Nog‘ora bo‘shlig‘ining oltita devori bor:
1. Yuqori devori yoki nog‘ora bo‘shlig‘ining tomi yupqa suyak plastinkasidan tuzilgan bo‘lib, o‘rta quloqni kalla bo‘shlig‘idan ajratib turadi.
2. Orqa devori nog‘ora bo‘shlig‘ini so‘rg‘ichsimon o‘siq ichidagi havo saqlovchi kataklar bilan qo‘shadigan bir necha teshikchalardan iborat.
3. Pastki devor yordamida nog‘ora bo‘shlig‘i bo‘yinturuq venaning piyozsimon qismidan ajralib turadi. U yupqa plastinkadan iborat.
4. Oldingi devori ichki uyqu arteriyasi kanalidan ajratib turadi. Uning yuqori qismida eshituv nayining teshigi bor.
5. Ichki devori yupqa plastinkadan iborat. Devor o‘rtasida bo‘rtib chiqqan do‘nglik pastda joylashgan dumaloq teshik nog‘ora parda bilan qoplangan. Do‘nglikning yuqorirog‘ida joylashgan oval teshikni o‘rta quloqqa joylashgan uzangining asosi berkitib turadi. Oval teshik tepasida yuz nervi o‘tadigan kanal yotadi. Kanal devori juda yupqa bo‘lib, o‘rta quloq kasallanganda yuz nerviga ta’sir etadi.
6. Tashqi devori – o‘rta quloq bilan tashqi quloq chegarasida joylashgan nog‘ora pardadan iborat. Nog‘ora bo‘shlig‘ining shilliq pardasi burun-halqum shilliq pardasining davomi hisoblanadi. Nog‘ora bo‘shlig‘i 3 ta eshitish suyakchalaridan: bolg‘acha, sandon va uzangidan iborat bo‘lib, ular o‘zaro paylar va boylamlar (bo‘g‘imlar) bilan birikkan, tuzilishi va funksiyasi jihatidan yaxlit zanjir hosil qilgan, u nog‘ora pardadan dahliz darchasigacha davom etadi. Nog‘ora bo‘shlig‘ida ikkita muskul bor. Ular nog‘ora pardani taranglab turuvchi muskul va uzangi muskulidir. Bu ikkala muskul, bir tomondan, eshituv suyaklarini tarang tortib, ya’ni tovushni o‘tkazish uchun qulay vaziyatda tutib turadi, ikkinchi tomondan, ichki quloqni har xil kuchli tovush zarbalaridan reflektor ravishda qisqarib zararlanishdan himoya qiladi. Shunday qilib, havo to‘lqini tashqi quloqdan nog‘ora pardaga tegib, uni harakatlantiradi. Bu harakat to‘lqini o‘z navbatida eshitish suyaklarini harakatlantirib, eshitish (havo) to‘lqini ovalsimon teshik orqali ichki quloqqa o‘tkaziladi Eshituv (Yevstaxiy) nayi orqali nog‘ora bo‘shlig‘i burun-halqum sohasida tashqi muhit bilan tutashgan. U ikki qismdan iborat: qisqa suyak (kanalning 1/3 qismi) va uzun tog‘aysimon pardali qism (kanalning -2/3 qismi). Uning uzunligi katta odamlarda 3,5 sm, chaqaloqlarda 2 sm bo‘lib, suyak qismi tog‘ay qismidan 2 mm qisqadir. Eshituv nayining yutqin teshigi burun-halqumning yon devorida joylashgan bo‘lib, pastki burun chig‘anog‘iga to‘g‘ri keladi.Nog‘ora bo‘shlig‘ining qon bilan ta’minlanishi nog‘ora va bigiz-so‘rg‘ichsimon arteriyalar orqali amalga oshadi.Nog‘ora bo‘shlig‘idan qonning orqaga qaytishi esa shu nomli venalar orqali ta’minlanadi. Limfa esa eshituv nayi shilliq pardasi bo‘ylab yutqin orti limfa tugunlari orqali oqadi. Nog‘ora bo‘shlig‘ining sezuvchanligi 3 shoxli hamda til-halqum nervlari tolalalidan iborat, nog‘ora chigali orqali innervatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |