III BOB «Qutlug‘ qon» asarida xarakterlar ruhiyati tasviri.
3.1 Asar qahramonlari ruhiyatidagi o‘zgarishlar tasviri
Adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov ruhiy tahlil haqida so‘z yuritib shunday degan edi: “psixoanaliz badiiy jihatdan yuksak har qanday asarga nisbatan subyekt bo‘la oladi. Bunda badiiy asarning qaysi adabiy metodga daxldorligi u qadar ahamiyat kasb etmaydi. Shu ma’noda, adabiyotning antik davridan bugungi kungacha yaratilgan yuzlab asarlarni sanash mumkin… Ayniqsa XX asrda shunday badiiy asarlar maydonga keldiki, ularni bevosita ruhiy tahlil nazariyasi ta’sirida yuzaga kelgan deyish mumkin”7
Badiiy asarlarda muallif pozitsiyasi ijodining ajralmas qismi bo‘lib, asar va uning obrazlarini badiiy psixologizm ruhi bilan sug‘oradi va yangi ijodiy metod asosida tasvir etadi. Realizm esa voqealikni tarixiy rivojlanish qoidalari asosida haqqoqniy tasvirlashda, avvalo, tipik obrazlar yaratishda, turli-tuman inson tiplarining umumlashma mujassam timsollarini gavdalantirishda namoyon bo‘ladi. Ijodiy jarayonda realizm va yozuvchi pozitsiyasi dialektik birlikda amal qiladi, obrazlarga ijtimoiy hayotiy va ma’naviy estetik kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Psixologik tahlil va tasvir bilan yo‘g‘urilgan asarlarda shaxslarni shakllantiruvchi va ular tufayli tarkib topuvchi tabiiy, tarixiy omillar, kundalik va asriy muammolar, manfaatlar, kurash va urinishlar – hammasi odam va olam (sharoit, muhit)ning o‘zaro munosabatidagi o‘zgarishlar, yangiliklar mohiyatini ko‘rsatish nuqtayi nazaridan tipiklashtiradi va, albatta, tarbiyalash, insonga va hayotga aktiv ta’sir etish maqsadini ko‘zda tutadi. Ijodkor hayotdagi xodisalar va qonuniyatlarning mohiyatini tipiklashtirish bilan uzviy birlikda amal qilishi realistik san’atning umumiy rivojlanish jarayoniga oid bo‘lsa-da, bu jarayon yirik san’atkorlarning g‘oyaviy-badiiy yuksak asarlarida o‘ziga xos va yorqin ifodasini topadi. Buni Oybek romanlarida bemalol kuzatish mumkin.
Oybek 20-yillar boshidanoq ijod etib, lirika va liro-epik janrlarida samarali tajriba orttirib, katta hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. U milliy meros va xalq og‘zaki poetik ijod an’analari asarlarini ijodiy o‘zlashtirish bilan birga jaxon adabiyotining ulug‘ san’atkorlaridan o‘rganib, romannavislik tafakkuri va realistik roman janri «sirlari» ni o‘zlashtira bordi va ularni o‘z shaxsiy va ijodiy tajribasi bilan boyitib, 30-yillar ohiridan yirik prozaik asarlar yaratishga kirishdi. Uning birinchi romani «Qutlug‘ qon»da o‘zbek xalqining milliy ozodlik kurashi tasvirlandi. U mazkur romanida o‘zbek xalq xayotini butun murakkabligi bilan kishi xarakteri va ijtimoiy sharoitning o‘zaro dialektik bog‘lanishlari va qarama-qarshiliklarida aks ettirdi. Adib o‘zbek xalq xayotining obyektiv tarixiy rivojlanish tendensiyasini, mehnat ahli ommaviy qo‘zg‘olonining tadrijan yetilishi, mulkdorlar – boylar va ularning homiylariga qarshi turishlari, to‘qnashuvlari, va kuzatishlarida pishib borishini, shuningdek jonli xarakter dinamikasini, ularning xulq-atvori va murakkab ichki psixologik xolatining rang-barang milliy xususiyatlari bilan yorqin chizib berdi.
Oybek shu birinchi romani bilanoq o‘zbek adabiyotining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. «Qutlug‘ qon» romani o‘zbek adabiyoti xazinasiga, u orqali jahon adabiyotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Noyob lirik shoir, benazir nosir va atoqli olim sifatida dong taratgan Oybek XX asr o‘zbek adabiyotining iftixoridir. Binobarin, mazkur adabiyot taraqqiyotini uning ijodisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Adibning «Qutlug‘ qon», «Navoiy» kabi shoh asarlari oltmishdan ortiq xorijiy tillarga tarjima etilgan. Shu bois mashhur turkman yozuvchisi Berdi Kerboboyev: «Oybek faqat o‘zbek xalqigagina emas, barcha qardosh xalqlarga ham sevikli adibdir», - degan edi.
Oybek ijodi juda o‘ziga xos, serqirra. «Oybekning serhosil, o‘tkir ijodkorligini bizning adabiyot tarixida kimga o‘xshatish mumkin?» so‘rog‘iga G‘afur G‘ulom: «Oybekning o‘ziga, faqat Oybekka o‘xshatish mumkin», - deya javob berib, uning iste’dodini yuksak baxolagan edi. Hamid Olimjon esa ijodkorga: «Prozada shoir-u, poyeziyada prozaikdir», - deya ta’rif bergandi. Adib iste’dodi, betakror ijodini S.Ayniy, A.Fadeyev, I.Le, S.Muqonov, M.Ibrohimov, M.Tursunzoda, S.Borodin, K.Yashin, I.Sulton, Sh.Rashidov, H.Yoqubov, M.Qo‘shjonov kabi mashhur adib va olimlar ham yuqori baholashgan.
Atrofdagilarda katta qiziqish uyg‘otgan adib ijodiga bag‘ishlab qator ilmiy maqola, adabiy-tanqidiy ocherk va risolalar yaratildi. Ayniqsa, Komil Yoqubovning «Oybek» (1960), «G‘oyaviylik va mahorat» (1963), «Adibning mahorati» (1966), Matyoqub Qo‘shjonovning «Oybek mahorati» (1962), Naim Karimovning «Oybek» kitoblari, shuningdek, «Oybekning ijodiy metodi va badiiy mahorati» (1985) nomli maqolalar to‘plami alohida diqqatga sazovordir. Ularda yozuvchi asarlari tahlilga tortilib, badiiy, g‘oyaviy, temaktik xususiyatlari ko‘p va keng ochib berilgan.
Komil Yoqubovning Oybek haqidagi har uchala kitobi ham, avvalo, dalillarga boyligi, tahlilning puxtaligi, ilmiy xulosalarga serobligi bilan ajralib turadi. Muallif Oybek ijodi misolida zamonaviylik va tarixiylik, an’ana va notavorlik, konflikt va xarakter, hayotiylik va badiiy to‘qima, shakl va mazmun, lirik, epik va liroepik janrlarning o‘ziga xos badiiy to‘qima, shakl va mazmun, lirik, epik va liroepik janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ular orasidagi umumiy va farqli jihatlar to‘g‘risida atroflicha fikr yuritgan, oybekshunoslik va uning taraqqiyoti masalalariga alohida e’tibor qaratib, bu sohadagi ayrim xato va chalkashliklarga aniqlik kiritgan.
Matyoquv Qo‘shjonovning «Oybek mahorati» kitobida adib mahorati ijodiy rivojlanish jarayoni, o‘ziga xos uslub masalalari bilan bog‘liq tarzda tahlil etilgan. Xususan, Oybek asarlaridagi asosiy xarakterlarning shakllanishi sinchkovlik bilan yoritilib, syujet va kompozitsiya, shakl va mazmun, ijodiy metod va badiiy mahoratga bog‘liq tarzda ochib berilgan.
Yozuvchi Oybek ijodi haqida mustaqillik yillarida davr talablariga mos ravishda yangi tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Adib ijodi sog‘lom fikr asosida tadqiq va tahlil etilib, Oybekning ulug‘ligini tasdiqlovchi yangi-yangi ilmiy xulosalar chiqarilmoqda. N.Karimov, S.Mamajonov, B.Nazarov, U.Normatov, O.Sharafiddinovlarning «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi» (Toshkent «O‘qituvchi», 1999 – yil.) darsligi, U.Hamdamovning nomzodlik, A.Sabriddinovning doktorlik dissertasiyalari bunga yaxshi misol bo‘ladi.
Oybek 1905-yil 10-yanvarda Toshkentda hunarmand bo‘zchi Toshmuhammad aka oilasida tug‘ilgan. Oybek adabiy taxallus bo‘lib, yozuvchining asl ismi Musodir. Bolaligi haqida Oybek: «Otam yoshligida bo‘zchi, keyin Xumson va Yangibozor qishloqlarida baqqollik qilgan, o‘qimagan, jahli tez, tajang bir odam edi. Onam jismoniy kuchsiz, lekin aqlli, ziyrak, rahmdil va har ishga epchil xotin edi. Do‘ppi, jiyak va qo‘l ishlari bilan ko‘p mashg‘ul bo‘lardi. Ishdan bo‘shagach, ko‘p vaqt kitob o‘qirdi», - deb yozgan edi.
Oybek avval eski maktabda, so‘ng yangi maktabda o‘qigan. U 1930-yilda o‘rta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning ijtimoiy fanlar fakultetini bitirib, 1935-yilgacha shu dorulfununda siyosiy iqtisod fanidan dars bergan va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan (1934-1937). O‘zbekiston o‘quv pedagogika nashriyotida adabiy tarjimon va muharrirlik vazifasini bajargan (1938-1941). 1943-1951-yillar davomida O‘zbekiston fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar bo‘limini boshqargan. 1945-1949-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais bo‘lib ham ishlagan. «Sharq yulduzi», «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan.
Ko‘rinadiki, Oybek adabiy-ijodiy ishni doimo jamoat tashkilotchilik ishi bilan qo‘shib olib borgan va har ikkala sohada ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.
Oybekning adabiyot va ilm-fan sohasidagi hizmatlari munosib taqdirlanadi. Oybek 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilishi bilanoq unga haqiqiy a’zo etib saylanadi. 1965-yilda «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan faxriy unvonga sazovor bo‘ldi, yetti orden va bir qancha medallar bilan mukofotlandi. «Navoiy» romani uchun Davlat mukofoti (1946), «Bolalik» qissasi uchun O‘zbekiston Davlat mukofoti (1964) ga loyiq topildi.
Oybek xotirasini abadiylashtirish borasida ko‘pgina tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, qator maktablar, o‘quv yurtlari, xiyobon va ko‘chalar, jamoa va davlat xo‘jaliklari Oybek nomi bilan atalmoqda. Toshkentda Oybekning uy muzeyi tashkil qilingan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga Oybek nomi berilgan.
Oybekning adabiyotda o‘z o‘rnini topishi va ijodiy o‘sishi osonlikcha bo‘lmadi. Shoir yoshligida murakkab ijodiy o‘sish izlanish davrini boshidan kechirdi. Oybek o‘z ijodiy yo‘lidagi ana shu o‘nqir cho‘nqirlarni nazarda tutib: «Mening birinchi she’rlarimda qarama-qarshiliklar, izlanishlar hali ko‘p edi. Zamonaning eng muhim voqealariga javoban yaratilgan she’rlar bilan bir qatorda... mungli nidl bilan sug‘orilgan, mavhum, tushkunlik ruhida yozilgan she’rlar ham bor edi», - deb yozgan edi. Shoirning «Kuz va qiz», «Qish kechalari», «Xotiradan izlar», «Farg‘ona oqshomi», «Ayriliq va darvesh», «Sharq uchun», «O‘zbek eli» kabi she’rlari «tushkunlik ruhida yozilgan» asarlardandir.
Ularda mungli nido alomatlarining uchrashi o‘sha davr hayotida mavjud bo‘lgan haqsizlik va ijtimoiy adolatsizlikka qarshi norozilikning o‘ziga xos ifodasidir. Oybek yoshligidanoq haqiqatni yozish, xalq ruhiyatini haqqoniy aks ettirish yo‘lidan borgan.
Oybek o‘z taqdirini xalq taqdiri bilan mahkam bog‘laydi, tinmay izlanadi, hayotni sinchiklab o‘rganadi. 1928 – yilda: «Og‘ayinlar! Davrimizni qalbga solganman. Cho‘llardagi sarob izni anglab olganman. Kurashadi ikki to‘lqin qarab turaymi?», - deb xitob qilishi («Tovushim») shoirning sho‘rolar pozitsiyasi ma’qullaganidan dalolatdir. Oybek o‘z ijodining ilk davrida Cho‘lpon ta’sirida bo‘lgan. Undan ko‘p narsa o‘rgangan. Buyuk shoir ta’sirida qator cho‘lponnona she’rlar yaratgan.
Oybek 20-yillarda asosan o‘rganish va izlanish davrini o‘tagan bo‘lsa, 30 yillarda ijodiy kamolot bosqichiga ko‘tarildi.
Oybek o‘z ijodini shior sifatida boshlab, bu sohada ajoyib samaralarga erishgan va boy tajriba hosil qilgan bo‘lsada, 30-yillarning ikkinchi yarmiga kelib, nasriy asarlar yaratishga o‘tadi. Avvalo, «Gulnor opa», «Fanorchi ota», «Geografiya muallimi», «Tillatopar», «Globus», «Musicha», «Kurashchi yigit» singari hikoya va ocherklar yozib, nasrda ma’lum bir tajriba va malaka hosil qiladi. So‘ngra «Qutlug‘ qon» romanini yozishga kirishadi. Oybek romanining yaratilishi tarixi haqida: «1937-yilda «Qutlug‘ qon» romanini yoza boshladim. Bu romanni yozish uchun material yig‘ib o‘tirmadim, bolaligimdan hayotni kuzatishni sevganligimdanmi, ko‘nglimdan, xotiramdan «Qutlug‘ qon» romani quyulib kelaverdi. Romanni qisqa fursatda yozib tugatdim», - degan edi.
1940-yilda chop etilgan «Qutlug‘ qon» romani – badiiy jihatdan yetuk asar. Unda mamlakat o‘tmishidagi hayot haqiqati mohirona ko‘rsatilgan. O‘zbek xalqining 1917-yil to‘ntarishi arafasidagi og‘ir hayoti, ozodlik yo‘lida olib borgan kurashlari keng va atroflicha tasvirlangan.
Romanning bosh qahramoni Yo‘lchi yangi hayot kurashchisi sifatida shakllana boshlagan o‘zbek mehnatkashi obrazidir. U dinamik tarzda tadrijiy o‘sishda aks ettirilgan.
Oybek romanda Yo‘lchining ijtimoiy qiyofasini ko‘rsatish bilan birga, uning shaxsiy hayoti va insoniy fazilatlarini ham ochib bergan. Asarda Yo‘lchining halol va pokligi, sof vijdonli va samimiyligi, soddaligi, rostgo‘yligi, mardligi, kamtarligi, insonparvarligi, sevgiga va do‘stga sodiqligi, onasiga va singlisi Unsinga mehribonligi va boshqa xislatlari yorqin ochib berilgan.
Yo‘lchi sodda, halol, pok qalbli, mard yigit sifatida romanda katta mahorat bilan tasvirlangan. Yo‘lchi milliy xarakter darajasiga ko‘tarilgan yorqin obraz. Yozuvchi Yo‘lchining har bir harakatini, har bir holatini psixologik jihatdan asoslab bergan.
«Qutlug‘ qon» romanida xotin-qizlarning rang-barang obrazlari berilgan. Ular orasida, ayniqsa, Gulnor timsoli o‘quvchi katta taasurot qoldiradi. Adib Gulnor obrazi orqali xotin-qizlarning achchiq taqdirini, fojiali qismatini umumlashtirib tasvirlab bergan. Gulnor – sodda va samimiy inson. Uning o‘zi ham, axloq-odobi ham, yurish-turishi ham go‘zal. Unda notabiiylik va soxtalik yo‘q. Ammo Gulnor – huquqsiz. Shu sababli u Yo‘lchini jondan ortiq sevgani holda qari chol Mirzakarimboy bilan turmush qurishga majbur bo‘ladi. Romanda Gulnorning kechinmalari, turli ruhiy psixologik holatlari yorqin bo‘yoqlarda tabiiy va jonli qilib ifodalagan.
Gulnorning onasi Gulsumbibi – o‘zi bir olam. U- mushfiq, mehribon ona. Gulsumbibi har narsadan odamgarchilikni ustun qo‘yadi. Qizni tushunadi va ayaydi. Shu sababli u boyning mulkiga uchmaydi, qizini Mirzakarimbiy xotinlikka olmoqchi ekanini eshitgach, ruhan qiynalib, ich-ichidan eziladi. Gulsumbibi obrazida o‘sha davr onalariga xos itoatkorlik ham, zahmatkashlik va mehribonlik ham yorqin, ta’sirli aks etgan.
«Qutlug‘ qon» romanida Shoqosim, Qoratoy, O‘roz, Shokir ota, Qambar, Yormat, Unsin kabi obrazlar ham jonli, to‘laqonli bo‘lib chiqqan. Bu obrazlar romanda o‘z mavqyeiga ega. Ular bosh qahramon Yo‘lchi xarakteridagi yetakchi xususiyatlarni ochib berishga xizmat qiladilar. Adabiyotshunos H. Umurov xarakterlar ruhiyati haqida shunday degan edi: “xarakter va uning psixologiyasi tahlili adabiyotning kamoloti, yozuvchining mahorati darajasini belgilovchi bosh omlidir… Romanda yozuvchi uchun ichki dunyoning – ruhning kechinmlarini tashqi qiyofa, holat va xatti-xarakatlarida ko‘rinishini tasvirlash, ya’ni dinamik prisip asosiy mezonidir.”8
Romanda ayniqsa, Mirzakarimbiy obrazi ustalik bilan puxta ishlangan. Mirzakarimbiy – aqlli, tadbirkor shaxs. Uning qilmishlari – jirkanchli, niyati – buzuq. Mahalla baqqolining o‘g‘li bo‘lgan Mirzakarimbiy halollik bilan emas, baliki qarovulu xizmatkorlarni shafqatsiz, ularning ish haqidan urib qolish orqali mashhur millioner boy darajasiga ko‘tarilgan.
Mirzakarimboyning ma’naviy dunyosi ham nopok. U – qarindoshlik tuyg‘usidan mahrum. U moddiy yordamga muhtoj qarindoshi Xushro‘ybibi haqida yomon so‘zlar aytadi. Yo‘lchiga: «...odam bo‘lmoqchi esang, onang zoriga quloq solma!» - deb nasihat qiladi. Mirzakarimboy o‘z jiyani Yo‘lchiga zulm, adolatsizlik va insofsizlik qiladi. Bu qari chol, hatto jiyanining sevgilisi – nabirasi qatori qiz Gulnorga uylanishdan ham tortinmaydi.
Mirzakarimboy Yo‘lchiga nasihat qilgan bo‘lib, o‘zining hayot va odamlar haqidagi «falsafa»sini bayon etadi. Mirzakarimboyning «falsafa»siga ko‘ra: «Pul – hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam – qanotli odam. Bu qanot bilan Mag‘ribdan Mashriqqa uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st-yor topasan». Mirzakarimboy: «Men do‘stlarga sira ishonmayman...», «Xotin erning quli, xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarab ish qilgan erkak – odam emas», - deydi. Yuqorida keltirilgan misollardan Mirzakarmiboyning yirtqich qiyofasi, uning odamgarchilikdan mahrum ekanligi yaqqol anglashiladi.
«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatidan ham g‘oyatda diqqatga sazovor. Asarda adib obraz yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘r, romandagi har bir obrazning o‘z ichki-tashqi dunyosi bor, o‘z xarakteri va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «evoh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar, bu obraz tiliga individual tus bergan.
Romanda personajlar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xal tili boyliklari: xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlari darajasida turuvchi «Yer sotgan - er bo‘lmaydi, er – yer sotmaydi», «Jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «Xalq o‘z ishini bilib qiladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboaralar yaratgan.
«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatidan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiradi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.
Kezi kelganda shuni ham qayd etish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham xoli emas. Asarda o‘sha davr taqozosiga ko‘ra, sosialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchisi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taassurot qoldirishga urunilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |