Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum toʻzoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga
aylandi.
Qoʻnalgʻadan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari
shamolning bu qiligʻini bilishar va uni «samum», deb atashardi. Ular uchun bu dengiz
boʻronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr boʻyi dengizda boʻlishmagandi. Otlar
kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarogʻga urilib gʻichirladi.
Harbiy sardorlardan biri qabila boshligʻi tomon burilib dedi:
— Yetarli boʻldi, chamamda?
Ular Santyagoni koʻrmasdi. Yuzlari oq roʻmol bilan koʻzlarigacha burkangan, koʻzlarida
qoʻrquv qotib qolgan.
— Buni toʻxtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.
— Mayli, Olloh oʻzining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshligʻi.
— Men odam qanday qilib shamolga aylanishini koʻrishni istayman.
Biroq qoʻrqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini
ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qoʻrqish yaramaydi.
— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. —
Shunday boʻlsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino
boʻlgan.
— Bu joydan menga Olam Qalbi koʻrinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening
qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda oʻt-oʻlanni oʻsishga, qoʻylarni esa soya joylarni
qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda
olisda — men sevishga oʻrgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki
jonzot halok boʻladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga
termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik
bagʻishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.
— Sen sevgini bilasanmi? — takror soʻradi Santyago.
— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan koʻp
gaplashamiz. U menga oʻzining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat
toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois
temirning misga oʻxshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu
yagona olamda har narsaning oʻzining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qoʻl
Ijodning beshinchi kunida toʻxtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uygʻunlashardi.
Biroq oltinchi kun ham bor edi.
— Sen donosan, — javob qildi boʻzbola, — chunki hammasini uzoqdan koʻrib turasan.
Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo boʻlmaganida Ijodning oltinchi
kuni ham boʻlmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qoʻrgʻoshin — qoʻrgʻoshinligicha. Ha,
har narsaning oʻz Yoʻli bor, biroq bu yoʻl payti kelib bosib oʻtiladi. Shuning uchun
nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yoʻlni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik
kasb etguncha yoʻlni davom etish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |