Inkor
tushunchasi kundalik ongda «yo‘q», so‘zi bilan qo‘shilib ketadi, inkor qilmoq —
«yo‘q»
demakdir, biror narsani rad etmoqdir. Lekin dialektikada inkor kundalik ongda
ishlatiladigan tushunchadan farq qiladi. Dialektikada inkor qilish to‘g‘ridan-to‘g‘ri «yo‘q»
degani emas, ya’ni narsani mavjud emas, deb e’lon qilmoq yoki uni har qanday usul bilan
yo‘qotib tashlamoq emas.
Inkorni dialektik tushunish
yangining eski bilan oddiy almashuvi bo‘lmasdan,
balki eskining bag‘rida vujudga kelib,
undan foydalanib, qaror topishini tan olishdir.
Dialektik inkorning muhim ikki jihati mavjud: birinchisi, eskining o‘rniga yangining
kelishi tabiiy-tarixiy jarayon bo‘lganligi uchun taraqqiyotning muhim sharti hisoblansa;
ikkinchisi, u yangini eski bilan vorisiy bog‘liq ekanligini ham ifodalaydi.
Inkorni inkor qonunini tushunish uchun uni nega shunday deb atalishini izohlamoq
lozim. Falsafaning bu ta’limotini ikki marta takrorlanuvchi inkorda ifodalanishi olamdagi
narsa va hodisalarning doimiy ravishda o‘zgarib, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tib
borishi va oqibatda, rivojlanish uzluksiz ekanligidan kelib chiqadi.
Bu qonunga ko‘ra, har bir mavjud bo‘lgan narsa va hodisa o‘zigacha bo‘lgan sifat
va miqdor inkor etilishining mahsuli, shu bilan birga, ana shu narsa va hodisalarning o‘zi
ham sharoitning o‘zgarishi, vaqtning o‘tishi bilan inkor etilishga mahkumdir. Demak, har
bir narsa va hodisaning o‘zgarishi va rivojlanishi hamisha ikki va undan ko‘proq inkor
etishlar bilan amalga oshadi. Insoniyat tarixi – avlodlar almashinuvi tarixidir, deyilganida
ham ana shunday hol nazarda tutiladi.
Inkorni inkorning
yana bir muhim belgisi shuki, taraqqiyotdagi davriylikning
muayyan halqasida, ya’ni navbatdagi inkor bosqichida uning oldingi bosqichidagi ba’zi
belgilar takrorlanadi. Masalan, don o‘simlikdan yana donlarga aylanadi, keyinroq yana
o‘simlikka va hokazo.
Inkorni inkorning amal qilishi tufayli taraqqiyot to‘g‘ri chiziq shaklida emas, doira
shaklida bo‘ladi, uning oxirgi nuqtasi boshlang‘ich nuqtaga yaqinlashadi.
Lekin bu
yaqinlashuv uning oxirgi nuqta bilan tutashishi bo‘lmasdan, balki yuqori bosqichda sodir
bo‘lishi sababli taraqqiyot spiral shaklga ega bo‘ladi. Bu spiralning har bir yangi o‘rami
oldingi o‘ramiga nisbatan yuqoriroq bosqichda yuzaga keladi.
Dialektik inkor yangi bilan eski o‘rtasidagi bog‘lanishni butkul rad qiladi, deb
tushunmaslik kerak. Yangi qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, u yo‘q joydan paydo bo‘lmaydi,
balki eskining qobig‘ida asta-sekin shakllanadi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda eskidan
yangiga o‘tilayotganda eski butunlay tashlab yuborilmaydi, balki uning ijobiy tomonlari
saqlanib qoladi va rivojlanish davom ettiriladi. Demak, yangi bilan eski o‘rtasida vorislik
mavjuddir. Inkorni inkor qonuni taraqqiyotda vorislik va qaytariluvchanlikning birligini
tavsiflaydi. Dialektik inkorning muhim xususiyati ana shundan iborat.
Inkorni inkor qonuni mustaqillik va bozor iqtisodiyoti jarayonida ro‘y berayotgan
hodisalar mohiyatini ilmiy anglashda katta ahamiyat kasb etadi. Yangi jamiyatni barpo
etishga qaratilgan o‘zgarishlar hamma narsani butunlay yo‘q qilishni bildirmaydi.
Aksincha, bu — xalqimiz taraqqiyoti jarayonida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy,
ma’naviy
yutuqlarni saqlab qolib, ularni yanada boyitib, rivojlantirishdan iboratdir.
Mazkur jarayonning asosiy tamoyili “yangisini qurmasdan, eskini buzmaslik lozim”ligi
to‘g‘risidagi xulosada yaqqol o‘z asosini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: