Ichki quloq (auris interna) murakkab tuzilgan bo‘lib, chakka suyagining piramidasimon o‘simtasi ichida joylashgan va labirint deb ataluvchi suyak kanallaridan tuzilgan. Suyak labirinti ichida pardasimon labirint joylashgan. Pardasimon labirint endolimfa bilan, suyak labirinti bilan pardasimon labirint orasidagi bo‘shliq esa kimyoviy tarkibiga ko‘ra orqa miya suyuqlig‘iga o‘xshash perilimfa bilan to‘lgan. Suyak labirinti dahliz, 3 ta yarim halqasimon kanallar va chig‘anoqdan tashkil topgan.
Dahliz (vestibulum) suyak labirintining markaziy qismini tashkil etib, uning tashqi devorida dahliz darchasi, qarama-qarshi ichki devorida dahlizning pardasimon xaltachalari uchun 2 ta yuzachuqurchalar bo‘ladi. Oldingi xaltacha dahlizning oldingi tomonida joylashgan pardasimon chig‘anoq bilan, orqadagi xaltacha esa dahlizning orqa va yuqori tomonida joylashgan 3 ta pardasimon yarim doira kanal bilan tutashadi. Yarim halqasimon kanallar 3 ta kanaldan iborat bo‘lib, 3 ta tekislikda: gorizontal, frontal va sagittal tekisliklarda joylashgan. Har bir kanalning ikkita oyoqchasi bo‘lib, ular ampulyar va oddiy oyoqcha deyiladi. Oldingi va orqa kanallarning oddiy oyoqchalari bir-biriga qo‘shilib bitta umumiy oyoqchani tashkil qiladi. 3 ta yarim halqa kanallarning 6 ta oyoqchalari va 5 ta teshigi mavjud bo‘lib, ular dahlizga ochiladi. Chig‘anoq o‘z o‘qi atrofida 2,5 marta aylanishdan hosil bo‘ladi. Uning asosi ichki eshituv yo‘liga qarab turadi, undan vintsimon suyak plastinkasining ichki kanali ajraladi. Bu suyak plastinka – yuqorigi va pastki spiral yo‘lakchaga bo‘linadi. Yuqori yo‘lakcha dahliz narvonchasi, pastkisi nog‘ora narvonchasi. Bu ikkala narvoncha bir-biridan ajralgan (izolatsiya qilingan) bo‘lib, faqat chig‘anoq uchidagina teshik orqali tutashib turadi. Dahliz narvonchasi dahliz bilan tutashadi. Nog‘ora narvonchasi chig‘anoq darchasi yoki aylanma darcha orqali nog‘ora bo‘shlig‘i bilan chegaralanadi. Birinchi jingalak chig‘anoq asosi hisoblanadi, u bo‘rtiq hosil qilib nog‘ora bo‘shlig‘iga chiqib turadi. Suyak labirinti perilimfa suyuqlig‘i bilan to‘lgan. Undagi pardasimon labirint ichida esa endolimfa suyuqlig‘i bo‘ladi. Chig‘anoq pardasi spiralsimon kanal ko‘rinishida bo‘lib, chig‘anoq yo‘li uning ichida retseptor apparat – spiral (Kortiyev) a’zosi joylashgan. Pardasimon yarim aylana kanallar suyak kanallarida joylashgan. Ularning diametri kichik bo‘lib, suyak kanallari tuzilishiga o‘xshaydi, ya’ni ampulyar va silliq qismi tizzachaga ega bo‘lib, biriktiruvchi to‘qima bo‘rtmalari orqali suyak devorining ustki pardasiga birikadi, ulardan tomirlar o‘tadi. Pardasimon kanallar, ichki sathi endoteliy bilan qoplangan bo‘lib, retseptor hujayralar joylashgan, ampula bundan mustasno. Ampulaning ichki sathida doirasimon bo‘rtiq – toj bo‘lib, bunda tayanch hamda seziluvchi tukli hujayralar joylashgan, ular vestibular nervning periferik retseptorlari hisoblanadi.Labirint dahlizida ikkita pardasimon xaltacha sacculus va utriculus bo‘lib, ularda otolit apparati joylashgan. Sezuvchi hujayralar tukchalari murakkablashib qo‘shilib to‘r hosil qiladi, unda ko‘p miqdorda kristallar saqlangan, dirildoq membrana joylashgan. Bu kristallar otolitlar deb ataladi, ular fosfat va kalsiy karbonatdan tashkil topgan. Tukli hujayralar tuklari otolitlar bilan birgalikda otolit membranasini hosil qiladi. Ichki quloq ichki eshituv arteriyasi orqali qon bilan ta’minlanadi. Ichki quloq vena qon tomirlaridan qon uch yo‘l: chig‘anoq suv yo‘li venasi, dahliz suv yo‘li venasi va ichki eshituv yo‘li venalari orqali qaytadi.Ichki quloq innervatsiyasi kalla nervining VIII juft nervi orqali innervatsiya qilinadi, u uzunchoq miyadan chiqib, ko‘prik-miyacha burchagi orqali yagona poya hosil qilgan holda ichki eshituv yo‘liga yo‘naladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |