Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi
qariya. — Ya’ni odam oʻz taqdirini oʻzi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap
odamlarni dunyodagi eng katta yolgʻonga ishontirishdan iborat.
— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolgʻon? — ajablandi Santyago.
— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qoʻlimizdan chiqib ketadi va
uni beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.
— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan,
ruhoniy qilmoqchi boʻlishgandi, men esa choʻponlikka ketdim.
— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi
koʻrasan-ku.
«Mening fikrlarimni oʻqiyotganga oʻxshab gapiradi», — Oʻyladi boʻzbola.
Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir
varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi —
aslida buning ajablanadigan joy yoʻq: Tarifni Afrika qirgʻogʻidan torgina boʻgʻoz ajratib
turadi, uni bir necha soatda suzib oʻtish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez
uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor oʻzlarining gʻalati
ibodatlarini amalga oshirishadi.
— Siz qaerliksiz? — soʻradi u qariyadan.
— Hammaerlik.
— Bunday boʻlmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi boʻzbola. — Hech kim hammaerlik boʻla
olmaydi. Mana men, masalan, choʻponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir
joyda tugʻilganman, shaharchada, eski qasr turgan togʻ yonidagi. Shu shaharchada men
tugʻilganman.
— Xoʻp, unday boʻladigan boʻlsa, men Salimda tugʻilganman.
Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq soʻrab oʻtirmadi, qizarib qolmay deb. U
tashvishli qiyofadagi yoʻlovchilar tinimsiz oʻtib-ketib turgan maydonga tikilib qarab
turdi.
— Xoʻsh, Salimda hayot qanday?
— Odatdagiday.
Bilib olishning hech iloji yoʻq edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yoʻqligi ayon edi,
aks holda Santyago uni eshitgan yoki koʻrgan boʻlardi.
— U yerda siz nima ish bilan mashgʻulsiz?
— Nima ish bilan mashgʻulman? — Qariya «qah-qah» otib kulib yubordi. — Men uni
boshqaraman. Men — Salim podshohiman.
«Odamlarga bir balo dorigan oʻzi, — Oʻyladi boʻzbola. — Haqiqatan, tilsiz qoʻylar bilan
andarmon boʻlib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi boʻlsa bas. Yoki kitob
oʻqiganim tuzuk — Gʻaroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib
oʻqiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi,
oʻtirasan keyin ustingga magʻzava toʻkilganday, nima deb javob berishni bilmay».
Do'stlaringiz bilan baham: |