Sen mening jonimdadirsan, ruhim asli sendadir,
Tomchi qaytar bosh egib, albatta, dengizdan ketur.
Yor, agar olsam nafas, "Sen" demasam, boshimni kes,
Chunki har jumlam kelib Oʻzdan, tagʻin Oʻzdan ketur!
Yorijon jonimni yoqmish "Yor-a"lab,
Yoralaydur bir qarab kun oralab.
Kun aro kunduz xijil orosidan,
"Husnidan bersin zakot", – der zoralab.
Zora rahm etsa u qotil koʻzlari,
Mardumi umrimni tashlar qoralab.
Qoralaydurman sifotiga qogʻoz:
"Yoʻqdur armonim – bosar bir bora lab!"
Boradirman qoʻlda may, koʻnglim alast,
Qoʻymagaymanmu uni ovvoralab?
-Boʻlmasin ovvora, Anvar, bormayin,
-Ne qilarman ketsa ul: "Ey, bor-a"lab.
Do'stlaringiz bilan baham: |