Rivojlangan mamlakatlar qurilish majmuasida bino va inshootlarni monolit temirbeton asosida barpo etish dolzarb masaladir. Monolit qurilish tizimi temirbeton buyum va konstruktsiyalarni avvaldan tayyorlangan istalgan shakldagi unifikatsiyalashtirilgan yig’ma qoliplarga quyish bilan xarakterli.
Monolit usulda bino va inshootlar qurilganda qurilish vaqti qisqaradi, montaj ishlari keskin kamayadi, imoratning mustah’kamligi oshadi, qurilish maydonidagi omborxonaga zarurat bo’lmaydi.
Hozirgi kunda og’ir metall qoliplar o’rniga engil pishiq metall va shishaplastiklardan yig’iladigan universal qoliplarning ishlatilishi monolit qurilish tizimini yanada rivojlanishiga sabab bo’lmoqda.
Monolit temirbeton konstruktsiyalar asosan og’ir va g’ovak to’ldirgichlardan tayyorlanadi. Turarjoy binolari devorlari yacheykali betonlar asosida qurilishi mumkin. Maxsus inshootlar monolit qurilishida o’ta og’ir, issiqlikka bardoshli, agressiv muxitlarga chidamli va boshqa turdagi betonlar ishlatiladi.
Monolit temirbeton uchun armatura zavodda yoki bevosita qurilish maydoni yaqinidagi armatura tseh’ida yirik karkas bloklari va to’rlari ko’rinishida tayyorlanadi.
Beton qorishmasi temirbeton zavodida yoki qurilish maydonidagi beton qorish markazida tayyorlanadi.
Zavodda tayyorlangan beton qorishmasi avtobetonovozlar, masofa qisqa bo’lganda avtosamosvallarda tashilishi mumkin. Beton qorishmasi tashilayotganda qatlamlanmasligi, atmosfera muxiti omillari tasirida tarkibi o’zgarmasligi shart. Ayniqsa, O’zbekistonning quruq issiq iqlimida beton qorishmasini tashishda suvsizlanishi oldini olish dolzarb masaladir.
Hozirgi vaqtda qurilish tizimida beton qorishmasini quruq h’olda tashilib va bevosita obektning o’zida suv bilan aralashtirilib ishlatish juda yaxshi natijalar bermoqda.
Qurilish maydonida beton qorishmasini uzatish kran, transporter, betonnasos yoki siqilgan h’avo vositasida ishlaydigan quvurlar orqali amalga oshiriladi.
Siqilgan h’avo vositasida ishlaydigan quvursimon transport yordamida beton qorishmasini 150 m gacha masofaga uzatish mumkin.
Monolit temirbeton konstruktsiyalar uzluksiz yoki davriy usulda aloh’ida bloklar yoki bo’lmalar ko’rinishida quyiladi. Uzluksiz usul bino va inshootda choklar bo’lmasligi va beton tarkibiga maxsus talablar qo’yilganda ishlatiladi.
Uzluksiz usulda armaturasi avvaldan taranglangan temirbeton konstruktsiyalar, dinamik kuchlanishlar tasirida ishlaydigan poydevorlar va boshqalar tayyorlanadi.
Massiv inshootlar (to’g’onlar, gradirnyalar, poydevorlar) ishchi choklar bilan bloklarga ajratiladi, chunki h’arorat va kirishish tasiridan h’osil bo’ladigan deformatsiyalanish qurilish yaxlitligiga ziyon etkazishi mumkin.
Beton qorishmasi qatlam-qatlam h’olda quyiladi va ichki titratkichlar yordamida zichlashtiriladi. Beton qorishmasi qolipga quyilgach, toki beton loyixadagi mustah’kamlikka erishguncha parvarishlanadi. Bunda tsement gidratatsiyasi taminlanishi uchun h’arorat va nisbiy namlikni zarur ko’rsatkichlarda ushlab turish zarur.
Monolit betonlash ishlari yozda amalga oshirilganda yangi quyilgan beton yuzasi qurishidan va yog’in-sochindan saqlanishi kerak. Buning uchun namni saqlaydigan yog’och qipig’i, qum, shlak kukuni sepish yoki polimer plenkalar, kanop to’qimalar bilan yopish tavsiya etiladi. Qoliplar echilgan betonning vertikal qismiga suv sepilishi ruxsat etiladi.
O’zbekistonning quruq issiq iqlim sharoitida monolit beton quyish aloh’ida tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bunda beton qorishmasini tashish, qoliplash, ayniqsa parvarishlash ishlariga aloh’ida ah’amiyat berish zarur. Avtomobil yo’llari, aerodrom qoplamalari va shu kabi yuzasi katta temirbeton monolit konstruktsiyalarni qurishda betonni parvarishlash uchun to’shalma materiallar (polietilen, polipropilen plenkasi va sh.k.) yoki plenka h’osil qiluvchi polimerlar (etinol laki, gelpolimerlar) ishlatiladi.
Monolit betonlash qishki davrda bajarilganda beton qorishmasini va qotayotgan betonni muzlashdan saqlash asosiy masaladir. Monolit betonni muzlashdan asrashning turli usullari mavjud. Betonni issiqlik izolyatsiyasi materiallari bilan vaqtinchalik o’rab qo’yish, beton qorishmasi tarkibiga suvning muzlash h’aroratini pasaytiruvchi qo’shimchalar (natriy xlorid, kaltsiy xlorid va sh.k.) kiritish, “termos” usuli shular jumlasidandir. İssiqlik izolyatsiyasi materiallari sifatida yarim bikr mineral plita, shishapaxta matlari (to’shamalar), gidroizolyatsiya qoplamali arbolit, kselolit plitalari, g’ovak to’ldirgichlar va sh.k. ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |