Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Shu chogʻ qirgʻiylardan biri ikkinchisining tepasiga tik shoʻngʻib uchdi va tuyqusdan
boʻzbolaning koʻziga qilichlarini yalangʻochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar
koʻrinib ketdi. Bu koʻrinish lip etdiyu, koʻnglida xavotir uygʻotib nazaridan qochdi. U
saroblar haqida koʻp eshitgan, ularni oʻzi ham bir necha bor koʻrgan, odamning xohish-
istaklari sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon boʻlishini bilar edi. Biroq vodiyga
qoʻshinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.
Santyago bu xavotirli oʻylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va
toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yigʻib olishga
nimadir xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.
«Doimo belgilarga ergash», — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.
Boʻzbola Fotimani oʻyladi. Koʻziga koʻringan manzarani esladi va koʻngli sezdi: nimadir
roʻy beradi.
U zoʻrgʻa hushini yigʻib oldi. Oʻrnidan turib ortga, xurmo
daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor koʻp tillarda tillashishini koʻrsatdi: endi
sahro emas, vodiy xatarli edi.
Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib oʻtiribdi, uning nigohi ham magʻribga qadalgan.
Shu payt barxanlar ortidan Santyago koʻrindi.
— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi boʻzbola. — Mening koʻzimga koʻrindi.
— Sahro erkak kishining koʻngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.
Biroq boʻzbola qirgʻiylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga
uygʻunlashganini gapirdi.
Sarbon ajablanmadi — boʻzbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer
yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi.
Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan
xohlagan birini tanlab ol, qirgʻiyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni
daqiqalarda kechayotgan hayotingga bogʻliq unsurlar bilan aloqani koʻrasan. Bu yerda
gap unsurlarning oʻzida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib oʻzlari
uchun Olam Qalbiga uygʻunlashish yoʻlini ocha bilishlarida.
Sahroda koʻp odamlar Olam Qalbiga uygʻunlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik
qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan choʻchishadi, ularni sohibkaromat, deb
atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki oʻlishingni oldindan
bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima boʻlishini oldindan bilmay qoʻya qolishni va
urushning oʻzgacha shavqini tuyushni ma’qul koʻrishadi. Taqdir Tangrining qoʻli bilan
bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining
nafu manfaatini koʻzlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |