6-modda. Buxgalteriya hisobi sub’ektlari
6-moddada buxgalteriya hisobining sub’ektlari belgilangan (oldingi tahrirdagi 3-modda). Bu moddaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda respublikada ro‘yxatga olingan barcha yuridik shaxslar, shuningdek ularning Respublika hududida hamda undan tashqarida joylashgan shu’ba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa tarkibiy bo‘linmalari buxgalteriya hisobining sub’ektlari bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, yuridik shaxs hisoblanmagan, ammo bankda hisob raqamiga ega bo‘lgan tadbirkorlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek chet el yuridik shaxslarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy bo‘linmalari ham buxgalteriya hisobining sub’ektlari hisoblanadi. Ushbu sub’ektlar ham amaldagi qonunchilikka muvofiq hisob yuritishi va hisobot taqdim etishi belgilangan
7-modda. Buxgalteriya hisobi ob’ektlari
7–moddaga muvofiq aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, zaxiralar, daromadlar, xarajatlar, foyda, zararlar va ularning harakati bilan bog‘liq xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ob’ektlari hisoblanadi. Xo‘jalik yurituvchi subektlarda buxgalteriya hisobining asosiy ob’ektlarini yanada batafsilroq bayon qilish mumkin. Jumladan, sub’ektning o‘z mablag‘lari, qarz mablag‘lar va ularning harakati; xo‘jalik jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan jonli va buyumlashgan mehnat xarajatlari; xo‘jalik munosabatlari, ya’ni mol yetkazib beruvchilar, pudratchilar, xaridorlar, davlat byudjeti va shunga o‘xshash tashkilotlar bilan bo‘ladigan hisob-kitob munosabatlari. Byudjetdan moliyalashtiriladigan sub’ektlarda ayrim o‘ziga xos hisob ob’ektlari mavjud. Bular davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar; byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qilingan sarflar (tasdiqlangan smetalar bo‘yicha); naqd pullik va naqd pulsiz hisob-kitob operatsiyalari. Ushbu ob’ektlar alohida elementlar bo‘yicha buxgalteriya hisobi schyotlarida pul ifodasida aks ettiriladi. Shuningdek, bu moddada buxgalteriya hisobi ob’ektlari sintetik va analitik schetlarda yuritilishiga ham urg‘u berilgan.
8-modda. Sintetik va analitik hisob Yangidan kiritilgan «Sintetik va analitik hisob» nomli 8-modda 7-moddaning mantiqiy davomi bo‘lib, unda sintetik va analitik hisobning maqomi alohida mustahkamlangan. Jumladan, sinetetik hisob buxgalteriya hisobi ob’ektlari haqidagi ma’lumotlarni muayyan iqtisodiy belgilar bo‘yicha umumlashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Sintetik hisob sintetik schetlarda faqat pul o‘lchovida yuritiladi. Bu buxgalteriya hisobining xo‘jalik hisobi boshqa turlari(operativ hisob, statistik hisob)dan farq qiluvchi asosiy xususiyatlaridan biridir.
Analitik hisob esa sintetik hisob schetida aks ettirilgan ob’ekt bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni shakllantirish uchun tashkil etiladi va yuritiladi. Bundan maqsad analitik hisob ob’ektlari ustidan muntazam ichki nazorat va monitoringni ta’minlashdan iborat. Analitik hisobda har bir hisob ob’ekti nafaqat pul o‘lchovida, balki hisob o‘lchovlarining boshqa tegishli turlari (mehnat o‘lchovi, natural o‘lchov)da ham ifodalanadi. Bu buxgalteriya hisobining funksiyalarini (nazorat, mulkning saqlanishini ta’minlash, tahlil va b.) ta’minlashga xizmat qiladi.
9-modda. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish
Ushbu «Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish» nomli 9-moddada oldingi tahrirdagi aynan shunday nomlangan 5-modda takomillashtirilgan tahrirda berilgan. Jumladan, unda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotini tartibga solish, shuningdek buxgalteriya hisobi standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Byudjet tashkilotlari hamda davlatning maqsadli jamg‘armalari buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish byudjet hisobi standartlari hamda boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlarining buxgalteriya hisobi hamda hisobotlari amaldagi qonunchilikka muvofiq Markaziy Bank tomonidan tartibga solinadi. Buxgalteriya hisobini yuritish qoidalari esa uning milliy standartlari bilan belgilanadi. Shuningdek, ushbu moddaga muvofiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlikdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun buxgalteriya hisobini yuritish ham tegishli standart bilan belgilanadi.
Qonunning eski tahriridagi «Buxgalteriya hisobining asosiy qoidalari» nomli 6-modda bekor qilingan.
10-modda. Buxgalteriya hisobi standartlari Qonunning yangi tahririda buxgalteriya hisobi standartlarining maqomini mustahkamlash va aniqlashtirish maqsadida «Buxgalteriya hisobi standartlari» nomli 10-modda kiritilgan. Ushbu moddada umuman buxgalteriya hisobi standartlari, xususan buxgalteriya hisobining milliy standartlari va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarining mohiyati va ahamiyatiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, unda buxgalteriya hisobi milliy standartlarida buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishga doir maxsus talablar belgilanganligi ta’kidlanadi.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari esa buxgalteriya hisobi sub’ektlari tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda qo‘llanishi belgilangan.
Fikrimizcha, ushbu moddaga quyidagi mazmunda qo‘shimcha kiritilsa, milliy iqtisodiyot tarmoqlari miqyosida buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobot tuzishning me’yoriy-uslubiy ta’minoti yanada mukammallashgan bo‘lar edi: «Tarmoq vazirlik va idoralari tomonidan ushbu qonun va buxgalteriya hisobi standartlari qoidalariga zid bo‘lmagan, muayyan tarmoqning xususiyatlari hisobga olingan me’yoriy hujjatlar, uslubiy ko‘rsatmalar va tavsiyanomalar ishlab chiqiladi».