Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
chiqa boshlaganda u paydo boʻldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U boʻlsa
qoʻrgʻoshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb soʻradi. Niyatim ham shuni
oʻrganish, deb javob qildim men. U tagʻin urinib koʻrishimni maslahat berdi. Xuddi
shunday dedi: «Borgin va urinib koʻrgin».
Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir ogʻiz, oʻzi ham biladigan gapni eshitish uchun
dunyoni kezib shuncha yoʻl yurganmidi? Shunda oʻzining qoʻylarini Malkisidqqa tekinga
berganini esladi.
— Urinib koʻr-da! — dedi u.
— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.
Angliyalik ketdi, oradan hayal oʻtmay koʻza koʻtargan Fotima koʻrindi.
— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi boʻzbola qizga murojaat qilib. —
Mening qalligʻim boʻlishingni xohlayman. Men seni sevaman.
Qiz qoʻlidagi koʻzani tushirib yubordi, suv toʻkildi.
— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar
turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi
alqayapman, chunki urush sabab boʻlib men sening yoningga keldim.
— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.
Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u choʻpon edi, bu vohada esa
qoʻylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz... Biroq qiz, goʻyo boʻzbolaning fikr-
oʻylarini uqqanday, davom etdi:
— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan gʻururlanishadi.
Keyin u koʻzasini suvga liq toʻldirib, ketdi.
Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qoʻy boqqanlarini, Malkisidq bilan
qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib
olishdi. Qiz bilan oʻn besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun boʻzbola
uchun bir yilday choʻzilardi.
Oradan bir oy oʻtgach, Sarbon yoʻlovchilarni jamladi.
— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yoʻlni davom ettirolmaymiz. Hali
janglar toʻxtamaydigan koʻrinadi, bir necha yilga choʻzilsa ham kerak. Bir-biriga gʻanim
boʻlgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri oʻz nomusini boy
bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan
urushayotgani yoʻq, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa bir
boshlansa uzoq vaqt toʻxtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.
Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini
yetkazdi.
— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding.
Do'stlaringiz bilan baham: |