Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Quyosh bir zum oʻylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan
shamol ham, Santyagoning koʻzini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.
— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim oʻz
xazinasini qidirsin va topsin, shundan soʻng burungisidan koʻra yaxshi boʻlishni xohlasin.
Qoʻrgʻoshin oʻz vazifasini dunyoga kerak boʻlgunigacha ado etadi, shundan soʻng u
oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab
berishadiki, biz oldingidan koʻra yaxshi boʻlishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham
yaxshi boʻlib boradi.
— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — soʻradi Quyosh.
— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga oʻxshab, turib boʻlmaydi, dunyo boʻylab,
shamolga oʻxshab izgʻimaydi, senga oʻxshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi
— bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga
uygʻunlashganimda, u menga mukammal boʻlib koʻrindi. Keyin men koʻrdimki, u —
bizning barimizning aksimiz ekan, unda oʻz ehtiroslarimiz joʻsh urarkan, oʻz
urushlarimiz kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka
yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon boʻlishimizga bogʻliq. Ayni
mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi boʻlishga intilasan.
— Xoʻsh, mendan nima istaysan?
— Shamolga aylanishimga yordam ber.
— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yoʻq, — javob qildi Quyosh, —
biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.
— Endi men kimga murojaat qilay?
Quyosh bir zum oʻylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam
chirogʻining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida
gapirib turgan bu boʻzboladan ham qochish aqldan emas.
— Yordamni Hammasini Bitgan Qoʻldan soʻrab koʻr, — dedi Quyosh.
Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab
tushdi, qoziqqa bogʻlangan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik
uchun bir-birlariga qapishib olishdi.
Santyago Hammasini Bitgan Qoʻlga oʻgirildi va shu damdayoq Olam sukutga choʻmdi. U
jimlikni buzishga jur'at etolmadi.
Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va boʻzbola ibodatga kirishdi. U ibodatida
hech narsa tilanmadi, biror-bir soʻz demadi, qoʻylari yaylovli boʻlgani uchun shukrona
aytmadi ham, billur doʻkoniga koʻproq xaridor kelishini-yu, oʻzi sahroda uchratgan qiz
uni kutishini ham oʻtinib soʻramadi. Atrofga choʻkkan jimlikda u Qoʻl tomonidan
kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Boʻzbola bu
belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda
ularning hech qanday ahamiyatli jihati yoʻqligini angladi. Na sahro, na shamollar va na
odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan
Qoʻlning bunga aloqasi bor va faqat U moʻ'jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni
Do'stlaringiz bilan baham: |