Yig‘malar – Species
(Yig‘malar – bosh kelishik birlikda Species, qaratqich kelishik birlikda Specierum, qisqartmasi Sp.)
Yig‘malar - quritilib maydalangan dorivor o‘simlik qismlarining aralashmasi bo‘lib, ba’zida ularga tuzlar, efir moylari ham qo‘shiladi. Yig‘malar damlama va qaynatma holida ichish uchun, chayqash, yaralarni yuvish, vannalar qabul qilish uchun va sirtga ishlatilishi mumkin. Yig‘malar bitta o‘simlikdan tarkib topgan bo‘lsa oddiy, bir necha o‘simlikdan tashqil topgan bo‘lsa murakkab yig‘malar deb, ichish uchun ishlatiladigan murakkab yig‘malar «Choy»lar ham deyiladi. Yig‘malar qog‘oz quticha yoki paketlarda 50-100-150-200 g dan chiqariladi. Yig‘malar magistral va ofitsinal bo‘ladi. Ofitsinal yig‘malarga ishtaha ochuvchi (Species amarae), o‘t haydovchi (Species cholagogae), terlatuvchi (Species diaphoreticae), tinchlantiruvchi (Species sedativae), ichni suruvchi (Species laxantes) va boshqalar kiradi.
Hozirgi paytda tibbiyotda keng qo‘llanadigan yig‘malar tarkibini keltiramiz.
Diuretik yig‘ma № 1 (Species diureticae № 1). Tarkibi: Ayiqquloq bargi (toloknyanka) 3 qism, Bo‘tako‘z guli 1 qism, Shirinmiya ildizi 1 qism.
O‘t haydovchi yig‘ma №1 (Species cholagogae № 1). Tarkibi: O‘lmas o‘t guli 4 qism, Uchbarg bargi 3 qism, Yalpiz barglari 2 qism, Koriandr mevasi 2 qism.
Tinchlantiruvchi yig‘ma (Species sedativae). Tarkibi: Valeriana ildizi va ildizpoyasi 1 qism, Yalpiz barglari 2 qism, Uchbarg barglari 2 qism, Xmel shishkalari 1 qism.
Astmaga qarshi yig‘ma (Species antiasthmaticae) (B ro‘yxat). Tarkibi: Belladonna barglari 2 qism, Ming devona barglari 1 qism, Bangidevona barglari 6 qism, Natriy nitrati 1 qism.
Ofitsinal yig‘malarga retsept qisqartirilgan ko‘rinishda yoziladi. Yig‘maning nomi, umumiy miqdori va D.S. bilan tugallanadi.
Misol: Antigemorroidal yig‘masi (Species Antihaemorroidales, Comb. drug)dan 100 g. 1 osh qoshiq yig‘mani 1 stakan qaynoq suvda 20 min damlab, suzib, 1 stakandan kechqurun yotishdan oldin ichish uchun.
Rp.: Specierum Antihaemorroidales 100,0
(Comb. drug)
D.S. 1 osh qoshiq yig‘mani 1 stakan qaynoq suvda 20 min damlab, suzib, 1 stakandan kechqurun yotishdan oldin ichish uchun.
O‘t haydovchi yig‘ma (Srecies Cholagogae, Comb. drug) №1 dan 100 g. 1 osh qoshiq yig‘mani 2 stakan qaynagan suvda 20 min damlab, suzib, ½ stakandan kuniga 3 mahal ovqatdan 30 min oldin ichishga buyurilsin.
Rp.: Specierum cholagogae №1 100,0
(Comb. drug)
D.S. 1 osh qoshiq yig‘mani 2 stakan qaynagan suvda 20 min.
damlab suzib, 1/2 stakandan kuniga 3 mahal ovqatdan
30 min oldin ichish uchun.
Magistral (oldindan tayyorlanmagan) yig‘malarga retsept yozishda o‘simlik nomi, miqdori va soni ko‘rsatiladi. Signaturada qabul qilish uchun ko‘rsatma beriladi.
Misol: 2 g baxorgi adonis o‘tidan (Adonis vernalis, Adonis vernalis) va 1,5 g valeriana ildizidan (Rhizoma cum radix Valeriana, Valeriana officinalis) 10 ta yig‘ma, 1 ta yig‘mani 1 stakan qaynagan suvda 30 minut damlab, 2 qavat dokadan o‘tkazib, 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichilsin.
Rp.: Herbae Adonidis vernalis 2,0
(Adonis vernalis)
Rhizomatis cum radicibus Valerianae 1,5
(Valeriana officinalis)
M.f. species
D.t.d. N.10
S.1 ta yig‘mani 1 stakan qaynatilgan suvda 30 min damlab, 2 qavat dokadan o‘tkazib, 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichish uchun.
Do'stlaringiz bilan baham: |