Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Biz koʻp yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning koʻziga tik qarab.
Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yoʻlovchilarni oʻtkazib yuborishdi. Santyago
hayratga tushdi.
— Sen ularni koʻzing bilan qotirdingmi?
— Koʻzning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.
«Ha, bu shunday», — Oʻyladi boʻzbola, lashkargohni yonlab oʻtishayotganda
jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto oʻsha
jangchining yuzini payqab boʻlmasdi, biroq baribir Santyago oʻziga tikilgan nigohni his
etdi.
Va nihoyat, ular ufqni toʻsgan toqqa koʻtarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha
ikki kunlik yoʻl qoldi, deb aytdi.
— Garchi yaqin orada xayrlashadigan boʻlsak ham, meni alkimyoga oʻrgat.
— Sening oʻrganishingga hojat yoʻq. Bu ilm Olam Qalbiga uygʻunlasha bilishdan va u
yerda oʻzingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.
— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qoʻrgʻoshinni qanday qilib oltinga
aylantirishni bilishni istayman.
— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi
u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan koʻra
uzoqroq rivojlanish, oʻzgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan soʻrama —
bilmayman. Men faqat shunday boʻlganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar
donishmandlarning soʻzlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish,
taraqqiyot timsoli boʻlish oʻrniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
— Tevaragimizdagi olam koʻp tillarda gapiradi, — dedi boʻzbola. — Burun tuyaning
oʻkirgani men uchun shunchaki oʻkirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi
tovushga aylandi. Va nihoyat — yana oʻkirik boʻlib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu
lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim boʻldi.
— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari oʻz
laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi boʻlishdi — Iksir shu
tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning
tevaragidagi bor narsalar ham oʻzgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat
Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib boʻlishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy
odamlarnikidan koʻra sezgir boʻlgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa
alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular
qoʻrgʻoshinning ham, misning ham, temirning ham oʻz Yoʻli borligini unutishgan. Zero,
birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, oʻzining shaxsiy Yoʻlini yoʻqotadi.
Alkimyogarning ushbu soʻzlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan
chigʻanoqni oldi.
— Bir zamonlar bu yerda dengiz boʻlgan, — dedi u.
— Ha, men sezgandim, — dedi javoban boʻzbola.
Do'stlaringiz bilan baham: |