Chag`oniyon nomi keltirilgan manbalar.
Chag'oniyon shahri haqida ilk bor xitoy tarixchi sayyohi Syuan Szyan xabar beradi, bu 630 yillar atrofiga to'g'ri keladi. Syuan o'z kundaligida ushbularni bitib qoldirgan: «Chag'oniyon shahri 10li (bu 3 km.ga to'g'ri keladi) masofada o'rab olingan va Termiz shahridan ikki marta kichik, lekin Qabodiyon markaziy shahri bilan teng». X asrga kelib muarrix al-Istaxriy (849-934) ma'lumotlari shuni ko'rsatadiki, endilikda, Chag'oniyon shahri o'z maydoni jihatidan Termizdan katta, biroq Termiz o'z aholisi va boyligiga ko'ra Chag'oniyondan ustunroq ekan. Qisqasi, Chag'oniyon shahri oxirgi uch yuz yil ichida shimoliy Toxaristonning madaniyati eng yuksak rivojlangan, ilm-fan ravnaq topgan markaziy shaharlaridan biri sifatida barcha sarchashmalarda ulug'lanadi. Tarixchilardan al-Istaxriy («Kitob al masolik val mamolik»-«Mamlakatlar masalasi kitobi», 933 yil) va al-Muqaddasiy (946-1000. «Ahsan at taqosim fi ma'rifat al iqlim»-«Iqlimlarning to'g'ri va ilmiy taqsimoti» 985 yil)larning yozishicha: «Chag'oniyon shahrida qo'rg'on bo'lib, unda chiroyli va katta bozor bor, bozor o'rtasida xushbichim masjid qad ko'tarib turadi, masjidda maxsus pishiq g'ishtli xonalar mavjud. Shahardagi har bir xonadon suv bilan ta'minlangan, sug'orish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilganidan shahar atrofi qalin ko'kalamzor bilan qoplangan, turli anvoyi o'simliklar bilan o'ralgan, o'tning balandligidan otlar ko'rinmaydi, qishda bu yerda qush ovlanadi. Shahar ahli asli musulmon bo'lib, ular o'ta mehmondo'st xalqdir...». Manbalarda goho daryo nomini Chag'oniyon ham deyishgan, chunonchi ?qut Hamaviy (1179-1229) «Mo''jam al-buldon» («Shaharlar lug'ati»)da Termiz haqida gapirar ekan: «Termiz-Amudaryoning sharqiy tomoniga joylashgan katta shahar. Uning hokimi turadigan joy as-Sag'oniyonga yopishgan». Matnda keltirilgan as Sag'oniyon aslida Chag'oniyon bo'lib, demak qadimda Surxon (Chag'onrud-Sag'onrud) ba'zan voha nomi kabi Chag'oniyon deb yuritilgan ekan. Buni Hofizi Abru (1362-1431) ham tasdiqlaydi: «Termiz-Jayhun kanori bo'yida shahar... Ekinzorlari Chag'oniyon (Surxon) suvidan ichadi». Ammo daryo aksar holda Chag'onrud nomi ila atalishini «Hudud al olam» kitobi isbotlaydi: «Chag'onrud Chag'oniyondan oqadi va Termiz yonida Jayhunga quyiladi». Chag'oniyon ko'hna zamin, u turli zamonlarda turfa nomlarda ataladi, chunonchi, Baqtriya, Yunon-Baqtriya, Kushon, Toxariston, Chag'oniyon va nihoyat hozirgi atamasi Surxondaryo nomini olgan. Baqtriya degan yurtda Bubaken, Gaboz, Pareytaken nomli viloyatlar borligi tarixda raqam etilgan va Rustam hamda Alpomish turkum dostonlarning yaratilishi, tarqalishi holatlari ham Surxon zamini bilan bog'liq ekanligi ancha muhimdir. Chag'onrud - pahlavonlar yurti. «Alpomish» dostoni Surxon vohasi zamini ila bog'liq va u shu o'lka bag'rida yo'g'rilgan, dostonda ta'riflangan Boysun qo'ng'irot eli va Boboxon tog'i atamalarining o'zi bunga aniq dalil. Yunon muarrixlaridan Aristobul, Klitarx, Ptolemey Lag va qisman Kallisfen solnomalarida (ularning barchasi Iskandar harbiy yurishlarining ishtirokchilari va lashkarboshilari) qadim Baqtriyaning saxovali, serunum, go'zal go'shalaridan sanalmish Pareytaken (ba'zan Paretaka-Paritaka), Gabaza (goho Gaboz)-Gazaba(Gaza-tepalik, tog' bilan bog'liq B.M.), Bubakena (farazan Babaken-Abaken, ob-suv, sersuv o'lka B.M.) singari viloyatlari haqida xabarlar beriladi. Paraytaken-Sherobod vohasi, Gaboz-Boysun vohasi, Bubaken esa Bobotog' (Boboxon-Bobokon-Boboken) etaklarida joylashgan so'lim voha ekanligi allaqachon o'z isbotini topgan. Pareytaken tog'li o'lka ma'nosiga ega, boisi pourata, parvata ko'hna sankritchada tog' demakdir, chunonchi, Ko'hitang etaklaridagi qishloqlarning bir turkum nomda yaqin-yaqinlargacha Dahparkent (goho Dahparikent) deb atalishi buning jonli guvohidir. Zero, Pareytaken va Dahparkent tarkibida «par» birikmasi mavjudligi buning to'kis isboti (Parkana-Farg'ona va Parkent ham shundan)dir. «Bu yurtda miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zardushtiylik dinining ilk makonidir».
Do'stlaringiz bilan baham: |