Qanday holat yuz berganda oldingizga qo‘ygan maqsadingizdan kechib ketishingizni belgilab oling. Misol uchun, men boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lmoqchiman. Shunda bu maqsadimdan quyidagi holatlarda kechib ketgan bo‘lardim:
Sog‘ligimda o‘ta jiddiy muammo bo‘lsa va shifokorlar boks bilan shug‘ullanishni taqiqlasa.
Jahon chempionatidan boks sport turi olib tashlansa.
Ota-onam bu maqsadimdan qaytmasam, mendan rozi bo‘lmasligini ma’lum qilsa.
Vafot etsam.
“Bo‘ldi, mana shu 4 narsadan boshqa hech qanday sabab maqsadimdan qaytara olmaydi”. O‘z maqsadingizning yengilish chegaralarini bilib olganingizdan keyin boshqa to‘siqlar sizga kichikdek tuyilib qoladi. Boshqa holatlarda ortga qaytmaslik uchun o‘zingizga psixologik blok qo‘ygan bo‘lasiz.
Ijobiy o‘zgarishlarning 4 omili
1. Muvozanatni ushlang
Biz kitobning boshida “Kapalak” effekti haqida gaplashgan edik. Shunga ko‘ra, sizdagi mayda o‘zgarishlar ham katta o‘zgarishlarga sababchi bo‘lishi mumkin. Hayotingizga juda ko‘plab yangi narsalarni birdan olib kirish hozirgi muvozanatni buzishi ham mumkin. Taleb Nassim o‘z kitobida buni aytib o‘tadi:
“Murakkab tuzilishga ega har qanday tizim mayda o‘zgarishlardan kutilmagan “reaksiya”ga uchrashi mumkin”. Kutilmagan hodisalarning oldini olish bo‘yicha ham Taleb Nassim o‘z fikrini bildirib o‘tgan:
“Murakkab tizimni xavfsiz o‘zgartirish uchun unga nimadir qo‘shgandan ko‘ra undan nimanidir olib tashlagan ma’qul”. Taleb Nassim “murakkab tuzilma” deb insonlarning hayotini qiyoslab keltirmoqda. Siz o‘z hayotingizni kuzating, maqsadingiz yo‘lida sizga xalal berayotgan, taalluqli bo‘lmagan narsalarni birma-bir olib tashlang. Shunda ularning o‘rniga sizga foydali bo‘lgan boshqa narsalarni qo‘shishingiz mumkin bo‘ladi.
2. Ko‘pchilik yoqtirmaydigan narsalarni yoqtiring
Maqsadlar sari harakat doim zerikarli va qiyin bo‘ladi. Shunisi odamlarga yoqmaydi. Siz esa shu jarayondan o‘zingizga yoqadigan narsalarni topishga urining. Bu ingliz tili bilan shug‘ullanayotgan vaqtda gaplarni talaffuz qilishda, oshpazlikni o‘rganayotgan vaqtda taomni hididan zavqlanishda va hokazolarda bo‘lishi mumkin. Maqsadni emas, jarayonni sevishni o‘rganing. Agar siz bunday jarayonni topa olmasangiz, buni sun’iy ravishda yaratishingiz mumkin. Biz avvalgi boblarda Pavlovning shartli refleksi haqida ma’lumot berib o‘tgandik. Siz ham o‘zingizda topshiriqlar bilan shartli refleks hosil qilishingiz kerak. Buning uchun har bir qiyin ishni bitirganingizdan keyin (masalan, “Pomodoro” texnikasi bilan shug‘ullanilgandan so‘ng) o‘zingiz yoqtirgan birorta ishni qilishingiz kerak bo‘ladi. Bu bir finjon qahva ichish, bir dona shokolad yeyishda kuzatiladi. Ammo ishni bajarib bo‘lish va o‘zni mukofotlash orasida boshqa ish bo‘lmasligi kerak. Vaqt o‘tgandan keyin sizdagi shartli refleks qiyin ishlarni qilishni undan keyingi rohatlanish bilan bog‘lab qo‘yadi. Shunda sizda qiyin ishlarni qilishda yoqimsiz holatlar yuzaga kelmaydi.