Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Santyago xursand boʻlib oʻrnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xoʻjayin uning
qoʻlidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qoʻlini boʻshatib olishga Santyagoning
qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda oʻzini qanday
tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xoʻjayinni koʻkragidan itarib yubordi
va Santyagoni yemakxonadan koʻchaga olib chiqib ketdi.
— U sening pullaringni olmoqchi boʻldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga
oʻxshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga toʻlib yotadi.
Unga ishonsa boʻladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana choʻntagidan
pullarni olib, sanadi.
— Ertagayoq ehromlarga joʻnashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya
sotib olishimiz kerak.
Shunday deb u Santyagoning qoʻlidan hamyonni oldi.
Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor koʻchalaridan yurib
ketishdi va minglab olomon bilan toʻla bozor maydonidan chiqishdi — odamlar
savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Koʻkatu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga
uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan koʻzini
uzmay borardi — boʻzbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi
ham boʻldi, biroq bu noqulay, degan oʻyga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari
Santyagoga notanish edi. «Hechqisi yoʻq, — Oʻyladi u, — men uni sergaklik bilan
kuzatib borayapman, shuning oʻzi yetarli, axir, men undan qoruvliman.»
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni koʻrib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni
hech qachon koʻrmagan edi: gʻilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan
bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, oʻziga shunday qilich sotib olishni
koʻngliga tugdi.
— Soʻra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay soʻradi u yoʻldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo boʻlib, ikki daqiqaga chalgʻiganini payqadi. Yuragi
shuvillab ketdi. U oʻgrilib qarashga choʻchidi, chunki qarasa koʻz oldida qanday manzara
namoyon boʻlishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan koʻzini uzmay turdi, keyin
oʻzini qoʻlga olib, boshini burdi.
Atrof gʻala-gʻovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi,
gilamlar va yongʻoqlar, mis laganlar va koʻkatlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qoʻl
ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat
uning boyagi yoʻldoshi qay goʻrgadir gʻoyib boʻlgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yoʻqotib qoʻyishganiga oʻzini
ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar,
deb oʻyladi. Biroz vaqt oʻtdi; baland minoraga koʻtarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb
Do'stlaringiz bilan baham: |