Chog`oniyon haqidagi afsonalar.
Chag'onrud va Chag'oniyonning «Alpomish»ga daxli bo'lganidek, Rustam rivoyatlarining sarchashmalari ham aynan shu zamin bilan bog'liqligi yanada maroqlidir. Firdavsiy «Shohnomasi»da Rustamning Barzu bilan jangi hikoya qilinadi, nihoyat Rustam raqibi Barzuning o'z nevarasi ekanini biladi. Demak Barzu pahlavon Suhrobning o'g'li ekan, Barzu nomi Alp Banzi Buyra (Alpomish)ga ancha uyqash. Barzu-Banzining (Barzu-nomi ayrim joy nomlarida saqlanib qolgan, Samarqand atrofidagi Talli Barzuni-barzutepani eslash kifoya) Sheruya ismli onasi bo'lib, bu ayol asli Boysun elatidan ekan. Demak, nafaqat «Alpomish» turkum dostonalarining, balki «Rustam» dostoni silsilasining paydo bo'lishi va shakllanishi Surxon vohasi zamini ila uzviy bog'liqliklar kasb etadi. To'g'ri Rustamning vatani Seyiston va uning yana bir so'lim go'shasi Zobuliston deyilsa-da, u haqdagi rivoyat-afsonalarning ilk kurtaklari Surxon zaminida yo'g'rilgan ekan. Xalqda shunday rivoyat yuradi, Rustam va uning o'g'li Suhrob o'rtasidagi jang, aynan, Surxon sohillarida ro'y beradi. Ota-bola bir-birini tanimaydi, Rustam kurashda bexosdan o'g'li Suhrobni qattiq yarador qilib o'ldirib qo'yadi. Ota o'z o'g'lini tanib qolgach, uning ohu fig'oniga, alamiga na olam, na odam bardosh berolmaydi, ammo vaqt o'tgan edi. Suhrobning qonlari daryoga quyiladi va shundan buyon daryo Suhrob-Qizil suv (qon suv) deb atalib ketgan ekan. Bu bir rivoyat, biroq har bir rivoyat zamirida haqiqat bor. «Bahr al asror» («Sirlar dengizi») asarining muallifi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Chag'oniyon haqida ajoyib fikrlar bayon etadi: «Sag'oniyon-Movarounnahrning katta viloyatlaridan... Termizning shimolida, Kesh va Samarqandning janubida joylashgan. Jayhunga quyiladigan ko'pchilik daryolar shu viloyat ichidan oqadi, uni Chag'oniyon ham deyishadi. Hozirda u Hisor nomi bilan mashhur, chunki uning markazi Hisori Shodmon shahridir. Hisori Shodmon shunday bir mustahkam qal'aki, u tog'ning eng balandida qurilgan, uni Taxmuras bino qilgan ekan». Taxmuras-eroniy peshdodiylar sulolasidan chiqqan ikkinchi shoh, «Avesta»da Taxmurapay tarzida uchraydi, keyinchalik Taxmuras, Taxmrus, Taxmras, Taxmtan shaklini oladi. Biz yuqorida «Rustami doston», Rustam va uning o'g'li Suhrob bilan bog'liq fikrlar aytdik, Rustam nomi «Avesta»da yo'q, farazlarga ko'ra Taxmuras shu Rustam emish. Taxmuras ismi tarkibidagi Taxm qismi qadimiy pahlaviychada: katta-ulkan-ulug'-kuchli-quvvatli, Ras yoki Rus (Taxmras-Taxmrus) qismi: qad-qomat-tan-jussa ma'nolarini anglatadi. Taxmras-Taxmrus asta-sekin parfiyon va so'g'diy tillarida Rastaxm-Rustaxm bo'lib ketgan, bu «Bahman yasht»dagi Rotastaxmning aynan o'zidir (Mallayev N.M. O'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent. «O'qituvchi», 1976-B. 53). Demak Taxmrus-ulkan qomatli, alp qomatli, Rotastaxm-Rustaxm (eng so'nggi shakli Rustam) qomati alp degani ekan. Ko'rinadiki, Taxmrus (qomati ulkan) va uning teskarisi Rustaxm (ulkan qomat)da ham xuddi Obi surx (suv qizil)-Surxob (Surxon-qizil suv) singari talaffuz o'zgarishlari sodir bo'lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |