Juda muhim. To‘g‘ridan to‘gri kesimga tobe bog‘lanib kelgan to‘ldiruvchilar mustaqil to‘ldiruvchilar sanaladi. Masalan, seni sog‘indim gapida kimni? so‘rog‘iga javob bo‘luvchi seni so‘zi kesim vazifasida keluvchi sog‘indim bo‘lagiga bog‘lanib, mustaqil to‘ldiruvchi vazifasida keladi. Kesim vazifasida kelmagan, bunday to‘ldiruvchilar o‘zi bog‘langan fe’l bilan bog‘langan to‘ldiruvchilar nomustaqil to‘ldiruvchi hisoblanadi. Shuning uchun u biron bir ikkinchi darajali bo‘lakning tarkibiy qismi-bo‘lakning bo‘lagi vazifasini bajaradi. Masalan, Dangasaning non yеyishini ko‘r gapida dangasaning non yеyishi birikmasi nimani? so‘rog‘iga javob bo‘lib, birikmali to‘ldiruvchi vazifasida keladi. Birikmali gap bo‘lagi esa kimning? va nimani? so‘roqlariga javob bo‘luvchi aniqlovchi (dangasaning) va to‘ldiruvchi (non) larni o‘z ichiga oladi. Bu bo‘lak tarkibidagi non bo‘lagi nomustaqil to‘ldiruvchi, bo‘lakning bo‘lagidir.
To‘ldiruvchilar kesim bilan qanday bog‘lovchi vosita yordamida bog‘lanishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: a) kelishikli to‘ldiruvchilar; b) ko‘makchili to‘ldiruvchilar. Masalan, sen bilan (kim bilan?) olam munavvar gapida sen bilan bo‘lagi ko‘makchili to‘ldiruvchi. Senga (kimga?) aytar gapim bor gapidagi senga bo‘lagi kelishikli to‘ldiruvchi sanaladi.
Tushum kelishigi bilan shakllangan to‘ldiruvchilarda to‘ldiruvchi bilan u bog‘langan hokim bo‘lak yonma-yon turganda tushum kelishigi ifodalanmasligi mumkin, lekin uning borligi so‘rog‘idan va kesimning o‘timli fe’l ekanligidan ko‘rinib turadi. Masalan, shoirlari g‘azal bitadi, gapida g‘azal so‘zi u bog‘langan kesim o‘timli fe’l bilan ifodalangan bo‘lib, nimani? so‘rog‘iga javob bo‘luvchi so‘zning bo‘lishini talab qiladi. Agar to‘ldiruvchini kesimdan uzoqlashtirsak, to‘ldiruvchi bilan kesim o‘rtasiga boshqa bir so‘zni kiritsak, tushum kelishigi tiklanadi. Masalan, G‘azalni shoirlari yozadi. Ko‘rinadiki, tushum kelishigi doimo tushib qola bermaydi.
Juda muhim. To‘ldiruvchi hokim bo‘lakdan anglashilgan harakatiga, munosabatiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1) vositasiz to‘ldiruvchi; 2) vositali to‘ldiruvchi.
Tushum kelishigi orqali ifodalangan to‘ldiruvchi vositasiz, qolgan shakllardagi to‘ldiruvchilar vositali sanaladi.
Ko‘makchilar yordamida shakllangan vositali to‘ldiruvchilar bilan xuddi shu ko‘rinishda shakllangan vaziyat hollari savollariga qarab farqlanadi: Paxta mashina bilan terildi (nima bilan? – to‘ld.). Paxta zavq bilan terildi (qanday? - hol). Jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishigidagi so‘zlar doimo to‘ldiruvchi bo‘lib kelavermaydi, ular hol vazifasini ham bajaradi, bunda ham ular savolga qarab farqlanadi: U yolg‘ondan hayron bo‘ldi (qanday? - hol). U akasidan eshitdi (kimdan? – to‘ld.). U maktabga bordi (qayerga? - hol). Menga gapirdi (kimga? – to‘ld.).
Do'stlaringiz bilan baham: |