Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Shamolning nomi koʻp edi. Bu yerda uni «sirokko» deyishadi, arablar uni sersuv va
qoratanli odamlar yashaydigan oʻlkalardan yeladi, deb oʻylashadi. Santyagoning yurtida
esa uni «levantinlik» deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning
jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb oʻylashgan. Ehtimol, qoʻylar uchun yaylov yoʻq
uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tugʻiladi, deb hisoblashgan. Biroq
shamol hech qaerda tugʻilmaydi va hech qaerda oʻlmaydi, shu boisdan ham u sahrodan
qudratliroq. Chunki sahroda nimadir koʻkartirishga odamlar qodir; ular sahroda qoʻylarni
ham koʻpaytira olishadi, biroq shamolni oʻz izmlariga sola olishga ularning qurbi
yetmaydi.
— Sen shamolga aylana olmaysan, — dedi shamol. — Sen bilan bizning aslimiz boshqa-
boshqa.
— Notoʻgʻri, — javob qildi Santyago. — Men sen bilan birga dunyo kezganimizda,
menga alkimyo sirlari ayon boʻldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham,
yulduzlar ham, Olamda bino boʻlgan hamma narsa jam boʻlgan. Bizni — senu meni bir
qoʻl bino etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday boʻlishni xohlayman, har
qanday kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum
barxanlarini toʻzitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.
— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. —
U har kimning oʻz Yoʻli bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
— Bir necha lahzaga boʻlsa-da senga aylanishni oʻrgat. Oʻshanda odamning va
shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada
tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa
juda koʻp narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni choʻktirardi, asrlik
daraxtlarni va hatto butun bir oʻrmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz
tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib oʻtardi. Olamda hamma narsaga qurbim
yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay oʻz xohishini roʻkach qilib, buni ham
amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
— Bu «sevgi» deyiladi, — dedi Santyago, shamol oʻzining iltimosini bajarishiga ishonib.
— Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar boʻlayotganini
tushunishga mutlaqo hojat yoʻq, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak,
odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.
Shamol magʻrur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi,
sahro qumlarini toʻzitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni
shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur boʻldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror
boʻldi.
— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga koʻp bor guvoh
boʻlganman, — dedi shamol, oʻz ojizligini tan olganidan jazavasi qoʻzib. — Ehtimol, sen
ham osmonga murojaat qilarsan, a?
— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: chang-
toʻzon koʻtargin, men quyoshga qaray olay va koʻzlarim qamashmasin.
Do'stlaringiz bilan baham: |