Oqsaroy. Bu nom jaranglaganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Amir Temur tomonidan SHahrisabzda bunyod qilingan ulug‘vor, mahobatli saroy keladi. Ammo ko‘pchilik xuddi shu nom bilan ataluvchi yana bir yodgorlik Samarqandda ham borligini bilmaydi. YAqin-yaqinlargacha zamonaviy uylar qurshovida qolib kelgan yodgorlik, mashhur Go‘ri Amir maqbarasining yaqinginasida, uning sharqiy tomonida kamtaringina mung‘ayib turibdi.
To‘rtburchak shaklli, pastki qismida usti yopiq sag‘anaga ega, nihoyatda chiroyli gumbazli bu yodgorlikning taqdiri juda ayanchli bo‘lgan. XIX-XX asrlarda bu yodgorlikning atrofida bir necha hovlilar qurilib, Oqsaroyning nurab tushgan g‘ishtlaridan yangi imoratlar bunyod qilingan, uning o‘zi axlatxonaga aylantirilgan edi. XIX asrning oxirlarida Oqsaroyni hattoki, otxonaga aylantirilganligi ma’lumdir. Vohalanki, Oqsaroy o‘z xizmatlari va qadr-qimmati bilan Samarqandagi boshqa yodgorliklardan qolishmaydi.
XIX asrda Samarqandga tashrif buyurgan rus olimlari va sayyohlari uni tomosha qilishib qisqagina ma’lumotlarni yozib qoldirganlar xolos. Oqsaroyni chinakamiga urganish 1924 yildan boshlaganligi ma’lumdir. Bu yodgorlikni har tomonlama o‘rgangan, uni ta’mirlashga va saqlashga g‘amxo‘rlik qilgan arxeolog M.E.Masson, Oqsaroy haqida qiziqarli ma’lumotlarni yozib qoldirgan edi.
Oqsaroy hali o‘rganilmasdan oldin ko‘pchilik bu erga Amir Temurning xotinlaridan biri dafn etilgan, deb hisoblardi. M.E.Massoning bu erda olib borgan tadqiqotlari Oqsaroy bilan bog‘liq ko‘pgina ochilmagan sir - asrorlarni oydinlashtirdi. Tadqiqotchining bu erda olib borgan kuzatishlaridan ma’lum bo‘lishicha, Oqsaroy XIV-XV asrlarda Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida qurilgan, undan maqbara sifatida foydalanilgan.
Tarixiy manbalardan ma’lumki, Amir Temurning suyukli nabirasi, taxt vorisi Muhammad Sulton 29 yoshida kasallanib Turkiyada vafot etgan edi. Nabirasining o‘limidan qattiq qayg‘urgan Amir Temur Qorabog‘dan turib, Samarqandga chopar jo‘natadi va Muhammad Sulton uchun maqbara bunyod etishga farmon beradi. Oradan bir yil o‘tgach Muhammad Sultonning tanasini Sultoniya shahridan olib kelishib Samarqandga, maqbaraga dafn etadilar. Bir necha oy o‘tgach Amir Temur Samarqandga qaytib keladi va nabirasini qabrini ziyorat qiladi. Ispan sayyohi Klavixoning gapiga qaraganda, Amir Temur bu maqbaradan ko‘ngli to‘lmay yangi maqbara qurishga farmon beradi.
M.E. Masson temuriylar davri tarixchilarining, Muhammad Sultonning jasadini madrasaga dafn etdilar, degan xabarlarini, madrasa yonidagi maqbaraga dafn etdilar, deb tushunmoq kerak, deb hisoblaydi. Bu maqbara esa biz tilga olgan Oqsaroydir. Hali Go‘ri Amir maqbarasi bitmasidan oldin, 1405 yilning 18 fevralida Amir Temurning o‘zi ham O‘trorda vafot etadi. Sohibqironning tanasini ham nabirasi Muhammad Sultonning yoniga, ya’ni, Oqsaroyga dafn etadilar. Go‘ri Amir maqbarasi qurib bitkazilganidan so‘ng unga dastlab Mir Sayid Barakani, keyin Amir Temurni, undan esa Muhammad Sultonning jasadini ko‘chirib o‘tkazadilar.
Oqsaroy maqbarasining sag‘anasida qazish ishlarini o‘tkazgan M.E.Massonning yozishicha, bu erda bir paytlar Amir Temur va Muhammad Sultonlar dafn qilingan qabrlarning o‘rinlari juda yaxshi saqlangan. Oradan yillar o‘tib Oqsaroyga boshqa marhumlar dafn etilgan paytlarda ham bu ikki qabr o‘rnini buzishga, yoki bu qabrlarga boshqalarni dafn etishga hech kim jur’at qilmagan. YAngi qazilgan qabrlar sag‘ananing bo‘sh joylarida amalga oshirilgan.
Oqsaroy maqbarasining sag‘anasidagi qabrlarni tekshirish paytida bu erga dafn qilingan jasadlarning birining bosh chanog‘i yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Jasad dafn qilingandan buyon tegilmagan edi. Arxeologlar V.Vyatkin va M.E.Massonlar bu tana padarkush Abdullatifnikidir, degan fikrga keldilar. Ma’lumki, 1449 yilning kuzida otasi Mirzo Ulug‘bekning qonini to‘kdirgan, Abdullatif ham uncha uzoq yashamagan edi. Abdullatifni 1450 yilning bahorida Bobo Husayn Turkistoniy o‘ldirib, uning boshini Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasining peshtog‘iga osib qo‘ygan edi. SHu sababli, bu ikki arxeolog Abdullatif Oqsaroyga boshsiz dafn etilgan, deb hisoblaganlar.
Ushbu maqbaraga Oqsaroy degan nomni berilishi sabablari ham unchalik aniq emas. M.E.Massonning fikricha, hozirgi Oqsaroyning yaqinida shu nomli saroy qurilgan bo‘lishi, so‘ngra bu saroy vayron bo‘lib ketishi tufayli uning nomi ushbu maqbaraga o‘tganligi ehtimoldan xoli emasdir.
Oqsaroy maqbarasi bugungi kunda qayta ta’mirlanmoqda, bu yodgorlik ham Go‘ri Amir maqbarasi kabi barcha sayyohlar uchun muqaddas ziyoratgoh bo‘lib qolishi aniqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |