Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
u ichida.
Biroq toshlar unga qariyaning hali ham u bilan birga ekanidan ishora berdi va bu
boʻzbolada ishonch uygʻotdi. U yana boʻm-boʻsh maydonga koʻz yugurtirdi, biroq endi
uning nigohi oldingiday umidsiz emas edi. U yot bir dunyoga kelib qolmagan, shunchaki
yangi bir joyda edi.
Axir, unga ayni shu — yangi joylarni koʻrish yoqardi-da. Agar ehromlargacha yetib
borish nasib etmasa-da, achinmaydi, chunki u har qanday choʻpondan ham koʻproq
narsalarni koʻrdi, bildi.
«Ular bilsaydi, — Oʻyladi boʻzbola, — atigi ikki soatli yoʻl narisida hammasi mutlaqo
boshqacha ekanini».
Yangi dunyo hozir uning koʻz oʻngida oʻlik maydonga aylanib yotardi, biroq haligina bu
joyda hayotning qaynab-toshganini koʻrishga u ulgurdi va endi buni hech qachon
unutmaydi. U oʻzi koʻrgan qilichni ham esladi: ha, ikki daqiqali tomosha uchun koʻp
pulidan ajrab qolishiga toʻgʻri keldi, biroq bunday narsani u avval hech qachon
koʻrmagandi-da. Tuyqusdan Santyago dunyoga nafaqat tovlamachi va yaramas
kimsaning qurboni boʻlgan odam koʻzi bilan, balki jasur xazina qidiruvchi va
sarguzashtlar ishqibozining nigohi bilan ham qaray olishini anglab qoldi.
— Men — jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqiboziman, — mingʻirladi u
uyquga ketarkan.
Kimdir biqinidan turtganidan u uygʻonib ketdi. Santyago qoq oʻrtasida tunagan bozor
maydoni tong otishi bilan tagʻin jonlana boshlagan edi.
Odatiga koʻra, qoʻylarni koʻrmoqchi boʻlib alanglarkan Santyagoning uyqusi butkul
ochildi va oʻzining yangi bir olamda ekani yodiga tushdi, esladi, biroq bundan koʻngli
choʻkmadi, aksincha, u baxtiyor edi. Endi qorin gʻamida tentirab yurmaydi — toʻgʻri
xazinaga yoʻl oladi! Garchi choʻntagida bir miri boʻlmasayam, ertangi kuniga ishonchi
bor, koʻngli toʻq. Kecha oqshom u sarguzashtlar ishqibozining taqdirini havas qildi,
bunday qismatni oʻziga tanladi: endi u bir paytlar kitoblarda oʻqigan qahramonlardan
biriga aylanadi.
Boʻzbola shoshilmasdan qadam tashlab, bozor maydonining chetidan yurdi. Savdogarlar
chodirlarini ocha boshlashgandi, u shirinliklar sotadigan bir savdogarga peshtaxtaga
narsalarini terishga koʻmaklashdi.
Savdogar xursand boʻlib kuldi; u oʻz hayotidan mamnun, nima uchun yashayotganini
bilar va yangi ish kunini xush kayfiyat bilan qarshilashga hozirlanayotgan edi. Uning
kulgisi boʻzbolaga qariyani — sehrli podshoh Malkisidqni eslatdi.
«Bu savdogar dunyo kezish yoki movutchining qiziga uylanish uchun shirinlik
Do'stlaringiz bilan baham: |