So‘z birikmasi va turg‘un bog‘lanma
1. Yigit oqimga qarshi suzib, ariqning boshiga yetdi. – Qo‘rsligi, bema’ni gaplari, axir uning boshiga yetdi. 2. Shifokor dorini bolaning qulog‘iga quydi. – Ota-bobolar nomini doim esda tutish kerakligini o‘g‘lining qulog‘iga quydi. 3. Semiz qo‘y go‘shti o‘z yog‘ida qovurildi. – Yakka qolgan Hasanboy vijdon azobida o‘z yog‘ida qovurildi. 4. “Qizingizning ko‘zlari yaxshi ko‘radi”, - dedi hakim. – “Shahzoda falon mahallada yashovchi kosibning qizini yaxshi ko‘radi”, - dedi tabib. (M. O.)
Bilib oling. So‘z birikmasida so‘zlar o‘zaro erkin bog‘langan bo‘ladi: tushuncha anglatadi, turg‘un bog‘lanma (ibora)larda esa so‘zlar ma’noviy butunlik uchun birlashgan – yaxlitlangan bo‘ladi va bir leksik ma’no anglatadi.
Turg‘un bog‘lanma (ibora)ga bir so‘z sifatida qaraladi, lug‘atlarda so‘zlar qatorida beriladi, chunki ular ham so‘zlar kabi ma’no ifodalaydi. Masalan, ko‘zni yog‘ bosgan iborasi – “mag‘rurlangan”, yog‘ tushsa yalaguday iborasi – “toza”, to‘nini teskari kiyib olmoq iborasi – “qaysarlik qilmoq” ma’nosini beradi, ammo bu ma’nolarni oddiy emas, obrazli tarzda ifodalaydi.
So‘z birikmalaridagi so‘zlarni, erkin bog‘langani uchun, almashtirish mumkin, turg‘un bog‘lanma (ibora)lardagi so‘zlarni almashtirib bo‘lmaydi, ular bir ma’no ifodalash qonuniyati asosida turg‘unlashgan, yaxlitlangan bo‘ladi: bo‘yniga qo‘ymoq (iqror qilmoq), ko‘nglidan o‘tkazmoq (o‘ylamoq), o‘pkasi yo‘q (hovliqma) kabi.
So‘z birikmasi va turg‘un bog‘lanma gapda o‘xshash shaklda uchrashi mumkin, lekin biri tushuncha, biri leksik ma’no ifodalaydi. Qiyoslaymiz: Bu yuk hozircha omborning ichiga sig‘maydi. – Shu kunlarda Feruzaning sevinchi ichiga sig‘maydi.
So‘z birikmalari zanjiri
Ona tili (8-sinf)
Bilib oling. Ikki va undan ortiq so‘z birikmasi bir so‘z birikmasiga birlashsa, so‘z birikmalari zanjiri hosil bo‘ladi: o‘zbek tili + o‘zbek adabiyoti = o‘zbek tili va adabiyoti; o‘zbek xalqi + qozoq xalqi + turkman xalqi = o‘zbek, qozoq va turkman xalqlari. So‘z birikmasidagi tobe va hokim so‘zlar orasida bir necha boshqa so‘zlar va so‘z birikmalari kelishi mumkin. Bunda bir so‘z birikmasi tarkibidagi hokim so‘z ikkinchi birikma tarkibida tobe mavqeida bo‘la oladi. Masalan:
Paxta gulli chinni piyola - paxta gulli - chinni piyola
Uchta paxta gulli chinni piyola - paxta gulli chinni piyola – paxta gulli - chinni piyola
Shimoldan esgan shamol - shimoldan esgan
Shimoldan esgan mayin shamol - shimoldan esgan – mayin shamol
Uch kundan beri shimoldan esgan mayin shamol - shimoldan esgan mayin shamol - uch kundan beri - shimoldan esgan - mayin shamol
Do'stlaringiz bilan baham: |