Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
uchratdi, qabilalar oʻrtasidagi janglarga guvoh boʻldi, ellik ming tub xurmo koʻkarib
turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani koʻrdi.
— Xoʻsh, — soʻradi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga
termilib toʻymaganmidik?
— Oʻsha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, —
javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham koʻraman. Uning yoniga
qaytgim keladi, buning uchun sening koʻmaging kerak. Men shamolga aylanishim
darkor.
— «Sevgi» deganlari nima oʻzi? — soʻradi sahro.
— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirgʻiy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil
oʻtloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, togʻlaringni biladi. Sening
esa unga bagʻring doimo ochiq.
— Qirgʻiyning tumshugʻi menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar
boʻyi yetishtirganim unga oʻlja boʻladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan
sugʻoraman, qornini qaerda toʻydirishini koʻrsataman. Keyin esa osmondan shoʻngʻib
keladi — endi men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u
yetiltirganimni ilib olib ketadi.
— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirgʻiyni boqish uchun. Qirgʻiy esa odamni
boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni toʻyintiradi va shunda yana hayot
jonlanadi, qirgʻiyga oʻlja paydo boʻladi. Olam shunday yaralgan.
— Sevgi deganlari shumi?
— Sevgi deganlari shu. Sevgi oʻljani qirgʻiyga aylantiradi, qirgʻiyni — odamga, odamni
esa sahroga. Qoʻrgʻoshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.
— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir.
Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu
kam. Yolgʻiz oʻzim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam soʻra.
Yengilgina shamol qoʻzgʻaldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib boʻzbolaning oʻzlariga
tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.
Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan
gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib
yelib-yugurishadi, ularning tugʻilgan makoni ham, oʻlim topgan joyi ham yoʻq.
— Menga yordam ber, — dedi unga boʻzbola. — Bir safar menga sen sevgilimning
ovozini olib kelgan eding.
— Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim oʻrgatdi?
— Mening yuragim, — javob qildi Santyago.
Do'stlaringiz bilan baham: |