18-modda. Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish
18 – modda daromadlar va xarajatlarni hisobga olish tartibini belgilaydi. Ushbu modda eski tahrirda aynan shu nomdagi 13-modda bo‘lgan. Lekin yangi tahrirda daromadlar va xarajatlar «buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq» aks ettirilishi to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi bo‘yicha daromadlar va xarajatlar «byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq» aks ettirilishi to‘g‘risida aniqlik kiritilgan.
Foyda ko‘rsatkichi dunyo amaliyotida ko‘pincha biznes samaradorligining mezoni yoki investitsiyalardan olingan daromadlar yoki aкsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlardan olingan daromad (tushum) larni tahlil qilish vositasi sifatida qo‘llaniladi.
Daromadlar va xarajatlar foydani aniqlashga taalluqli bo‘lgan bevosita elementlar hisoblanadi. Daromadlar va xarajatlarni, natijada esa foydani aniqlash korxona tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlashda qo‘llaniladigan kapital va uni saqlash konsepsiyasiga qisman bog‘liq.
Daromadlar va xarajatlarning elementlari quyidagicha aniqlanadi:
a) daromadlar bu – hisobot davri ichida aktivlarning ko‘payishi yoki passivlarning kamayishi ko‘rinishida iqtisodiy foydaning o‘sishi bo‘lib, kapitalning o‘sishiga olib keladi.
b) xarajatlar – bu hisobot davrida aktivlarning chiqishi yoki kamayishiga olib keluvchi majburiyatlar paydo bo‘lishi natijasida iqtisodiy foydaning kamayishidir.
Daromadlar va xarajatlarning ta’rifi ularning asosiy belgilarini aniqlaydi, ammo ularni moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirish uchun talab qilinadigan mezonlarni aniqlab bera olmaydi. Foydani aks ettirish aktivlarning o‘sishi yoki passivlarning kamayishini aks ettirish bilan bir vaqtda sodir bo‘ladi. Masalan, tovarlarni yoki xizmatlarni sotishda yuzaga keladigan aktivlar o‘sishi, yoki kreditorlarga qarzlar qaytarilishi bilan bog‘liq passivlar kamayishi hollari.
Xarajatlar moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda, ro‘y bergan aniq o‘lchanishi mumkin bo‘lgan aktivning kamayishi yoki passivning o‘sishiga taalluqli kelgusidagi foydaning kamayishi kabi aks ettiriladi. Bu, sarflarni aks ettirish, passivlar o‘sishi yoki aktivlar kamayishini hisobga olish bilan bir vaqtda sodir bo‘lishini bildiradi Masalan, xizmatchilar ish haqi yoki qurilmalar eskirishining o‘sishi.