O‘zbekistonda buxgalteriya hisobini normativ-huquqiy tartibga solish tizimi va uning tarkibi
O‘zbekiston Respublikasi «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonuniga sharhlar
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari
Korxonaning hisob siyosati
3.1. O‘zbekistonda buxgalteriya hisobini normativ-huquqiy tartibga solish tizimi va uning tarkibi
O‘zbekistonda buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish tizimi va uning asosiy elementlarini to‘rt pog‘onaga bo‘lish mumkin(3.1-rasm).
3.1-rasm. Buxgalteriya hisobini normativ - huquqiy tartibga
solish tizimi.
Birinchi pog‘ona: Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun.
O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustida qabul qilingan «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi 279-1-sonli qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahriri 2016 yil 13 aprelda Birinchi Prezident I.A.Karimov tomonidan tasdiqlandi.
Ta’kidlash zarurki, o‘tgan salkam yigirma yil davomida mazkur qonunning oldingi tahriri amaliyotda barqaror qo‘llandi. Lekin mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning bosqichma-bosqich chuqurlashtirilishi, milliy iqtisodiyotning jahon hamjamiyatiga uyg‘unlashuvi, xalqaro iqtisodiy aloqalar va investitsiya faoliyatining rivojlanishi kabilar oqibatida oldingi tahrirdagi qonun bir qator jihatlari bo‘yicha real hayotdan orqada qolayotgan edi.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobining normativ-huquqiy ta’minotini takomillashtirish zaruriyati milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va korporativ boshqaruvning rivojlanishi, moliyaviy hisobot xalqaro standartlarining joriy qilinishi kabilar bilan bog‘liq.
Qonunning yangi tahririda qo‘shimcha 10 ta modda kiritilgan bo‘lib, ularda qonunning maqsadi (1-modda), buxgalteriya hisobining asosiy prinsiplari (3-modda), buxgalteriya hisobi (4-modda), buxgalteriya axboroti (5-modda), sintetik va analitik hisob (8-modda), buxgalteriya hisobi standartlari (9-modda), buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari (12-modda), ichki nazorat (21-modda), buxgalterlarning jamoat birlashmalari(30-modda) va nizolarni hal etish(31-modda) tushunchalarining yuridik maqomi aniqlangan hamda tavsiflari yoritib berilgan.
Mazmunan eskirgan, ahamiyatini yo‘qotgan ayrim moddalar to‘liq bekor qilingan yoki ularning ayrim qoidalari boshqa moddalarga o‘tkazilgan (2, 6-moddalar). Shuningdek, oldingi tahrirdan saqlanib qolingan moddalarning ayrimlariga yangi normalar hamda tahririy tuzatishlar kiritilgan.
Umuman qonunning oldingi tahriridagi konsepsiyasi saqlab qolingan holda zamon talablaridan kelib chiqib yangi moddalar kiritilgan va mavjudlari takomillashtirilgan.
Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishning huquqiy maqomini belgilaydi. Shu bois keyingi o‘rinda unga batafsil to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |