3. Dominantalar nazariyasi
Bu nazariyani birinchi bo‘lib Aleksey Alekseyevich Uxtomskiy32 (1875-1942) yaratgan. Uxtomiskiydan keyin ko‘plab tadqiqotlar bu nazariyani to‘laqonli isbotlab, yangiliklar kiritdi. Ularning ta’kidlashicha, bizning harakatlarimiz turli dominantalarning o‘zaro almashunuvi tufayli boshqariladi. Dominanta — bu sizning miyangizda qaysidir yo‘nalishda ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan neyron hujayralarining yig‘ilishi. Misol uchun, sizning hozir kitobni o‘qib turganingizga sabab — shu kitobga qaratilgan dominantalaringiz ayni damda boshqa dominantalarga qaraganda kattaroq bo‘lganligida. Agar hozir siz chanqashni boshlasangiz, suv ichish xohishiga doir bo‘lgan dominanta yiriklashishni boshlaydi va kitob o‘qishga qaratilgan dominantangizdan kattalashgan zahoti siz kitobni qo‘yib, suv ichish uchun turib ketasiz. Dominantalar kattalashishi uchun unda ma’lumotlar bazasi katta bo‘lishi zarur. Xuddi shuningdek, sizning qaysi yo‘nalishda bilim bazangiz katta bo‘lsa, shu yo‘nalishda harakatlanishingiz oson bo‘ladi. Dominantalar nazariyasiga asoslanib, har qanday yomon odatlarni ham yo‘qotish va yaxshilarini shakllantirish mumkin. Deylik, siz tamaki chekasiz. Uni tashlay olmayotganingizga sabab chekish zararligi haqidagi dominantangiz chekishga muhtojlikka oid dominantangizga nisbatan kichikligidir. Agar siz chekishning zararli jihatlarini o‘rganishni boshlasangiz, dominantangiz kattalashishni boshlaydi va bir kun kelib chekish zararligi borasidagi dominantangiz ikkinchisidan ustun keladi, siz o‘sha kuniyoq chekishni tashlaysiz. Shu bilan birga, siz komfort zonadan chiqish, dangasalikdan qutilish, kompyuter o‘yinlari kabi zararli odatlarni yo‘qotish va ular aksining foydasi bo‘yicha bilim bazangizni ko‘paytirish bilan o‘zingizni yaxshi tarafga o‘zgartirishingiz mumkin. Biror zararli odatni yo‘qotishni tanlab, shu bo‘yicha kuniga o‘n daqiqa ma’lumot to‘plashni cheklistingizga yozib, bajarsangiz bo‘ladi.
Ko‘pincha biz bajaradigan ishlar xohishlarimiz bilan bir xil bo‘lmaydi. Misol uchun, chiroyli qomat egasi bo‘lishni xohlaymiz, ammo jismoniy mashqlarni bajarmaymiz, chet tillarida gapirishni istaymiz, ammo ularni o‘rganmaymiz va hokazo. Xohishimizdagi ishlarni bajarishga kelganda, muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Ko‘pchiligimiz bu vaziyatning yechimi sifatida motivatsiyaga yuzlanamiz. Ayniqsa, hozirga yoshlar faqat motivatsiyaga bog‘lanib qolishgan. XX asr o‘rtalarida g‘arbda avj olgan motivatsion treninglar endi bizga yetib keldi. Motivatsiyani bir lahzalik katta energiyaga o‘xshatish mumkin. Siz motivatsion rolikni ko‘rib bo‘lganingizdan keyin xuddi ichingiz katta kuchga to‘lib ketgandek bo‘ladi. Barcha bitmagan ishlaringizni hoziroq yakunlab qo‘yishni, bir nechta tilni o‘rganishni, katta pullarni hoziroq topib qo‘yishni xohlab qolasiz. Ammo uzog‘i yarim-bir soatda sizda bu ishtiyoqdan asar ham qolmaydi. Shuning uchun ham motivatsiya sizga katta yordam bera olmaydi. U faqat sizning xohishingizni oshirib beradi, lekin xohishning o‘zi ishni amalga oshirishga yetmaydi. Shuningdek, yana ko‘pincha bizda o‘zimizning xayolimizdagi “Men” bilan hayotdagi “Men” boshqa-boshqa insonlar bo‘ladi. Qachonki shu xayolimizdagi “Men”ga hayotda ham aylana olsak, dangsalikdan ham qutulgan bo‘lamiz.
Biz topshiriqlarni tuzish va rejalashtirish haqida avvalgi boblarda suhbatlashgandik. Shu topshiriqlarni bajarishni ideomotor mashg‘ulotlar bilan yanada osonlashtirish mumkin. Buning uchun siz topshiriqni bajarishdan oldin xayolan bajarish jarayoningizni tasavvur qilishingiz, ya’ni xayolan rejalashtirishingiz kerak bo‘ladi. Misol uchun, sizda “Darsdan kelgandan keyin ingliz tilidan 50 ta yangi so‘z yodlash” degan topshiriq bor. Siz qilishingiz kerak bo‘lgan ishni darsdan kelish vaqtida o‘ylaysiz: “Hozir uyga boraman, ichkaridagi xonamga kiraman, shkafdan uy kiyimlarimni olib, formamni almashtiraman, keyin dars stolimga o‘tiraman, sumkamdan lug‘at daftarimni olaman va taymerni 25 daqiqaga qo‘yib, so‘z yodlashni boshlayman”. Tadqiqotlarga qaraganda, xuddi mana shu zaylda har bitta harakatni oldindan tasavvur qilish ishning bajarilish foizini oshirib berar ekan. Ideamotor rejalashtirishni “Sekret” filmida keltiriladigan “Vizualizatsiya” bilan aralashtirib yubormang. Siz hech qanday energiya tarqatmaysiz va hech narsani o‘zingizga chorlamaysiz. “Vizualizatsiya” ish bermaydigan narsa, sababi, uning ilmda hech qanday tasdig‘i yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |