko‘rsatishi aynan bugungi kun muammolaridan biri bo‘lgan chiqindilarni zararsizlantirish va qayta ishlash, maishiy xo‘jaligi korxonalarini daromadli sohaga aylantirish uchun muhit yaratish imkonini beradi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev tomonidan taklif qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning 5 ustivor yo‘nalishi Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan atrof-tabiiy muhit muhofazasi, genofondga va aholi salomatligiga ziyon yetkazadigan ekologik muammolarning oldini olishga oid chora-tadbirlarni o‘z vaqtida so‘zsiz amalga oshirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shahar aholisining o‘sishi, cheklangan hududda sanoatning to‘planishi aholi istiqomat qiladigan hududlarda, ayniqsa yirik shaharlarda ekologik sharoitlarning yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda. Shaharlarda qattiq maishiy chiqindilar va katta o‘lchamdagi axlatlar yig‘ilmoqdaki, ular o‘z vaqtida va to‘g‘ri olib chiqilmasa hamda zararsizlantirilmasa, atrof tabiiy muhitni jiddiy ifloslantirishi mumkin. Shaharlarning har yerlarida paydo bo‘ladigan, yomon tashkil etilgan, ba'zan esa betartib ravishda hosil bo‘lgan axlatxonalar atrof-muhit ifloslanishining jiddiy manbai bo‘lib qolmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda qattiq maishiy chiqindilarga bo‘lgan munosabat tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur sohada qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mish poligonlarining kamayish tendensiyalari kuzatilmoqda va chiqindilarning ko‘p qismi ikkilamchi xom ashyo sifatida qayta ishlashi sanoati uchun foydalaniladi.
Atrof muhitni ishlab chiqarish va iste'mol chiqindilardan muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona va kompleks foydalanish hamda ekologik toza texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish muammolari bilan uzviy bog‘liqdir.
Inson dunyo yuzini ko‘rgandan boshlab atrof muhitni o‘zi iste'mol qilgan mahsulotlar chiqindilari bilan ifloslantirib tabiatga qanchalik zarar keltirayotganini his qilgan holda bu vaziyatni muvofiqlashtirish maqsadida ko‘p urinishlar, loyihalarni hayotga joriy qildi, lekin XXI asrning bo‘sag‘asida bu muammolarni to‘lig‘icha hal qila olmadi.
Hozirda jahonning ko‘pgina regionlarida maishiy va qattiq chiqindilar muammosi ekomuhitni saqlash ustida olib borilayotgan ishlar bilan chambarchas bog‘lanib, insonning faoliyati natijasida hosil bo‘lgan nomutonosiblikni oldini olish uchun qaratilgan. Ekosistemaning kundan kunga buzilishiga olib keluvchi maishiy va qattiq chiqindilar muammosi yosh mustaqil O‘zbekiston Respublikasi uchun ham aktualdir.
Tabiiyki, mazkur vazifalarning barchasini amalga oshirishda ekologiya sohasidagi fanlar, shu jumladan, “Chiqindilarni boshqarish” fanining ahamiyati benihoya kattadir. Mazkur o‘quv qo‘llanma mualliflar tomonidan davlat standarti asosida “5850100-Atrof-muhit muhofazasi”, “5630100 - Ekologiya va atrof muhit muhofazasi” ta'lim yo‘nalishlari fanlarining o‘quv Dasturi” bo‘yicha yozilgan bo‘lib, unda “Chiqindilarni boshqarish” fanining nazariy va amaliy masalalari bayon etilgan.
M.Tirkasheva tomonidan kirish, “Chiqindilarni boshqarish” fanining o‘rni, rivojlanish, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida atrof muhitni muhofaza qilish masalalari, A.Taylaqov tomonidan qattiq maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni utillashtirish usullari, D.Berdieva tomonidan ishlab chiqarish va iste'mol chiqindilarni hosil qiluvchi manbalar, ishlab chiqarish va iste'mol chiqindilarining atrof muhitga ta'siri to‘g‘risidagi masalalari, G.Xudoyberdieva tomonidan sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida hosil bo‘ladigan ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar, ularni vaqtincha joylashtirish limitini belgilash, atrof muhitning ifloslanishini kamaytirishda chora-tadbirlar belgilash masalalari bayon qilingan.
Mualliflar mazkur qo‘lyozmani chop etishga tayyorlashda ko‘rsatgan beg‘araz yordamlari uchun texnika fanlari doktori, professor Sobir Murodullaevich Boboevga,
Jizzax politexnika instituti “Avtomobil yo‘llari” kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi Bo‘riboy Raxmonovga, Jizzax viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Anvar Abdumo‘minovich Quvondiqov va mas'ul muharrirlarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etadilar.
Darslik haqidagi taklif va mulohazalaringizni quyidagi manzilga yuborishingizni so‘raymiz:
Jizzax shahri, Islom Karimov ko‘chasi, Jizzax politexnika instituti, “Ekologiya va atrof muhit muhofazasi” kafedrasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |