"Jome’ (Bibixonim) masjidi". 1399 yilning bahori. Movarounnahrning qir-adirlari ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangan davrda poytaxt Samarqandga xushxabar keldi. Sohibqiron Hindiston g‘azovatidan ulkan zafar bilan qaytmoqda. Ustiga o‘ljalar ortilgan son-sanoqsiz tuyalar, otlar va 95 fildan iborat karvon poytaxt tomonga siljimoqda. Samarqandda sohibqironni munosib kutib olish uchun katta tayyorgarlik ketmoqda...
Malikalar, amirzodalar va saroy ayonlari hukmdorni qarshilash uchun Amudaryo qirg‘og‘idagi Termizga etib kelganlar.
Amir Temur 29 aprel kuni tantanavor ravishda Samarqandga kirib keladi, shahar xalqi katta shodu-xurramlik bilan hukmdorni olqishlaydi.
Amir Temur Samarqand tuprog‘iga qadam qo‘yishi bilan Hindistonda diliga tukkan: "Mundin salomat qaytib Samarqand borsam, anda masjidi jome’ solg‘ayman" - degan ulug‘ niyatini oshkor qiladi. SHundan so‘ng, yakshanba kuni ramazon oyining to‘rtida (1399 yilning 11 mayi kuni), saodatli soatda ustalar qurilishga tamal toshini qo‘yadilar. SHu tariqa qurilish ishlari boshlanib ketdi, bu ishga Fors, Ozarboyjon va Hindistondan keltirilgan ustalar, toshtaroshlar jalb qilindilar. Hindistondan o‘lja sifatida keltirilgan 95 fil esa tog‘lardan tosh keltirishga safarbar etildi. Amirzodlar va amirlar ham bu ishga jalb qilinib, ularning har biriga vazifalar yuklatildi. Qurilishning borishini shaxsan Amir Temurning o‘zi nazorat qilib turdi, davlat ishlarini ham Bibixonim madrasasida turib boshqardi. Oradan uncha ko‘p vaqt o‘tmay davlatning g‘arbiy hududlarida yuzaga kelgan vaziyat sohibqironni yana egarga o‘tirishga majbur qildi. Qurilish ishlari sohibqironning kuzatishlarisiz davom ettirildi. Oradan qariyib besh yil o‘tgach, Amir Temur Arab mamlakatlari va Turkiya tuprog‘ida olib borilgan zafarli yurishlaridan so‘ng, 1404 yilning yoz oylarida poytaxtga qaytib keladi. Sohibqiron kelishi bilan masjidni borib ko‘radi va undan ko‘ngli to‘lmadi. Negaki, masjidning eshigi uning qarshisidagi Bibixonim madrasasining eshigiga nisbatan ancha past bo‘lgan edi. Bunday o‘zboshimchalikdan qahri kelgan Amir Temur, ish boshilar Xoja Mahmud Dovut va Muhammad Jildlarni dorga tortdirdi. Eshikni buzib qaytadan ulug‘vor qilib ko‘tarishga farmon berdi.
Amir Temur Xitoyga yurishdan oldin Jome’ masjid qurilishini batamom yakunlamoqchi edi, shuning uchun eshikni qayta qurish kecha-yu kunduz davom etdirildi. Masjid qurilishi yakunlanib, sohibqiron istagan holatga kelgach u qurilishda ishtirok etganlarni siyladi va sovg‘a -salomlar ulashdi.
Tarixchilarning yozishlaricha, Amir Temur tomonidan barpo qilingan bu ulug‘vor masjid Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, uning to‘rt burchagida to‘rtta baland minora barpo qilingan.
Masjidga namoz o‘qishga keladigan musulmonlar yomg‘ir va qorlardan ozor chekmasliklari uchun, uning hovlisini to‘rt tomoniga yopiq shiyponlar qurilgan. SHiyponlarni shipini toshlardan yo‘nilgan to‘rt yuz sakson ustun ko‘tarib turgan. Tarixchi SHarafiddin Ali YAzdiy masjidga ta’rif berar ekan; "Agarda osmon gumbazi uning takrori bo‘lmaganda uning gumbazi yagona bo‘lur edi, agarda Somon yo‘li uning o‘xshashi bo‘lmaganida, uning peshtog‘i tanho bo‘lur edi" - deb yozgan edi.
Masjidning gumbazi xuddi Samarqand osmonidek moviy koshinlar bilan qoplangan, ichki tomoni esa oltin suvi yugurtirilgan, rang-barang, nafis naqshlar bilan bezatilgan. SHuningdek, masjid devorlariga Qur’ondan suralar bitilgan. Masjidning Qibla tomonida jimjimador qilib bezatilgan minbar o‘rnatilgan. Gumbazning shiftiga esa qimmatbaho qandillar osilgan. Masjidning ichidagi Marmar Lavhda Xalifa Usmon Quroni qo‘yilgan, uning yonida esa har xil muqaddas kitoblar turgan.
Masjidning darvozasiga esa etti xil ma’dan qorishmasidan yasalgan eshik o‘rnatilgan. Tarixchilarning yozishlaricha, sahar payti masjidning eshiklari ochilganda o‘ziga xos ovoz taralgan va buni eshitgan musulmonlar masjidga shoshilganlar. Katta mahorat bilan yasalgan bu eshikni 1740 yili Nodirshoh Eronga olib ketgan, so‘ngra yana o‘z joyiga qaytarib yuborgan edi. Tarixchi N. Xanыkovning yozishicha, Buxoro amiri Haydar bu eshikni eritib undan tanga zarb qilishni buyurgan.
Sohibqiron Amir Temur tomonidan barpo qilingan bu ulug‘vor masjid ko‘pgina voqealarning guvohi bo‘lgan. Aynan bu masjidda sohibqirondan so‘ng taxtga o‘tirgan Xalil Sulton nomiga, so‘ngra Mirzo SHohruh nomiga, uning o‘limidan keyin esa ulug‘ munajjim Mirzo Ulug‘bek nomiga xutba o‘qilgan edi. 1510 yili SHayboniyxonning o‘limidan so‘ng esa bu masjidda, Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton begimning o‘g‘li Suyunchxo‘jaxon nomiga qasamyod qilingan edi. Asta-sekinlik bilan Jome’ Masjid vayronalikka uchradi, ammo batamom tashlandiq holatga kelmadi, negaki, XVIII asrning 70-yillarida ham bu erda musulmonlar namoz o‘qishni kanda qilmaganlar.
Amir Temur tomonidan barpo qilingan ushbu masjid xalq orasida ko‘pincha Bibixonim masjidi, deb ham yuritiladi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar, qanday sabablar tufayli ushbu masjid Bibixonim nomi bilan atalib ketganligiga qiziqib ko‘rganlar. Bu borada ikki xil fikr mavjud. Birinchi fikr shulki, Amir Temur besh yillik g‘arb yurishiga ketayotgan paytida Jome’ Masjid qurilishi hali tugallanmagan edi. YUrishga ketgan sohibqiron o‘rniga uning xotini Bibixonim rahbarlik qilib qurilishni oxiriga etkazgan. SHu sababli masjid suyukli malika Saroymulkxonim-Bibixonim nomi bilan atalib ketgandir. Ikkinchi fikrga ko‘ra, Jome’ masjidning qarama-qarshi tomonida Bibixonimning mablag‘iga qurilgan hashamatli madrasa bo‘lgan, bu erda ko‘plab talabalar tahsil olganlar. Vaqt o‘tishi bilan bu madrasa vayron bo‘lib uning nomi Jome’ masjidga o‘tgan. Har ikki fikrda ham tarixiy asoslar bordir. SHuningdek, masjid qurilishi bilan bog‘liq har xil rivoyatlar ham mavjuddir. Rivoyatlardan birida aytilishicha, Bibixonim Amir Temur uzoq safardan qaytgunicha qurilishni bitirib sohibqironni xursand qilmoqchi bo‘libdi va bu istagini bosh memorga bildiribdi. Navqiron memor go‘zal Bibixonimga oshiq bo‘lib yurar, ammo, bu haqda, og‘iz ochishga jur’at qila olmas ekan. Memorning ishq-dardi shu darajada ortib boribdiki, uni izhor qilmaslikni chorasini topa olmabdi, Bibixonimning qurilishni tezlashtirish haqidagi iltimosi ayni muddao bo‘libdi. Memor xonimning kanizagiga: - Agarda bekang bir o‘pich berishga rozi bo‘lsa qurilishni qisqa vaqtda yakunlayman- deb aytishga jur’at qilibdi. Kanizagidan memorning istagini eshitgan Bibixonim, qirqta tuxumni har xil rangga bo‘yab, memorga tushlikka olib borishni buyuribdi. Kechga tomon qurilish ishlarni kuzatishga borgan Bibixonim, bosh memor bilan salom-alik qilgach, undan tushlikka qanday ovqat eganligini so‘rabdi. Etti qavat pardaning ostidan ham go‘zalligi balqib turgan Bibixonimga qarab memor: - Kimdir erinmasdan tuxumlarni bo‘yab, pishirib menga yuboribdi, tuxumlar har xil bo‘lsa ham ta’mi bir xil ekan-deb javob beribdi. SHunda malika nozik tovush bilan - Biz ayollar ham har xil ko‘rinishda bo‘lsak-da, ta’mimiz bir xildir-debdi. Bosh memor hamma narsani anglabdi-yu ammo qurilish sur’atini yanada oshiribdi. Lekin sohibqironning poytaxtga kelishiga qisqa vaqt qolibdi. Amir Temur katta tantana bilan shaharga yaqinlashayotganida masjidning gumbazini tepa qismi bitmagan ekan, xolos. Ammo, Bibixonim men unga aytgan gapni eriga aytsa holim nima kechadi-deya cho‘chigan memor qanot yasab gumbazning ustidan uchib ketibdi. SHu tufayli, masjid gumbazning eng tepasidagi ozgina joyi chala qolgan emish. Albatta, bu bir rivoyatdir, uni xalq Bibixonimning go‘zalligi va farosatiga tan berib to‘qib chiqargandir. XIX asrning ikkinchi yarimiga kelib, ya’ni, chorizm istilosi davrida Jome’ masjidi juda xarob ahvolga tushdi. Bu erda saqlanadigan xalifa Usmon Qur’oni ham aloqachonlar Go‘ri Amir maqbarasiga ko‘chirilgan edi.
1875 yili rus amaldorlari, Mirzo Ulug‘bek tomonidan masjidning ichiga o‘rnatilgan marmar lavhni hovliga chiqarib o‘rnatadilar. Arxeolog M.E.Masson, ushbu lavhu bilan bog‘liq bir voqeani yozib qoldirgan. Uning yozishicha, o‘sha vaqtda Samarqand xalqi orasida, ruslar lavhni masjiddan shahar qal’asiga olib bormoqchi bo‘lganlarida 10 ta ot ham uni joyidan qimirlata olmabdi, uzoq davom etgan harakat natija bermagach ular fikrlaridan qaytishib hovliga chiqarib o‘rnatmoqchi bo‘lganlarida bitta ot bemalol tortib ketibdi - degan gap tarqalgandir. Ushbu lavh hozirda ham masjidning hovlisida turibdi. YAqin-yaqinlargacha farzandsiz ayollar va og‘ir bemorlar uning tagidan etti marta u yoqdan bu yoqqa o‘tganlarida dardlariga shifo topganliklari aytiladi.
Sohibqiron Amir Temur tomonidan barpo qilingan ushbu masjid hozirgi holatida ham g‘oyatda ulug‘vor ko‘rinadi. Bu obida barcha-barcha uchun muqaddas ziyoratgohga aylangandir. Negaki, bu erda 600 yillar davomida ne-ne ulug‘ insonlar boshlarini sajdaga qo‘yib, Allohga ibodat qilganlar, ruhiy poklanganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |