Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Agar u tushlariga ishonmaganida, loʻli kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni
uchratmaganida...
«Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yoʻl belgi-alomatlar bilan koʻrsatib
qoʻyilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim», — Oʻyladi u.
U oʻzi sezmagan holda uxlab qoldi. Koʻzini ochganida quyosh tepaga koʻtarilib ketgan
edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.
«Keksa sehrgar, — Oʻyladi u Alkimyogar haqida, — sen barini oldindan bilgansan. Men
bu cherkovgacha yetib kelishim uchun oltin quymaning ikkinchi boʻlagini ham menga
qoldirding. Ruhoniy meni kiyim-kechagim abgor, oʻzimni doʻpposlangan alpozda koʻrib
kulib yubordi. Sen meni bundan xalos qila olarmiding?»
«Yoʻq, — u shamolning shitirlagan ovozini yaxshi eshitdi. — Agar men seni
ogohlantirganimda, sen ehromlarni koʻrmasding. Ular chindan ham juda goʻzal,
toʻgʻrimi?»
Bu Alkimyogarning ovozi edi. Boʻzbola kuldi va qazishni davom ettirdi. Yarim soatcha
vaqt oʻtib, belkurak allaqanday qattiq narsaga urildi, tagʻin bir soatlardan soʻng
Santyagoning oldida qadimgi tilla tangalar bilan liq toʻla chiroyli sandiqcha turardi.
Sandiqchada tagʻin qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezatilgan oltin niqoblar,
zumrad qoplangan tosh sanamlar bor ediki, jangu jadallarda qoʻlga kiritgan bu oʻljalarni
gʻolib mamlakat allaqachon unutib yuborgan, oʻljalar egasi ular haqida farzandlariga ham
hech nima demagan edi.
Santyago toʻrvadan Urim va Tumimni oldi. Ular faqat bir marta, ertalabki payt bozorda
unga asqotgandi: hayot ularsiz ham boʻzbolaga ishonchli belgilarni koʻrsatib turdi.
Santyago ularni sandiqchaga soldi — bu ham uning xazinasining bir boʻlagi: toshlar unga
endi hech qachon uchratmaydigan keksa podshohni eslatib turadi.
«Hayot chindan ham Oʻz Taqdiri yoʻlidan boradiganlarni siylaydi, — Oʻyladi u va
Tarifga borishi, loʻli kampirga xazinaning oʻndan birini berishi lozimligini esladi. —
Loʻlilar chindan dono! Dunyo boʻylab koʻp kezishlaridan shunday boʻlsa kerak».
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu «livantinlik» edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar
oʻzi bilan sahro boʻyini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi Santyago
sekin yaqinlashib kelib, lablariga boʻsa boʻlib qoʻngan muattar boʻyni, mayin tovush va
ta’mni farqladi.
Boʻzbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk oʻpichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.