XULLAS, TO‘QQIZINCHI QOIDA:
Bu kunni xuddi u hayotingizning so‘nggi kunidek yashang. Shuni unutmangki, «ertaga» so‘zi faqat nodonlar taqvimida uchraydi. Kechagi mag‘lubiyatlar haqida unuting va ertangi kun muammolariga e’tibor bermang. Sizning Qiyomat kuningiz kelgan. Uni yilning eng yaxshi kuniga aylantiring. «Agar umrimni qaytadan yashash imkoni bo‘lganda edi...», degan so‘zlardan g‘amginroq so‘zlar yo‘q dunyoda. Estafeta tayog‘ini oling-da, olg‘a yuguring. Bu sizning kuningiz!
O‘NINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Bugundan boshlab hammaga — do‘stu dushmanga, tanishu notanishga — go‘yo ular yarim tunda olamdan o‘tadigandek munosabatda bo‘ling. Uchrashuvlaringiz nechog‘li qisqa bo‘lmasin, odamlarga bor mehringiz, e’tiboringiz va muhabbatingizni bering. Buni chin dildan, beg‘araz qiling. Shunda har kuningiz bayramga aylanadi.
Har qanday o‘yin qoidalari singari, turmushning barcha qoidalari ham bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Bitta qoidani bajarsangiz, u sizni keyingisiga olib keladi va hokazo. Biroq, hayot atalmish o‘yinni jiddiy o‘ynash kerakligini unutmang.
Har kuni go‘yo u hayotingizning so‘nggi kunidek yashay bilish — baxtli va muvaffaqiyatli turmushning bosh tamoyillaridan biri. Biroq, xuddi shunday kuchli va samarali yana bir qoida borki, uni avvalgi qoidadan farqli o‘laroq, juda kam odam biladi.
Har kunni go‘yo u hayotingizdagi yagona kunidek yashab, o‘zingiz bilan uchrashadigan barcha odamlarga — oila a’zolaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz, hamkasblaringiz, mijozlaringiz, ko‘chadagi yo‘lovchilar va hatto dushmanlaringizga ham (agar ular bo‘lsa), xuddi siz ularning har biri haqida qandaydir chuqur va ilohiy sirni biladigandek munosabatda bo‘ling. Mana, bu sir: ular ham yerda o‘zlarining so‘nggi kunlarini yashamoqdalar va yarim tunda jon beradilar!
Qiziq, agar siz kun oxirida bu odamlar chindan ham abadiy ko‘z yumishlarini aniq bilganingizda, ularga qanday munosabatda bo‘lar edingiz? Buni o‘zingiz yaxshi bilasiz: oldingidan ko‘proq mehr, e’tibor va muhabbat bilan. Xo‘sh, ular sizning bu mehribonligingizga qanday javob berishadi? Tabiiyki, xuddi shunday mehr-oqibat, e’tibor va muhabbat bilan. Har kuni shunday qiling. Xo‘sh, agar siz hayotingizni beg‘araz muhabbat bilan to‘ldirsangiz, u qanday o‘zgaradi? Ko‘rib turibman, siz jilmayyapsiz. Demak, javobni bilasiz.
Yigirma yil muqaddam, mualliflarni yangi kitoblarini radio, televidenie va gazetalarda reklama qilish uchun uzoq safarga jo‘natishganida, ular o‘zlarini hozirgidan ko‘proq yolg‘iz his qilishardi. Hozir ularni tom ma’noda qo‘llaridan yetaklab shahardan shaharga olib yurishadi, mehmonxonalarning puli oldindan to‘langan xos xonalariga joylashtirishadi. Oldingi paytlarda esa noshirlar avia-chiptalarni pochta orqali yuborib, mehmonxonada bitta xonani band qilib qo‘yishar, muallifni har bir shahardagi uchrashuvlar ro‘yxati bilan ta’minlashar edi. Aeroport va mehmonxonalarga o‘zimiz borishimiz, joydan-joyga doim taksida yurishimizga to‘g‘ri kelardi. Agar bir kunda yetti-sakkizta uchrashuv belgilangan-u (bu biz uchun favqulodda hodisa emasdi), uchrashuv joylari Los-Anjelesga o‘xshagan katta hududning turli yerlarida joylashgan bo‘lsa, kerakli joyga vaqtida yetib bora bilish uquvi irodamiz, chaqqonligimiz va uddaburonligimizning o‘ziga xos sinoviga aylanardi.
Bir necha yil avval, mamlakat bo‘ylab navbatdagi safarga chiqqanimda Neshvillda ro‘y bergan voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qora tanli yoshgina taksichi yigit meni mehmonxonadan shahar atrofidagi mavzelardan biriga eltib qo‘ydi. Bu yerda men WSM-TV studiyasining «Kunduzgi shou» sida qatnashishim kerak edi. Yo‘l olis bo‘lgani tufayli, biz gaplashib qoldik. Haydovchi — uning ismi Reymond Brayt edi, mijozi televizorda chiqishini eshitib, boshi osmonga yetdi.
Uchrashuvlarimning bir necha varaqdan iborat zich ro‘yxatida bu das-tur studiyadan jonli efirga chiqishi ko‘rsatilgan edi, uning uslubi jaz-orkestr va bir nechta mashhur xonandalar ishtirokidagi «Tungi shou»ni esga solardi. Biz manzilga yetib kelgach, taksichi yigit:
— Bu Neshvilldagi eng zo‘r telestudiya! — deb xitob qildi.
Aftidan, odamlarga mehr-oqibat ko‘rsatish haqidagi qoida ongimga chuqur o‘rnashib qolgan edi, chunki bu haqda kechagi uchrashuvimda batafsil gapirib bergandim. Nima bo‘lganda ham, Reyga yo‘lkira haqini berayotib, tuyqus:
— Siz televizion shou qanday suratga olinishini ko‘rganmisiz? — deb so‘radim.
— Yo‘q, ser.
— Xo‘-o‘sh... agar bir yarim soat bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa-yu, mashinangiz turib qolgani haqini to‘lasam, men bilan kirib, kamera oldida o‘zimni qanday alfozda ko‘rsatishimni ko‘rishni xohlamaysizmi?
— Gapingiz chinmi?
— Bo‘lmasa-chi. Shou tugaganidan keyin meni Koksberridagi kitob do‘koniga eltib qo‘yasiz, u yerda men soat bir yarimda o‘quvchilarga kitoblarimga dastxat yozib berishim kerak.
Taksichi hisoblagichga sariq bayroqchani ilib (bu uning mashina to‘xtab qolgani uchun haq olish niyati yo‘qligini anglatardi), mashinadan tushdi. Telestudiyada men yangi tanishimni shou boshlovchisi Teddi Bart va prodyuser Eleyn Genik bilan tanishtirdim. Ular bizni keng va charog‘on studiyaga boshlab kirishdi. Bu yerda orkestr allaqachon asboblarni sozlay boshlagan edi. Reyni birinchi qatordagi nufuzli mehmonlarga mo‘ljallangan joylardan biriga o‘tqizishdi. Men Teddi va Eleyn bilan bo‘lajak suhbat mavzusini muhokama qilgunimcha, Rey mashshoqlar asboblarini sozlab, o‘z chiqishlarini mashq qilishlari, kamera va mikrofonlarning esa har tomonga aylanishini hayrat bilan kuzatib o‘tirdi.
Shou tugaganidan so‘ng biz tez kitob do‘koniga yetib bordik. Keyin men Reyga qornim ochganini aytdim. U meni «shaharning o‘z qismi»dagi qahvaxonaga olib bordi. Kamina qahvaxonadagi yagona oqtanli mijoz edim. Shunga qaramay, meni bu yerda juda shirin gamburgerlar bilan siylashdi. Tamaddi qilib bo‘lganimizdan keyin hamyonimni chiqarish uchun cho‘ntagimga qo‘l soldim, biroq kimningdir kuchli qo‘li meni to‘xtatdi. Ovqatning haqini Rey to‘ladi, e’tirozimni u hatto eshitishni ham istamadi. So‘ng meni tag‘in ikkita joyga olib bordi. Bu yerda men radioda chiqishim kerak edi. Rey qaytib chiqqunimcha meni tashqarida kutib turdi. Keyin biz mehmonxonaga keldik. Bu yerdan narsalarimni olib, ro‘yxatdan o‘chib chiqqanimdan so‘ng, nihoyat, Rey meni aeroportga eltib qo‘ydi.
Yo‘lda men taksining orqa o‘rindig‘ida o‘tirib, mudrab qolibman. Bir vaqt:
— Mister Og... — degan do‘rillagan ovozdan o‘zimga keldim. Rey menga xuddi tok-shou boshlovchisi singari murojaat qilardi. — Mis-ter Og, men bu kunni hech qachon unutmayman.
— Nima uchun, Rey?
— Shuning uchunki, bu kun men o‘zimni birinchi marta katta odamdek his qildim.
Yo‘l bo‘yi, aeroportga yetgunimizga qadar men vaqti-vaqti bilan ro‘paramdagi ko‘zguda Reyning o‘zimga qadalgan katta moviy ko‘zlarini ilg‘ab, o‘ziga-o‘zi: «...birinchi marta o‘zimni katta odamdek his qildim», deb pichirlashini eshitib ketdim.
Aeroportda Rey taksidan tushib, yukimni yo‘lovchilar ro‘yxatga olinadigan joygacha olib borib qo‘ydi. Shu yerda men unga yo‘lkira haqini berdim. Kutilmaganda Rey meni quchoqlab oldi. Uning ko‘zlaridan tir-qirab yosh quyildi. Atrofdagilar bizni hayron kuzatishardi.
— Men sizni yaxshi ko‘raman, mister Og, — dedi Rey.
— Men ham seni yaxshi ko‘raman, Rey, — deb javob berdim ko‘nglim buzilib.
«Ular yarim tunda olamdan o‘tadi». Bu tamoyil siz uchrashadigan barcha odamlar bilan munosabatlar uchun yangi ufqlar ochadi. Unga amal qilish qiyin emas. Unga amal qilib siz hayotingizni uzil-kesil o‘zgartirishingiz mumkin. Urinib ko‘ring!
Do'stlaringiz bilan baham: |