Ma’no va shakl munosabati. Bu haqda L.I.Konrad yozadi: “...badiiy asarning ikki belgisi: “chuqur ma’no va ifodali so‘z” joriylashdi. Bu esa badiiy shakl uning nazarida (Syao Tun nazarda tutilmoqda - H. B.) birlamchi mohiyat kasb etsa ham (badiiy adabiyotda) yana chuqur ma’no ham talab etadigan bo‘ldi”31. Fikrda chuqurlashish badiiy adabiyotning mezonlaridan biriga aylanishi uchun Konfutsiy davridan keyin yana ming yillar kerak bo‘ldi.
Lyuchao davri (III-VI asrlar) ga kelib, ya’ni “Vensyuan” tartib qilingan davrda konfutsiylik muayyan ma’noda ijtimoiy-siyosiy oqim sifatida ham, axloqiy qonuniylik sifatida ham o‘z ta’sirini yo‘qotib, bu davr falsafasi sifatida daosizm maydonga chiqa boshladi. Aslida diniy qarashlar yig‘indisi sifatida shakllangan daosizm Xan davrida shakllana boshlagan, Lyutsao davriga kelib esa, omma va ziyolilar orasida keng tarqalgan edi. Bu diniy qarashlar majmuasi sifatida “Daode-tszin” vujudga keldi. Ayni davr mutaxassislarining qayd etishicha, buddizm ta’limoti ham shu paytga kelib shakllanish davriga kirgan va adabiy-nazariy hamda falsafiy qarashlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlagan edi. Lekin bu davrning asosiy adabiy-estetik qarashlari Lao-tszi va Chjuan-tszi nomi bilan bog‘liq laochjuanizm ostida kechdi. Bu davr estetik tamoyillarining asosi sifatida hamon chuqur fikr ifoda qilish asosiy mezon sifatida saqlanib qoldi. Bu ming yillik adabiy qarashlarning sintezi sifatida falsafiy, publitsistik va adabiy-badiiy asarlar keskin farqlanish darajasida emas, balki ularning qorishiq holda adabiy asarlarda uchrashi hodisasi kuzatiladi. Ayni davrdan boshlangan adabiy-estetik tafakkur tarixining ikkinchi bosqichida badiiy adabiyot ijodiy faoliyatning alohida turi sifatida ajralib chiqdi. Bu jihatdan, ayniqsa, she’riyatning roli katta bo‘ldi. Dastlabki bosqichning asosiy adabiyoti bo‘lmish “Vensyuan” bilan bir qatorda Lyu Sening “Vensin dyaolun” va Chjun Junning “Shi-pin” asarlarini ham inobatga olish lozim bo‘ladi.
Qadimgi Xitoyda m.a. XI-IV asrlarda ma’naviy va madaniy hayot asosi bilan ta’limot “ven” so‘zi bilan ifodalangan. Keyinroq mil. av. IV asrda Konfutsiy o‘zini shu ta’limot vakili deb hisoblaydi va butun hayoti davomida uni himoya qiladi, hayotga joriy qilishga urinadi. Xitoy tarixida eng uzoq davr hukmronlik qilgan Chjou sulolasi (m.a. 1122-249) vakillari ham vent-ma’naviyat tufayli Xitoy boshqa xalqlarga ma’naviy rahbarlik qilishga haqli deb o‘ylar edilar. U zamonlarning imperatorlari ham soddadil, ham xalqparvar bo‘lishni istagani uchun o‘z vassallari, tobe’lari bo‘lgan juda uzoqdagi davlatlardan elchilar arzimagan boj-hiroj keltirsalar ham ularni izzat-hurmat bilan kutib olganlar, chunki juda olisdagi xalqlar bizni etakchi, ma’naviy rahbar deb bilishning o‘zi davlatimiz uchun buyuk ma’naviy boylikdir, deb o‘ylar edilar.
Konfutsiy ta’limoti. Chjou sulolasi davrida yashagan Konfutsiy (m.a. 515-479) yashagan davrda hali Xitoy davlat sifatida markazlashmagan, Elladaga o‘xshab, ko‘pchilik mustaqil shahar-davlatlardan iborat edi. Keyinchalik Xan imperiyasi davridan boshlab, barcha Xitoy mutafakkirlari va shoirlari Chjou davrini orzu-havas qila boshladilar.
Chjou davrining ma’naviy va madaniy yuksalashiga buyuk xissa qo‘shgan mutafakkirlardan eng buyugi ham Konfutsiydir. “Shu-tszin” (“Tarix kitob”)da “Xalqqa g‘amxo‘rlik qilish davlat rahbarlarining muqaddas burchi”, “Xalq muqaddasdir”, degan g‘oyaga juda katta e’tibor berilgan. Bu g‘oya ven-ma’naviyatning asosini tashkil etadi.
Konfutsiy (Kun-tszi) qadimgi kitoblardan terib olib, tartibga solgan, tuzgan olti kitob uning qonuniy to‘plami hisoblanadi:
“Shi-tszin” – m.a. XI–VII asrlarga doir qo‘shiqlardan tashkil topgan.
“Shu-tszin” – (“Tarix kitobi”) tarixiy va afsonaga aylangan davlat asoschilari haqida hikoya va qissalar.
“Li-tszin” (“Rasm-rusum, axloq–odob qoidalari”).
“Yue - tszin” (“Musiqa kitobi”) – musiqaga doir eng qadimgi fikrlar va marosim musiqasi talqini.
“Chun-tsyu” (“Bahorlar va kuzlar”) Konfutsiy vatani – Lu mamlakatida yuz bergan muhim voqealar yilnomasi. Bu erda ham tarixiy, ham afsonaviy voqealar bor.
“Tszin” (“O’zgarishlar kitobi”). Bular insoniyat madaniyati tarixida eng nodir asarlar hisoblanadi.
Konfutsiy ta’limoti Lao-Tszi asos solgan tabiatga yaqinlik, harakatsizlik haqida dao qonunlarini ham hurmat qiladi. Ammo konfutsiylik ta’limoti keng shuhrat topganiga bahillik qilgan daochilar bu olti kitobni Konfutsiy o‘zi yozmagan, uning mustaqil asari yo‘q, deb tanqid qiladilar.
Bu tanqid Konfutsiydan keyin yashagan daochi adib Ge Xunning “Avliyolar va mangu yashovchilarning hayotnomalari” kitobidan o‘rin olgan. Bu kitobning Lao–tszi (Ustoz Lao haqidagi faslida) Konfutsiy hech ish qilmaganday, dao ilmini bilmagan, ishi yurishmagan bir ziyoli deb tasvirlanadiki, bu tarixiy haqiqatga xilofdir. Shu asarda Lao-tszi ustoz Kun (Konfutsiy)ning “Jen” (insonparvarlik) va “I” (burch, mas’uliyat) g‘oyalarini masxara qiladi. Xolbuki, bu ikki fazilat “Jen” va “I” shaxs va jamiyat uyg‘unligini, tinchlik va farovonlikni ta’minlovchi ma’naviy ustunlardir. Bundan ko‘rinadiki, daochilar jamiyat va inson munosabatlariga, yue - musiqaga, shi - qo‘shiq, she’riyatga, li - rasm-rusum, axloq–odob qoidalariga e’tibor bermaydilar, insonlarni faoliyatsizlikka chaqiradi, ularni maysa, daraxtlar kabi o‘z-o‘zidan o‘saveradi, deb o‘ylaydilar. Daochilarni bir masalada haq deyish mumkin: jamiyat a’zolari va hukmdorlar urush, qirg‘inlar qilmay, hech yomon ish qilmay yashasalar tabiatga yaqinlashadilar.
Konfutsiy buyuk mutafakkir, yorqin shaxs sifatida davlat boshqaruvida qatnashmayotgan, mansabi yo‘q ziyoli bo‘lsa ham xalqning ma’naviyatini, tarixiy, milliy ongini yuksaltirishda imperator (Osmon o‘g‘li)dan ham mavqei baland ekanligini isbotlaydi. Shu sababli Konfutsiy hikmatlari, g‘oyalari ming yillar davomida barcha xalqlar tomonidan qadrlanadi. Tabiiyki, uning yuksak ma’naviyat va ma’rifatga doir g‘oyalari Xitoy milliy adabiyoti, she’riyati, nasri, dramaturgiyasi taraqqiyoti uchun ham zamin tayyorladi.
“Qadimiy Lun Yuy” (“Suhbatlar va o‘ylar”) kitobida Konfutsiy shaxsiy maktab ochib, shogirdlariga har tomonlama bilim, ma’rifat bergani yoziladi. Uning 22 shogirdi turli ijtimoiy toifalarga mansub edi. Ustoz o‘z maktabiga kiruvchilarni, aslzoda, boy, kambag‘al deb ajratmagan, eng muhimi shogirdlarning yaxshi xulqi, fazilatlariga e’tibor berilgan. “Lun yuy” kitobidagi bir suhbatda Konfutsiy aytadi: “Chin inson katta mansabi yo‘qligidan xafa bo‘lmaydi, balki bu mansabga munosib insoniy fazilatlari etishmasligidan xafa bo‘ladi”11. Bu fikrdan yuqori mansablarga insoniy fazilatlari bor odamlar qo‘yiladi, deb o‘ylash mumkin. Yo‘q, Konfutsiy davrida bunday emas edi. Bu g‘oya keyingi asrlarda konfutsiychilik davlat dini deb qabul qilingan davrlarda amalga oshdi. Yuqori mansabga da’vogarlarni imtihon qilish uchun maxsus jyuri-komissiya tuzilib, unga eng fozil odamlar kiritilgan. Bular da’vogar, nomzodlarni turli fanlarga, davlat tarixi, falsafaga, ritual – marosimlarga doir yuzlab savollar bilan imtihon qilganlar.
“Lun Yuy” kitobida Konfutsiy xalqining milliy an’analari va marosimlariga, madaniyat asoslari sifatida katta e’tibor beradi. Shu kitobda bir shogird bunday xotirlaydi: “Ustoz Tsi (kontsert)ga borganida Shao musiqasini tinglagach, uning taassuroti bilan bir oygacha qanday taom eyayotganini ham bilmay qoldi. Musiqa bu qadar ajoyib, mukammal bo‘lishi mumkinligini bilmas edim”. Konfutsiydek noziktab’ ziyoliga shu qadar kuchli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, bastakor Shaoning iste’dodi shunchalar yuksak ekan-da, degan xulosaga keladi muallif.
Konfutsiy fikricha, madaniyatning asosiy qismini xalqning milliy an’analari, marosimlari li tashkil etadi. Li – ritual, milliy rasm-rusum. Konfutsiy fikricha, milliy an’analardan yana biri – xushmuomalalik, ota-onaga, davlat rahbarlariga hurmat-ehtirom asosiy o‘rin tutishi bu xalqning yuksak madaniyat sohibi ekanligini ko‘rsatadi. Li tushunchasi milliy an’ana, rasm-rusumdan tashqari diniy e’tiqod, yaxshilik va yomonlikni, buyuklik va tubanlikni farqlovchi estetik tushuncha hamdir. Musiqa – yue ham “li”ning tarkibiy qismidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |