TO‘QQIZINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Bu kunni xuddi u hayotingizning so‘nggi kunidek yashang. Shuni unutmangki, «ertaga» so‘zi faqat nodonlar taqvimida uchraydi. Kechagi mag‘lubiyatlar haqida unuting va ertangi kun muammolariga e’tibor bermang. Sizning Qiyomat kuningiz kelgan. Uni yilning eng yaxshi kuniga aylantiring. «Agar umrimni qaytadan yashash imkoni bo‘lganda edi...», degan so‘zlardan g‘amginroq so‘zlar yo‘q dunyoda. Estafeta tayog‘ini oling-da, olg‘a yuguring. Bugun sizning kuningiz!
Omadsiz odamlarning ko‘pchiligi o‘zlarini xuddi zaxirasida ming yil umrlari bordek tutadilar. Nima uchun? Shuning uchunki, ular o‘z kuchlariga ishonmaydilar va mas’uliyatdan qochishni afzal ko‘radilar.
Xo‘sh, ular qobiliyatlarini sinab ko‘rishdan o‘zlarini qanday olib qochadilar? Buning yo‘llari juda ko‘p. Kimdir ichkilikka yoki aysh-ishratga mukkasidan beriladi. Kimdir keragidan ikki-uch soat ortiq uxlaydi. Tag‘in kimdir umrini krossvordlar yechib, boshqotirma suratlarni hal qilib yoki televizor ko‘rib o‘tkazadi. «Tashvish chekmang, — deyishadi ular. — Hamma ishni... ertaga qilish mumkin». Ertaga? Men bu dunyoda ancha-muncha yashab qo‘ydim, umrim davomida minglab taqvimlarni ko‘rdim, ammo ularning birortasida ham «ertaga» degan sanani uchratmadim.
Hech qachon vaqtga bunday bepisand munosabatda bo‘lmang. Siz hayot bilan shartnoma tuzmagansiz. Agar «kecha» — bu puli to‘langan chek bo‘lsa, «ertaga» — bu faqat qarz majburiyati, xolos. «Bugun» esa — qo‘lingizdagi bor naqdina. Agar undan imkoniyatingiz darajasida foydalana olmasangiz, bunga faqat o‘zingiz aybdor bo‘lasiz.
Vaqt bizning erkaligimizni ko‘tarmaydi.
Toki biz har bir kunga xuddi butun umrimizga qaragandek munosabatda bo‘lmas ekanmiz, birortamiz ham chinakam katta muvaffaqiyatga erisha olmaymiz.
«Kuniga bir marta» so‘zlarida qanday kuch zohir ekanligini Anonim piyonistalar jamiyati qutqargan millionlab kishilar juda yaxshi bilishadi. «Har bir inson o‘z yukini, u nechog‘li og‘ir bo‘lmasin, toki qorong‘i tushguncha tashishi mumkin. Har bir kishi hatto eng og‘ir ishni ham bir kun davomida bajarishi mumkin. Har bir inson boshqa odamlarga nisbatan toki quyosh bir kunlik yo‘lini bosib o‘tguncha bag‘rikenglik, mehribonlik va muhabbat bilan munosabatda bo‘lishi mumkin. Hayotning asl ma’nosi ana shunda», deb yozgan edi Robert Luis Stivenson.
Nechog‘lik qiyin bo‘lmasin, siz bugungi yukni yelkangizda ushlab qolishingiz, har kuni bittadan vazifani hal qilib, qo‘yilgan maqsadga sekin-asta yaqinlashib borishingiz mumkin.
Mabodo, siz o‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolaringizdan kuyinib yoki ertaga ro‘y berishi mumkin bo‘lgan dahshatli hodisalar haqida g‘am chekib, soatlab tosh qotib o‘tiradigan bo‘lsangiz, ixtiyoringizdagi bittayu bitta narsa — bu bebaho kun ham barmoqlaringiz orasidan sirg‘alib o‘tib ketadi.
Bugun — sizning kuningiz, siz o‘z qobiliyatlaringizni dunyoga qo‘rsatib, umumiy ishga hissa qo‘shishingiz mumkin bo‘lgan yagona kun. Ehtimol, siz hayotimizni tashkil qilgan buyuk birlikdagi o‘z ulushingizning ahamiyatini hech qachon anglamassiz, ammo siz baribir o‘z rolingizni o‘ynashingiz shart va chiqish navbati hozir sizniki.
Qanchalik band bo‘lmang, siz baribir avval bir lahzani, so‘ng — undan keyingi lahzani boshdan kechirasiz. Siz har qanday mushkul vaziyatdan qutulib chiqa olasiz, faqat butun e’tiboringizni shunga, ha, yolg‘iz shunga qaratsangiz, bas.
Kunni tugatgach, u bilan armonsiz xayrlashing. Kechagi yukni kelgusi tongga qoldirmang. Siz qo‘lingizdan kelgan bor ishni qildingiz. Agar sizga xato yoki muvaffaqiyatsizliklar xalaqit bergan bo‘lsa, ularni yoddan chiqaring.
Bu kunni va undan keyingi barcha kunlarni go‘yo umringiz quyosh botishi bilan tugaydigandek yashang. Boshingiz nihoyat yostiqqa teggach, bu kun qo‘lingizdan kelgan bor ishni qilganingizni o‘ylab uyquga keting.
Do'stlaringiz bilan baham: |