Qaratqich va tushum kelishiklaridan o‘rinli foydalanish
Qaratqich va tushum kelishigi qo‘shimchalari bir-biriga shakl jihatidan juda yaqin. Shuning uchun og‘zaki so‘zlashuvda qaratqich kelishigi o‘rnida ham ko‘pincha tushum kelishigi qo‘shimchasi qo‘llaniladi. Masalan, olmaning sharbati o‘rniga olmani sharbati deyiladi. Natijada yozuvda ham ko‘pchilik og‘zaki so‘zlashuv ta’sirida shunday yozib qo‘yadi. Bunday xatodan qutilish uchun hokim so‘zning ifodalanishiga e’tibor berish kerak.
Eslab qoling. Agar hokim bo‘lak sof fe’l bilan ifodalansa va bu fe’l kimni? nimani? qayerni? so‘roqlariga javob bo‘luvchi so‘zni talab qilsa, tobe bo‘lak tushum kelishigida qo‘llanadi, hokim bo‘lak egalik qo‘shimchasini olgan ot, ba’zan harakat nomi va sifatdosh bilan ifodalansa, tobe bo‘lak qaratqich kelishigida qo‘llaniladi.
GAP
Gap haqida umumiy ma’lumot
Ona tili (5-sinf)
Ohang va fikr tugalligiga ega bo‘lib, kesimlik shakllari orqali ifodalanuvchi so‘z va so‘zlar qo‘shilmasiga gap deyiladi. Masalan: Vohid o‘rnidan turdi (O.Yoqubov). Yurtimiz qanday chiroyli! Yozuvda gap oxiriga nuqta, so‘roq yoki undov belgilaridan biri qo‘yiladi va har bir gap bosh harf bilan boshlanadi.
Gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari
Ona tili (5-sinf)
Gapning ifoda maqsadiga ko‘ra to‘rt xil shakli bor: 1) darak gap; 2) so‘roq gap; 3) buyruq gap; 4) istak gap.
Darak gapda biror voqea-hodisa haqida xabar beriladi. Shuning uchun darak gaplarning kesimi darak-xabar ma’nosini bildiruvchi so‘zlar yordamida ifodalanadi. Masalan: Vatanimizning har bir qarich yerini qadrlaymiz.
Darak, xabar ma’nosini bildiruvchi gaplarga darak gaplar deyiladi. Darak gaplar oxiriga yozuvda doimo nuqta qo‘yiladi.
So‘roq ma’nosini bildirgan gaplar so‘roq gaplar hisoblanadi.
So‘roq gaplar so‘roq olmoshlari (kim?, nima?, qayer?, qancha? kabi), so‘roq yuklamalari (-mi, -chi, -a (-ya) yoki so‘roq ohangi yordamida ifodalanadi. Masalan:
-Tunda yo‘lga chiqamiz. – Tunda?
Yozuvda so‘roq gap oxiriga so‘roq (?) belgisi qo‘yiladi.
So‘roq gaplar tarkibida ko‘pincha so‘roq olmoshlari ishtirok etadi.
So‘roq olmoshlari yordamida ifodalangan so‘roq gaplar so‘roqqa javob bo‘luvchi so‘zni talab qiladi.
Masalan: -Ko‘chatlarga kim suv quydi? -Salim.
So‘roq gaplarning bir guruhi –mi, -chi, -a(-ya) kabi so‘roq yuklamalari orqali ifodalanadi. Bu yuklamalar so‘roq gaplarning kesimi oxiriga qo‘shiladi.
So‘roq yuklamalari orqali ifodalangan so‘roq gaplar ha yoki yo‘q javoblarini talab qiladi.
Yozuvda –mi yuklamasi kesimga qo‘shib yoziladi. -chi va –a(-ya) yuklamalari esa o‘zi qo‘shilayotgan so‘zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi.
Buyurish, da’vat qilish ma’nolarini bildirgan gaplar buyruq gap sanaladi. Masalan: Chiroyli yoz.
Buyruq gaplarning kesimi buyruq shaklidagi fe’llar orqali ifodalanadi. Buyruq gap oxiriga nuqta qo‘yiladi.
Kesimi –sa shaklidagi fe’llar bilan ifodalangan gaplar istak gap hisoblanadi. Masalan: Xorijiy tillarni yaxshi o‘rganib, chet ellarga o‘qishga borsam. Istak gaplar oxiriga nuqta (.) qo‘yiladi.
Gaplar so‘zlovchining his-hayajoni qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligiga ko‘ra his-hayajonsiz gaplar va his-hayajon gaplarga bo‘linadi.
His-hayajon ohangi bilan aytilgan darak,so‘roq, buyruq shaklidagi gaplar his-hayajon gaplar sanaladi. Masalan: Ey,Vatan! Polvonlaring bor bo‘lsin! Uyg‘oq bo‘lsin! (Y.Eshbek)
His-hayajon gaplarda ko‘pincha qancha, naqadar, shunchalar, qanday so‘zlari hamda undov so‘zlar ishtirok etadi yoki kesim gapning oldida keladi. Masalan: Oh,naqadar go‘zal ona tabiat!
Yozuvda his-hayajon gaplar oxiriga undov (!) belgisi qo‘yiladi. Agar so‘roq gap his-hayajon bilan aytilsa, oldin so‘roq belgisi, undan so‘ng undov belgisi ishlatiladi. Masalan:Chiqmaysizmi?!
Do'stlaringiz bilan baham: |