Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
koʻcha tagʻin butun shahardan odamlarni oʻziga ohanraboday torta boshlagandi.
— Ishlar yomonmas, — dedi u xaridor chiqib ketgach. — Hozir men yaxshi daromad
qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qoʻy sotib olishingga yetadigan pul
beraman. Xoʻsh, senga nima yetmaydi oʻzi? Boriga qanoat qilmay, besh qoʻlni ogʻizga
tiqishga hojat bormi?
— Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, — beixtiyor ogʻzidan chiqib ketdi
boʻzbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli
qariyani uchratmagan-ku.
«Buni Xayrli Ibtido deydilar, — qariyaning gapi uning yodiga tushdi. — Yangi ish
boshlaganlarga omad yor boʻladi. Zero, hayot insonning oʻz Taqdiri yoʻlidan borishiga
xayrixohdir».
Shu orada xoʻjayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu doʻkonga
qoʻygan qadami xayru barakadan belgi berdi — pul oqib kela boshladi va Savdogar bu
ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon boʻlmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga
kutganidan koʻra koʻp daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib
ketishini oʻylamay turib boʻzbolaga binoyiday haq toʻlashni taklif qilgandi. Bola yaqin-
orada qoʻylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.
— Ehromlar senga nima uchun zarur boʻlib qoldi? — soʻradi u mavzuni oʻzgartirish
maqsadida.
— Menga ular haqida juda koʻp gapirib berishgan, — javob qildi Santyago.
Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, boʻzbola bu haqda oʻylamaslikka harakat
qildi, shu bois xoʻjayinga koʻrgan tushini aytib oʻtirmadi.
— Umrimda birinchi marta ehromlarni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun sahroni kezib
oʻtishga chogʻlangan odamni uchratishim. Ehrom degani — bu shunchaki bir sangzor-ku.
Oʻzing ham hovlingda buni qursang boʻladi.
— Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan,
— dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.
Oradan ikki kun oʻtib, xoʻjayin Santyagoning peshtaxtani doʻkon tashqarisiga chiqarish
haqidagi taklifini esladi.
— Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, — dedi u. — Qolaversa, Hasanday boy
ham emasman, u xato qilib qoʻyishdan qoʻrqmaydi, chunki bu unga qimmatga
tushmaydi. Sen bilan men esa oʻz xatolarimiz uchun umr boʻyi jabr chekamiz.
«Toʻgʻri aytadi», — Oʻyladi boʻzbola.
— Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani koʻchaga chiqarib, idishlarni terib qoʻyishning senga
nima nafi bor? — davom etdi xoʻjayin.
— Men qoʻylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz oʻngidan kelib
turganda fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido,
deyishadi. Yangi ish boshlaganlarga omad yor boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |