13-modda. Imzo huquqi
13-modda imzo huquqi to‘g‘risida bo‘lib, unga muvofiq buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshirish va sub’ekt nomidan hujjatlarni imzolash huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzish va tasdiqlash uchun javobgardir. Buning uchun rahbar imzolash huquqiga ega shaxslarning ikkita ro‘yxatini tasdiqlaydi. Birinchi ro‘yxatga buxgalteriya hisobi sub’ektida rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga esa, buxgalterlik va moliyaviy boshqaruv funksiyalarini amalga oshiradigan shaxslar kiritiladi. Shuningdek, agarda buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy boshqaruv vazifalarini o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, u holda har ikkala ro‘xatda ham o‘zini ko‘rsatishi ta’kidlangan. Zarur hollarda har bir mansabdor shaxs uchun pul summalari bo‘yicha cheklanishlarga ko‘ra imzo huquqlarining ierarxiyasi (ketma-ketligi) o‘rnatilishi mumkin. Buxgalteriya hisobi sub’ektida elektron raqamli imzodan foydalanilganida zarur ehtiyotkorlik choralari va nazorat o‘rnatilishi tavsiya etiladi. Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlar «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.
14-modda. Boshlang‘ich hisob hujjatlari
Qonunning 14- moddasi boshlang‘ich hisob hujjatlari to‘g‘risida(eski tahrirda shu nomdagi 9-modda). Unga muvofiq buxgalteriya hisobi sub’ektining aktivlari, xususiy kapital va majburiyatlariga ta’sir etuvchi barcha xo‘jalik operatsiyalari va xo‘jalik faoliyatining natijalari dastlabki hujjatlarga asosan aks ettirilishi lozim. Boshlang‘ich hisob hujjatlari xo‘jalik operatsiyasi sodir bo‘layotgan paytda, agar buning iloji bo‘lmasa, operatsiya tugallanganidan so‘ng darrov tuziladi. Agar boshlang‘ich hisob hujjatlarini to‘lg‘azishda kompyuterdan foydalanilsa, kompyuter orqali to‘lg‘azilgan va bosib chiqarilgan qog‘ozlar maxsus blankada rasmiylashtirilgan boshlang‘ich hisob hujjatlari kuchiga ega. Birorta xo‘jalik operatsiyasi ham tegishli tarzda rasmiylashtirilgan boshlang‘ich hisob hujjatlari siz buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirilmasligi lozim. Demak, har bir xo‘jalik operatsiyasi yuridik jihatdan dalillovchi kuchga ega bo‘lishi uchun uning ibtidosi ham, intihosi ham boshlang‘ich hisob hujjatlari bo‘lmog‘i lozim.
Buxgalteriya hisobining boshqa hisob turlari (operativ hisob, statistik hisob)dan farqli xususiyatlaridan biri – uning faqat hujjat bilan asoslanganligidir (9- bet, 2-rasmga qarang).
Boshlang‘ich hisob hujjatlarini tuzgan va tasdiqlagan mas’ul shaxslar ulardagi axborotlarning to‘g‘riligi uchun javobgardir. Boshlang‘ich hisob hujjatlaridagi tuzatishlar hujjatni to‘lg‘azgan shaxs tomonidan, tuzatish sanasi ko‘rsatilgan holda tasdiqlanishi lozim. Zarur hollarda esa xatoga yo‘l qo‘yilgan hujjat to‘g‘risida izohlar berilgan tuzatuvchi hujjat rasmiylashtirilishi ham mumkin (buxgalteriya ma’lumotnomasi).
Buxgalteriya yozuvlari qo‘lda yozilganida ham, kompyuter yordamida amalga oshirilganida ham, baribir quyidagi qoidalarga rioya qilinishi lozim:
yozuvlarni boshlang‘ich hisob hujjatlariga asosan amalga oshirish;
xo‘jalik operatsiyalarini o‘z vaqtida xronologik tartibda ro‘yxatga olish;
har oyning birinchi sanasiga bosh daftardagi sintetik schyotlarni yordamchi analitik schyotlar bilan har oyda solishtirish.
Barcha xo‘jalik operatsiyalari tegishli tarzda hujjatlashtirilishi zarur. Xususan, har bir operatsiya bo‘yicha isbotlovchi hujjat rasmiylashtirilib, sodir bo‘lgan xo‘jalik operatsiyasining mavdjudligi, to‘liqligi va ishonchliligi tasdiqlanishi lozim (isbotlovchi hujjatlar). Schyot-fakturalar, cheklar va boshqa hujjatlar isbotlovchi hujjatlar bo‘lib hisoblanadi. Tuzatish, hisoblash va boshqa ichki ko‘chirib o‘tkazish yoki hisob-kitoblarga asoslangan, ro‘yxatga olingan moddalar uchun isbotlovchi hujjatlar korxona ichida to‘lg‘aziladi. Bu gap ma’lumotlarni elektron ishlov berishning buxgalterlik tizimlariga ham taaluqlidir. Elektron ishlov berilgan ma’lumotlarni kompyuterda saqlash va qog‘ozga bosmadan chiqarish tayyorgarligiga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi.
Boshlang‘ich hisobda qo‘llaniladigan barcha hujjatlar tegishli tarzda saqlanishi uchun shart-sharoitlar mavjud bo‘lishi lozim (bu haqda 29-modda sharhlarida ma’lumot batafsil beriladi).