MAVZU. TUPROQ EROZIYA SI VA UNGA QARSHI KURASH CHORA- TADBIRLARI. TUPROQ MUXOFAZASI
R e j a :
Tuproq eroziyasi va uning turlari haqida umumiy tushuncha
Eroziyaning tuproq xossalari va o’simlik hosildorligiga ta’siri
Tuproq eroziyasini keltirib chiqaruvchi omillar va ularga qarshi kurash chora tadbirlari
Tuproq muxofazasi.
Tuproq eroziyasi ─ eng keng tarqalgan degradasiya turi hisoblanadi. U ulkan iqtisodiy va ekologik zarar yetkazadi, chunki qishloq xo’jaligining asosiy vositasi va biosferaning o’rnini bosib bo’lmaydigan komponenti sifatida tuproq yo’q bo’lishiga olib kelishi mumkin. Insonning noto’g’ri tashkil etilgan turli xil faoliyati ta’siri ostida tuproq qatlami yemiriladi. Eroziya - tuproqqa mana shunday ta’sir o’tkazilishining g’oyat keng tarqalgan va halokatli oqibatidir (Dobrovolskiy, 1997).
O’zbekiston qishloq xo’jaligida tuproq eroziyasi eng dolzarb muammolardan hisoblanib, uning tarqalishi, kelib chiqish sabablari, turlari, bartaraf etish usullari bo’yicha bir qancha yetuk olimlar o’zlarining ilmiy izlanishlarini olib borishgan. Xususan V.B.Gussak, M.A.Pankov, Z.N.Antoshina, F.K.Kocherga, M.B.Doshanov, R.G.Murodova, K.Mirzajonov, X.M.Maxsudov, L.A.Gafurova, A.A.Xonnazarov, Sh.Nurmatov, S.P.Suchkov, N.F.Matyunin, X.Xamdamov, S.M.Yelyubayev, A.Nigmatov, B.Jo’rayev, K.Usmonov, M.Xamidov, S.Meylibayev, O.Haqberdiyev, V.N.Li, B.Ahmedov va boshqa ko’plab olimlar tomonidan respublikamizning barcha hududlarida eroziya jarayoni mukammal o’rganilgan va ushbu jarayonni bartaraf etishning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan.
Eroziya jarayonlari natijasida mayda zarrachalar bilan birgalikda tuproqning organik qismi ham yuvilib ketadi, gumusli qatlam qalinligi qisqaradi, bunga bog’liq ravishda gumus miqdori ham kamayadi. Kuchli yuvilgan tuproqlarda karbonatli
konkresiyalar tuproq yuzasiga chiqib qoladi. Tuproq profili toshli bo’lsa, u holda tuproq yuzasiga toshlar chiqib qoladi. Bularning barchasi tuproqning agronomik xususiyatlarini yomonlashtiradi. Eroziya jarayonlari ayniqsa sezilarli nishablikdagi qiyaliklarga ega bo’lgan tog’ va tog’ oldi tekisliklarida yaqqol namoyon bo’ladi. Bunda, lalmikor va yaylov mintaqalarida asosan suv eroziyasi, sug’oriladigan yerlarda esa irrigasion eroziya rivojlanadi. Shamol eroziyasi asosan cho’l mintaqalarida, ya’ni atmosfera yog’in-sochin miqdori kam, yerdan namlikni bug’lanishi esa ko’p bo’lganda yuzaga keladi.
Suv eroziyasi yuvilish xarakteriga ko’ra ikki turga: yoppasiga yuvilish - yoki yuza eroziya va uzunasiga ro’y beradigan - yoki jar eroziyasiga bo’linadi. Shuningdek, oqar suvlarning ta’siriga qarab suv eroziyasi yuza oqar suvlar (qor va yomg’ir suvlari) ta’sirida ro’y beradigan eroziya va sug’orish suvlari natijasida yuzasiga keladigan irrigasion eroziyaga ajratiladi (Boboxo’jayev, Uzoqov, 1995). Tuproqlarni yoppasiga yuvilishi, ya’ni yuza eroziya natijasida tuproqning yuqori gorizontlari yonbag’irlar bo’ylab oqadigan suvlar ta’sirida yuviladi. Oqar suvlar ta’sirida tuproqning gumusli qatlam qalinligi kamayadi, uning unumdor qismidagi turli o’lchamdagi zarrachalar bilan birga oziq moddalar ham yuvilib ketadi va nishabligi kam, tekis maydonlarga olib borib yotqiziladi. Yuvilgan joylarda ekinlar hosili keskin kamayadi, yuvilib keltirilgan yotqiziqli yerlarda esa o’simlik g’ovlab o’sadi va hosil pishib yetilmaydi, shu sababli hosil miqdori nisbatan kam bo’ladi. Tuproqlarni uzunasiga yuvilishi yoki jar eroziyasi yonbag’irlardan oqib kelayotgan kuchli suv oqimlari ta’sirida tuproqni chuqurlatib, kuchli o’yilib yuvilishiga sabab bo’ladi. Ushbu jarayon bir necha bosqichda kechadi. Dastlab uncha katta bo’lmagan (20-25 sm) chuqurchalar hosil bo’ladi va ular kengayib 30-50 sm 1-1,5 m ga qadar chuqurlashadi. Keyinchalik esa bu jarayon yanada rivojlanib jarliklar hosil bo’ladi. Uzunasiga ro’y beradigan eroziya tuproqlarni to’liq ravishda yemirib yuboradi. Bunday katta jarliklari bo’lgan maydonlar qishloq xo’jaligi uchun mutlaqo yaroqsiz yerlarga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |