1.3 «Qutlug‘ qon» asari va istiqlol adabiyotshunosligi
«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatdan diqqatga sazovordir. Asarda adib obraz yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra romandagi har bir obrazning o‘z ichki va tashqi dunyosi bor, o‘z xarakter va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «e voh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar individual tus bergan. Asar haqida fikr yuritgan olim Homil Yoqubov shunday degan edi: “Badiiy asarda personaj nutqi singari maullif nutqi ham aniq va obrazli bo‘lishi, milliy tarovat bilan bezangan, davr ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lishi shart. Bu jihatdan romanning tili ibratlidir”.4
Romanda personajlar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xalq tili boyliklari: Xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlar darajasida turuvchi «yer sotgan – er bo‘lmaydi, er – yer sotmaydi», «jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «xalq o‘z ishini o‘zi biladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboralar yaratgan.
«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatdan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiadi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.
Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham holi emas. Asarda o‘sha davr taqazosiga ko‘ra sotsialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taasurot qoldirishga urunilgan.
Roman asosida yotgan ziddiyat chizig‘i asosan Yo‘lchi bilan Mirzakarimboy o‘rtasida tortilib, boshqa personajlar bu har ikkala tevaragida guruhlasha boshlaydilar. Oybek go‘yo tog‘a bilan jiyan o‘rtasida boshlangan bu «xonaki» ziddiyatni shunday mahorat bilan tasvir etib va rivojlantirib boradiki, u pirovardida 1916 yil qo‘zg‘oloni voqealari bilan uzviy ravishda tutashib ketadi. Shu ma’noda romanning asosiy qahramonlari butun o‘zbek xalqi uchun ahamiyatli bo‘lgan katta ijtimoiy masalalarni olg‘a sura oluvchi kuchga aylanadilar.
Oybek asar qahramonlari obrazini yaratishda ikki xil yo‘lakdan borgan. U Yo‘lchi va Gulnor obrazlari mohiyatini ochishda ular hatti-harakatlari tasviriga e’tiborini qaratgan bo‘lsa, Mirzakarimboy o‘zining insoniy mohiyatini o‘z so‘zlari bilan ochadi. Bu so‘nggi tasvir usuli Yormat obrazini yaratishda yozuvchiga yordamga keladi.
Asarning tili va uslubini belgilashda Oybek Abdulla Qodiriy izidan emas, ko‘proq yozuvchi Cho‘lpon orqasidan borgan ko‘rinadi. Yozuvchining tasvir uslubida ritm muhim rol o‘ynaydi. Oybek, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida bo‘lgani kabi, asar muqaddimasi (ekspozitsiyasi) ga katta o‘rin ajratadi; voqealar g‘oyat sust rivojlanib boradi. Ammo qahramonlar obrazi yorqinlashib, kurash maydoni bir qadar yorishgach, harakat keskin rivojlanib ketadi. Bunday o‘rinlarda tasviriy tafsillar ham, peyzaj ham qahramonlarning nuqtalari ham nihoyatda qisqaradi.
Kitobxon asarni o‘qir ekan, Oybekning iste’dodlik yozuvchi, xassos shoir ekanligini aslo unutmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |