Eroziya jarayonlarining rivojlanishida iqlimning roli. O’zbekiston iqlimining tuproq paydo bo’lishidagi va eroziya jarayonlarini rivojlanishidagi rolini o’rganishda birinchi navbatda hududning meridian bo’ylab 920 km dan ko’p cho’zilishi iqlimning Janubdan – Shimolga qarab o’zgarishini xilma-xilligi inobatga olinadi. Bu o’zgarishlarga suvsiz jazirama cho’llar, adirlar, tog’ oldi va tog’ mintaqalarining joylashishi sababdir. Ma’lumki, iqlimning o’zgarishiga asosan tog’lar, tog’ vodiylari, ularni ekspozisiya bo’yicha joylanishi, tog’larning balandligi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun O’zbekiston hududida iqlimning shakllanishi atmosfera sirkulyasiyasining xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Yoz oylarida Markaziy Osiyoning sahro va cho’llardan iborat katta kengliklarida bir zayildagi kuchli qizigan kontinental jazirama issiq hukm suradi. Shuning uchun yoz bo’yi havo ochiq, behad issiq bo’ladi. Sovuq mavsumda esa kontinental-subtropik va mo’tadil kengliklarning sovuq massalari o’rtasida Markaziy Osiyoda janubiy siklonga xos rivojlanadigan sovuq oqim hosil bo’ladi, qishki-bahorgi seryomg’ir davr shuning oqibatidir.
O’zbekiston mintaqasida iqlimning shakllanishi ob-havo sharoiti xususiyatlariga bog’liq. L.N.Babushkin (1964) ko’rsatib o’tganidek, G’arbdan kelayotgan atmosfera havo massalari va janubiy-g’arbdan keluvchi tuproq havoning iliq massasi namlik manbalari hisoblanadi. Tog’larga yaqinlashgan sari yonbag’irlardan yuqori ko’tarilayotgan bu havo massalari soviydi, namlik suyuqlashadi va yog’in-sochinga aylanadi. O’zbekistonga yog’in-sochin miqdori
joyning dengiz sathidan ko’tarilib borishiga qarab ko’payish qonuniyati shu bilan izohlanadi. Shuning uchun O’zbekiston iqlimi gidrotermik rejimga asosan tekis kenglik bo’yicha ekstraarid iqlimli va pastlikdan yuqori balandlikka qarab ekstraaridli, arid, subgumidli va gumid subnival iqlim turlariga bo’linadi. Ko’rsatilgan ana shu to’rtta iqlimli mintaqa respublika hududlari relyefiga, ya’ni geomorfologik rayonlariga to’g’ri keladi. Turon pastekisliklari, tog’ osti va tog’ tagi baland tekisliklari, o’rta tog’li va yuqori baland tog’ mintaqalariga bo’linadi.
Bu to’rtta iqlim sharoitlarida tuproq hosil bo’lish jarayonlari turlicha kechadi va shu jarayonlar tufayli hududimizda har xil tuproq tiplari, tipchalari paydo bo’lgan. Ya’ni ekstraarid - cho’l tekisliklarda yog’in-sochin 70-200 mm, baland-past tekisliklar - arid mintaqalarda 250-350 mm bo’lsa, o’rta tog’ - subgumidli mintaqalarda ularning miqdori 750-1000 mm va undan ko’proq, gumid subnival mintaqali baland tog’larda esa 350-400-500 mm va undan oshadi.
Joy dengiz sathiga nisbatan ko’tarilgan sari, odatda, havoning o’rtacha harorati pasayadi, haroratning vertikal gradiyentlari turli sharoitlarda har xil bo’ladi: qishda kamroq, odatda ko’tarilishning har 100 m hisobiga 0,2 – 0,50 S atrofida, yozda esa ko’proq 0,7 – 0,80 S.
Tog’ va yaylov mintaqalarining iqlimi ham o’ziga xos xususiyatlarga ega. Ma’lumki, dengiz sathidan yuqorilashgan sari yog’in miqdori ham ko’paya boradi, harorat esa pasayadi va umumiy bug’lanish kamayadi. Shuning uchun, baland tog’ cho’qqilarida yoz oylarida ham erib ulgurmaydigan qorlar va muzliklarni ko’ramiz.
O’zbekiston iqlimi o’ziga xos xususiyatlarga ega, chunki u okean va katta dengizlardan juda uzoqda joylashganligi sababli tipik kontinental iqlimli o’lkalar qatoriga kiradi. Serquyosh jazirama yoz, sovuqroq qish, sutka va yil davomida haroratning keskin o’zgarib turishi, yog’inning kamligi va havoning quruqligi O’zbekiston iqlimining asosiy xususiyatlaridandir. Albatta, bu xususiyatlar cho’l va adir mintaqalarida (tog’ oldi, tog’ osti) tog’ mintaqalariga nisbatan yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi.
Suv eroziyasiga bevosita ta’sir etadigan tabiiy holatlardan eng muhimi atmosfera yog’in-sochinlaridir. Yog’in-sochin yer yuzasida suv oqimi hosil qiladi va tuproq yuvilishini keltirib chiqaradi. Ustki oqim tuproqning suv singdiruvchanligi yetarlicha bo’lmagan tuproqlarda kuchli yomg’irlar va qor erishi davrida yonbag’irlarda paydo bo’ladi. Havodan tushgan yog’in suvining yillik miqdori eroziyaning faqat ma’lum qadar xavfi borligini aks ettiradi. Yog’in-sochinning yil mavsumlari bo’yicha taqsimlanishi, yomg’ir tomchisining yirik va mayda bo’lishi ko’proq ahamiyatga ega. Negaki, eroziya jarayonlarining namoyon bo’lish ehtimoli shunga bog’liq bo’ladi. Yog’in-sochinning miqdori va xususiyati, qor to’planishi va qor erishi, tuproqning harorat va suv maromi kabilar suv eroziyasi
jarayonlarining jadallashuviga bevosita ta’sir ko’rsatadi.
Iqlimning tik zonalliligiga xos ko’rsatib o’tilgan xususiyatlar hisobga olinib, lalmikor dexqonchilikning rayonlashtirish sxemalari ishlab chiqilgan. Ulardan birinchi, eng takomillashganini donchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimi G.A.Lavronov taklif qilgan. Bu sxemada 3 ta vertikal mintaqa ajratilgan, bunda lalmi ekinlarni o’sish va rivojlanishi uchun namlikni, ya’ni atmosferadan tushadigan yog’in
miqdori e’tiborga olingan: yog’ingarchilik yetmaydigan (och tusli bo’z tuproqlar poyasi) yog’ingarchilik yarim yetarli (tipik bo’z tuproqlar) va yog’ingarchilik yetarlik yerlarga ajratgan (to’q tusli bo’z tuproqlar va kam ishqorsizlangan jigarrang tuproqlar).
O’zbekistonning tog’ oldi iqlimini I.P.Gerasimov (1948) taklifi bo’yicha arid iqlim deb atash qabul qilingan. Atmosfera yog’inlari nisbatan uncha ko’p bo’lmagani holda havo haroratining sutkalik va yillik o’zgaruvchanligi kattaligi bu iqlimga xos xususiyatidir.
O’zbekiston iqlimi uchun qishki vegetasiya davrining mavjudligi xos bo’lib, bu kuzgi boshoqli ekinlar uchun juda muhim. Lalmi yerlarda yillik harorat va yog’inlar maromning o’zgarishlari majmui vegetasiyaning ikki keskin farq qiluvchi davrlarini yuzaga keltiradi. Bular: bahorgi – mezotermik (nam, salqin) va yozgi – kserotermik (quruq, issiq) davrlar.
Lalmi yerlarning xususiyatlaridan biri, bu ─ tuproq-iqlim sharoitlarining juda xilma – xilligidir. Kenglik kesimida talay farqlar mavjudligi sababli A.Z.Genusov, B.Gorbunov va N.Kimberg, L.N.Babushkin O’zbekiston lalmi yerlarini quyidagi tuproq-iqlim okruglariga bo’lganlar: Chirchiq-Angren, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo okruglari va hokazo.
Iqlimni eroziya jarayonlari rivojiga yana bir ta’siri – bu shamoldir. Shamol eroziyasini (deflyasiyaning) vujudga kelishida asosiy omil ─ shamol hisoblanadi. Eroziya rivoji uning tezligi, yo’nalishi, yog’inning miqdori, mavsumiyligi, harorati va takroriyligiga bog’liq. Ko’proq yer yuzasidagi tuproq zarrachalarini chang-to’zonga aylantirib havoga ko’taradi va eroziya- deflyasiya holatini hosil qiladi.
O’zbekistonda shamol eroziyasi bo’yicha ilmiy- tadqiqot ishlari olib borgan olimlar Q.Mirzajonov, Sh.Nurmatov, M.Hamrayev, A.Qayumovlarning ma’lumotlariga qaraganda, yer yuzasidan 10 sm balandlikda 12-15 m/s tezlik bilan esgan shamol, deflyasiya jarayonini boshlab beradi; 10-15 sm balandlikda 12-15 va 16-25 m/sek tezlikda esganda kuchli shamol eroziyasi ro’y bergani ta’kidlangan. Bunda tuproq zarrachalari bilan birga o’simliklar ham uchirilib uzoq-uzoq joylarga, yo’llarga, suv havzalariga keltirib tashlangan.
Shunday qilib, iqlim ko’rsatkichlari eroziya va deflyasiya jarayonlariga ta’sir ko’rsatuvchi eng muhim omillardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |