Trubadurlar (frans. troubadour – topmoq, ijoq qilmoq, yaratmoq) – XI-XIII asrlar faoliyat olib borgan Janubiy Fransiya shoirlari. Ularning 500 dan ortigʻi asarlarda eslab oʻtilgan boʻlib, 30 tasi ayollardir. T. orasida shahar boylarining va qudratli senorlar saroylarida yashagan ritsarlar ham boʻlgan. Ulardan genuyalik juda boy savdogar Peyre Vidal (1175-1210), shaharlik Folket Marselskiy (1178-1231) larni koʻrsatib oʻtish mumkin. T. poeziyasida ritsarlar muhabbati mavzusi asosiy oʻrin egallagan. Muhabbat T. poeziyasining birdan-bir mavzusi boʻlmagan. Undan tashqari ritsarlarning salib yurishlaridagi jasoratlariga oid 35 ta qoʻshiq mavjud. Shu bilan birga, papaga qarshi, siyosiy boshqaruvni tanqid qiluvchi va boshqa mavzulardagi qoʻshiqlar ham mavjud. Keyingi davrlarda T.ning yangi janr koʻrinishlari shakllanib, ular kanson (muhabbat qoʻshiqlari), alba (tong qoʻshiqlari), tenson (ikki shoirning she’riy diologi), sirventa (siyosiy mavzudagi qoʻshiqlar) va boshqalarni koʻrsatish mumkin. XIII asr boshlaridagi albigoylar urushi natijasida Provans madaniyati va T. san’ati ham barham topadi. Omon qolgan T.ning bir qismi Italiya va Ispaniyaga qochib ketishgan.
Truverlar (frans. trouver – topmoq, yaratmoq) – XII-XIII asrlarda Shimoliy Fransiyada yashagan shoir-qoʻshiqchilar. Ularning san’ati saroylarda shakllangan boʻlib, katta yer egalari va qudratli feodallar bilan bogʻlangan va ularga xizmat qilgan. Ularning yoʻnalishlari orasida xalqchil qoʻshiqlar ham kuylangan. M: ”tikuvchilar qoʻshigʻi”, ”may qoʻshiqlari” va boshqalarni koʻrsatib oʻtish mumkin. Undan tashqari salib yurishlari haqida koʻplab qoʻshiqlar yaratishgan. T. orasida Kono de Betyun va Tibo Shampanskiylar mashhur boʻlgan. XIV asrda mazkur yoʻnalish boshqa yoʻnalishlarga qoʻshilib ketgan.
Tuaz – qadimgi Fransiyada amal qilgan uzunlik oʻlchov birligi. Taxminan 1,949 metrga teng boʻlgan.
Tukinlar – 1382-1387-yillarda Shimoliy Italiyada dehqonlarning feodallarga qarshi qoʻzgʻalonlari ishtirokchilari. T. qoʻzgʻaloni keng koʻlamli boʻlib, butun Pyemontni qamrab olgan va 1387-yilga qadar davom etgan. Ular ogʻir soliqlar va feodallarning ekspluatatsiyasiga qarshi chiqishgan. Ular feodallarning qasrlariga oʻt qoʻyishgan, buzib tashlashgan va ularni oʻldirishgan. Qoʻzgʻalonni feodallar va shaharliklarning birlashgan qoʻshinlari 1387-yilda bostirishga erishgan. Alohida chiqishlar esa yana bir necha yil davom etgan.
“Tulki haqida roman” – fransuz oʻrta asr shaharlari adabiyoti namunalaridan biri. Asar bir qancha mualliflar tomonidan XII-XIII asrlarda yarim asr vaqt davomida yozilgan. Uning asosini ilk oʻrta asrlar davriga xos hayvonlar haqidagi ertaklar tashkil etadi. XII asr oʻrtalaridan boshlab, ertaklar jamlana boshlagan va unga qadimgi Rim va yunon masallari qayta ishlanib, kiritilgan. “T.H.R.” 30 ta qismdan iborat boʻlib, asosan, aqlli tulki – Renarning (ayyor va aqlli shaharlik qiyofasida) badjahl va qonxoʻr boʻri – Izengring (ritsar) va kuchli hamda ahmoq ayiq – Bren (yirik feodal) bilan kurashiga oid voqealar ketma-ketligidan iborat. Tulki har doim arslon – Nobel (qirol) atrofida yurishi bilan eshak (ruhoniy) ustidan kuladi. Shu bilan birga oddiy kishilar xoʻroz, quyon va boshqa hayvonlar qiyofasida berilib, tulki ularga yordam bergan. Asarning XIII asrga oid boshqa qismlarida qirol hokimiyati, yirik feodallar va ruhoniylar kulgi ostiga olingan. XV asrda asarning nemischa varianti yaratilib, “Tulki – Reyneke” (1498) deb nomlangan, 1793-yilda Gyote uni qayta ishlagan.
Turnir – oʻrta asrlar davri Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida ritsarlarning harbiy tayyorgarligini oshirish uchun tashkil qilinadigan musobaqalar. T.larning vatani Fransiya boʻlib, ular XI asr 2-yarmidan boshlab oʻtkazila boshlagan. Birinchi marta T. XI asr 1-yarmida Jofrua de Preyli tomonidan tashkil qilingan. T.lar qirollar, baronlar, yirik senorlar tomonidan alohida bayramlar va boshqa tantanalar sababli tashkil qilingan. Bunday tantanalar qirollarga toj kiydirish, shahzodalarga valiahd maqomini berish, hukmdorlarning toʻy marosimlari, xalqaro shartnomalarni imzolash va shunga oʻxshash boshqa tadbirlar sabab tashkil qilingan. T. maydoni toʻrtburchak shaklda boʻlib, maydon odatda katta shaharlar yaqinidan qurilgan. Unda ritsarlar uchun chodirlar, tomoshabinlar uchun oʻrindiqlar mavjud boʻlgan. XIII asrda ritsarlar T.da ishtirok etishi uchun oʻzining 4 ta avlodi ozod kishilar boʻlganligini isbotlashi kerak boʻlgan. T.lar paytida ritsarlarning gerblari maxsus kitoblar orqali tekshirilgan. Dastlabki paytlarda gʻolib ritsarlarga uning raqiblari asir sifatida berilgan va asirlar oʻz ozodligini ritsarga toʻlov toʻlash orqali sotib olishgan. Keyinroq T.larda ogʻir yaradorlar va oʻlganlar sonining ortib borishi natijasida papa va cherkov T.larni taqiqlab qoʻya boshlagan. Ammo T.lar baribir oʻtkazilishda davom etgan. XVI asrda miltiqlarga ega boʻlgan piyoda qoʻshinlarning vujudga kelishi natijasida ritsarlarning mavqei tushib ketadi va shu sabab T.lar ham toʻxtatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |