Sur – qo’ng’ir tusli cho’l tuproqlar, ularning kelib chiqishi va klassifikasiyasi.
O’zbekistonda sur-qo’ng’ir tusli tuproqlar Ustyurtda, Qizilqum, Malik, Qarshi, Sherobod-Surxon cho’llarida, shuningdek tog’ oldi past tekisliklarida keng tarqalgan. Respublikamizda bu tuproqlar maydoni 10882 ming ga yoki 40,30% tashkil etadi.(U.Tojiyev, X.Namozov va boshqalar, 2004 y).
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlar uzoq yillar davomida alohida tipga ajratilmasdan bo’z tuproqlar bilan birga qarab kelindi. S.S.Neustruyev va N.A.Dimo uni dastlab strukturali och tusli tuproq, A.N.Rozanov esa qir bo’z tuproqlari, B.V.Gorbunov primitiv (yosh) bo’z tuproqlarning tipchasi sifatida qarab keldilar. Keyinchalik I.P.Gerasimov sur-qo’ng’ir tusli cho’l tuproqlarni alohida mustaqil tipga ajratishni tavsiya etadi.
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarning genetik xususiyatlarini asoslash, ularni har tomonlama o’rganish va aloxida tipga ajratish soxasida B.V. Gorbunov, R.V.Kimberg, S.A.Shuvalov (1949), G.I.Dolenko (1953) va Ye.V.Lobova (1960)larning olib borgan tadqiqotlari muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Bundan tashqari O’zbekiston cho’l mintaqasi sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarning genezisi, geografiyasi, ekologiyasi va meliorasiyasini o’rganishda A.Rasulov (1969), N.V.Kimberg (1974), B.V.Gorbunov, G.M.Konobeyeva, A.I.Tverdostup (1928), R.Q.Qo’ziyev (1978), A.E.Ergashev, U.K.Kosimov, A.T.Jo’rayev (1978) va boshqalar katta hissa qo’shganlar.
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarining genezisi bo’yicha ikki fikr mavjud. Birinchi fikrga ko’ra, sur qo’ng’ir tusli tuproqlar o’ziga xos iqlim va o’simlik omillari ta’sirida rivojlanadi.
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarning tuzilishi va xossalari o’ta quruq cho’llarning kserofit-efemerli o’simliklari ta’sirida kechadigan tuproq paydo bo’lish jarayonlarining o’ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Cho’llarining ana shunday sharoitida tuproq paydo bo’lish jarayonlari, jumladan, tuproqda gumusning to’planishi qisqa va davriy xarakterga ega bo’lishi bilan xarakterlanadi. Qisqa bahor mavsumida o’simliklar jadal rivojlanib, mikroorganizmlar va jonivorlarning ham biologik aktivligi kuchayadi. Natijada o’simlik qoldiqlari bir mavsumning o’zida deyarli to’liq ravishda parchalanib, minerallashadi. Shu sababli tuproqda gumus nihoyatda kam to’planadi. Yozning juda issiq va quruq davrlarida tuproqdagi biologik jarayonlar deyarli to’xtab qoladi.
Cho’l tuproqlarida gumusning kam to’planishi, deyarli barcha joylarda tuproqning sho’rlanganligi moddalar biologik aylanishining xususiyatlari bilan bog’liq. Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarda o’sadigan o’simliklarning yer ustida va ildizlari hisobida to’planadigan organik massasi miqdori har gektarga o’rtacha 10s ni tashkil etadi va bu dashtlardagiga nisbatan bir necha barobar kamdir. Cho’l o’simliklari biomassasining 80 foizi ildizlarga to’g’ri keladi. Bu yerdagi o’simliklarning qoldiqlarida kul moddasining ko’p bo’lishi xarakterlidir.
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlaridagi cho’l o’simliklari biomassasida 200 kg/ga miqdorida har xil kimyoviy elementlar to’planadi. Bunda kalsiy va magniy bilan bir qatorda natriy ham ancha ko’p to’planadi. Natriy miqdorining ko’payishi bilan tuproq eritmasining ishqoriyligi oshadi va sho’rtoblanish jarayoni ham rivojlanadi. Sho’ra
o’simliklari tarkibida natriy bilan bir qatorda xlor va oltigugurt ham ancha ko’p saqlanadi.
Yog’ingarchilik juda kam bo’lganligi sababli sur-qo’ng’ir tusli tuproqlarda yuvilmaydigan suv rejimi yuzaga keladi. Tuproq profilining kam namlanishi bu tuproqlarda karbonatlanish va sho’rxoksimonlanish jarayonlarining rivojlanishiga sabab bo’ladi.
Sur-qo’ng’ir tusli tuproqlar yuzasida qatqaloqli gorizontning hosil bo’lishi, tuproqdagi organik va mineral moddalarning yuqori dispers (mayda zarrachalar) holati va tuproqning gidrotermik rejimi bilan bog’liq. Tuproqlarning yuqori dispersligi tuproq eritmasining o’ta ishqoriyligi bilan belgilanadi. Shuvoq-sho’ra o’simliklarining qoldiqlari parchalanib, minerallanganda natriy, kalsiy bikarbonati va karbonatlari hosil bo’lib, ishqoriyligini oshiradi. Natriy va kalsiy bikarbonatlarining karbonatlarga o’tishi tufayli tuproqning massasi sementlanib, qatqaloqning mustahkamligi ham oshadi. Tuproqning qatqaloqli qatlam ostidagi tangachasimon qatlamli gorizonti dispers kolloid zarrachalarning, tuproq yuqori qatlamlaridan yuvib olib kelinishi natijasida yuzaga keladi. Tuproq profilining o’rta qismlari kolloid zarrachalar bilan boyiganligi sababli, bu qatlamda suvning o’tishi sekinlashib, alyumosilikatlarning nurash jarayonlari esa kuchayadi va qator gilli minerallar hosil bo’ladi. Tangachasimon qatlamli gorizontning hosil bo’lishini ba’zi tadqiqotchilar qish mavsumidagi tuproqning muzlashi bilan bog’laydi. Qishning izg’irin sovuq davrida tuproq eritmasi, uning yuqori qatlamlariga qadar ko’tarilib muzlagach tangacha-qatlamli struktura hosil bo’ladi.(V.G.Zolnikov, Ye.V.Lobova). Tuproqning temir birikmalari bilan boyishining sababi: tarkibida temir (II oksidi) bo’lgan minerallarning nurashi va shuningdek tuproqdagi qisqa muddatli anaerob jarayonlarning yuzaga kelishidir. Keyinchalik bu temir birikmalari oksidlanib va degidratasiyalanib (suvsizlanib) minerallar yuzasida temir pardasi hosil bo’ladi.
Boshqa nuqtai nazarga qaraganda (V.A.Kovda 1946, 1973; N.G.Minashina, 1974; I.N.Stepanov,1975 va boshqalar) bu tuproqlar qadimiy nam iqlim davrlarida hosil bo’lgan bo’lib, ularning qatlamlaridagi karbonatlar, gipslar va oson eruvchan tuzlarning to’planishi hamda shu tuproqlarga mansub bo’lgan gillanish, temirlanish jarayonlari, o’sha uzoq davrlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan sizot suvlarining (gidromorf tuproq paydo bo’lish omillari) ta’sirida rivojlangan va taraqqiy topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |