Ko‘nikmali maqsadlar bilan ishlash
Maqsadlar ikki xil bo‘ladi. Biz yuqorida shuning birinchi turi haqida gaplashdik. Bunday maqsadlarga do‘kon ochish, mashina sotib olish, sayohatga chiqish va hokazolar misol bo‘ladi. Ikkinchi turdagi maqsadlarga ko‘nikma shakllantirish orqali erishiladi. Misol uchun: IELTS'dan 7 ball olish, OTMga kirish, rus tilini o‘rganish va boshqalar. Bunday loyihalarni loyihachalarga ajratib amalga oshirib bo‘lmaydi. Hozir shunday loyihalarni amalga oshirishni o‘rganamiz.
Ko‘nikma — bu avtomatizmgacha yetkazilgan mahorat. Misol uchun, o‘n yildan beri mashina haydaydigan taksichi yo‘lda harakatlanayotganda o‘zini erkin tuta oladi. Sababi, uning mahorati avtomatizmga yetgan. Yangi o‘rganuvchilardek qaysi pedalni bosishni o‘ylab o‘tirmaydi.
Ko‘nikmani shakllantirishning asosiy qoidasi: ko‘nikmaga qancha ko‘p kuch va vaqt sarflasangiz, u shunchalik tez shakllanadi. Misol uchun, agar siz ingliz tili bilan kuniga yarim soatdan shug‘ullansangiz va sizning do‘stingiz ingliz tili bilan kuniga ikki soatdan shug‘ullansa, uning ingliz tilini bilish darajasi siznikiga qaraganda tezroq shakllanadi.
Ingliz tilini o‘rganadiganlarning ko‘pchiligi dars qilishni istamasligining sababi — ular bir o‘tirganda kamida 2-3 soat davomida ingliz tili bilan band bo‘lishi kerak. Buncha vaqt davomida aqliy mehnat bilan shug‘ullanish har qanday odamni ish boshlanmasidan turib dangasalikka chorlaydi. Katta vaqt hajmi tufayli biz ongsiz ravishda ishni boshlashdan qo‘rqamiz. Shunday holatda ham bir necha soatlab tinimsiz ishlashga undovchi samarali usul mavjud. 1980-yillarda universitet talabasi bo‘lgan Franchesko Chirillo (Francesco Cirillo) o‘zining “Pomodoro” texnikasini27 yaratadi. Bu hozirda dunyodagi vaqtni boshqarish texnikalari orasida eng mashhuri hisoblanadi.
“Pomodoro” texnikasining ishlash algoritmi Tashqi omillarni yo‘qotish
Deylik, siz ingliz tili bilan shug‘ullanmoqchisiz. Ishni boshlashdan oldin imkon bo‘lsa, alohida bo‘sh xonaga o‘tish talab qilinadi. Agar imkon bo‘lmasa, atrofdagilarni sizga xalal bermasliklari haqida ogohlantiring. Faqatgina o‘zingiz shug‘ullanmoqchi bo‘lgan darsliklar bilan qoling. Barcha chalg‘ituvchi vositalar (telefon, televizor va h. k.)dan uzoqlashing.
O‘zingiz bilan bitta taymer oling. Nega tashqi omillarni yo‘qotish bunchalik muhim, deyishingiz mumkin. Kaliforniya Irvayn universitetida28 o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga qarasak, inson ma’lum ish bilan shug‘ullanayotgan vaqtda uni bir marta chalg‘itishsa, u yana shu ishga fikrini jamlashi uchun taxminan 23 daqiqa-yu 15 soniya vaqt kerak bo‘lar ekan. Shu bois sizda chalg‘ituvchi vositalar va multitasking bo‘lmasligi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |