2-§. Amaliyot va bilish
Dunyoni bilish – bu nafaqat nazariy, balki hayotiy, amaliy jarayondir. Falsafiy nuqtai
nazardan qaraganda, insoniyatning amaliyoti – bu insoniyatning tabiatni ongli ravishda va
maqsadga muvofiq tarzda o‘zgartirishga qaratilgan faoliyatidir, bu insoniyatning ijtimoiy-
tarixiy sharoitlar bilan birga qaralgan mehnat jarayonidir. Amaliyot hamisha ijtimoiy
harakterda bo‘ladi, kishilar o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarsiz amaliyot bo‘lishi mumkin
emas. Amaliyot tarixiydir, u qurshab turgan tabiatni ham, insonning o‘zini ham, kishilarning
turmush sharoitini ham o‘zgartirishdan iborat.
Gnoseologik kategoriya sifatida amaliyot sub'ekt bilan ob'ekt o‘rtasidagi shunday
munosabatni ifodalaydiki, bunda sub'ekt ob'ektni biron-bir jihatdan o‘zgartirish maqsadida
unga ongli ravishda ta'sir ko‘rsatadi. Amaliy faoliyat jarayonida, ob'ektning o‘zgarishi ta'siri
ostida sub'ekt ham o‘zgaradi, uning amaliy qobiliyati va malakasi chuqurlashadi, fikrlash
doirasi kengayadi, ongi va xotirasi boyiydi, dunyoqarashi o‘zgaradi.
Bilish jarayoni ijtimoiy-tarixiy amaliyot natijasida va vositasida sodir bo‘ladi.
Kishilarning amaliy faoliyati o‘zi o‘zgartirishga qaratilgan ob'ektga va o‘zi erishmoqchi
bo‘lgan maqsadga bog‘liq holda turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Eng keng, falsafiy
ma'noda, amaliy faoliyatdagi kishilarning ob'ektga nisbatan konkret-tarixiy birligi bo‘lgan
jamiyat amaliyot sub'ekti bo‘lib chiqadi. Bunda ob'ektiv reallikning odamlar ta'sir
o‘tkazadigan tomoni esa amaliyot ob'ekti bo‘ladi. Moddiy ishlab chiqarish va jamiyatdagi
ijtimoiy munosabatlarning o‘zgarishi amaliyotning eng muhim shakllaridir.
Amaliyot nazariy bilimdan yuqori turadi. U nafaqat umumiylik, balki bevosita voqyelik
hislatiga ega. Amaliyotda asosiy qarama-qarshiliklar – ideal qarama-qarshilik (sub'ektiv
reallik sifatida) va moddiy qarama-qarshilik (ob'ektiv reallik sifatida) – birga qo‘shilishadi.
Amaliyot – bu voqyelikni insoniyat oldida turgan maqsadlarga muvofiq tarzda uzluksiz
o‘zgartirish jarayonidir. Agar jamiyatda biron-bir amaliy ehtiyoj paydo bo‘lsa, bu bilish
jarayoniga o‘nlab universitetlarga qaraganda ko‘proq asos bo‘ladi, chunki amaliyot ehtiyojlari
ilmiy bilishning o‘zini olg‘a siljitadi.
Amaliyot bilish jarayoniga boshidan oxirigacha «amaliyot – nazariya, yana amaliyot –
yana nazariya» tarzidagi formula bo‘yicha kirib borib uni boyitadi. Amaliyotdan ajralgan
bilish bo‘lishi mumkin emas. Faqat amaliyotgina u yoki bu nazariyaning to‘g‘ri yoki
noto‘g‘riligini ko‘rsatib beradi. Amaliyot o‘zgarmas emas, fan yutuqlari tufayli u doimo
takomillashib, boyib va rivojlanib boradi. Bilish va amaliyot bir-biridan ajralmasdir. Amaliyot
bilish haqiqatligining asosiy nuqtasi, harakatlantiruvchi kuchi, maqsadi va mezonidir.
VII Bo‘lim. FAN FALSAFASI
Do'stlaringiz bilan baham: |